Skip to content
Home » Chanqoqlik alomati

Chanqoqlik alomati

  • by

“Isroilliklarning tarixi” maqolasida aytilganidek, Qonun isroilliklarga berilgan bo’lsa-da, tarix davomida (Muqaddas Kitob/Injilda yozilgan) ular ko’p bora amrlardan uzoqlashib yashaganlar. “Zabur muqaddimasi” maqolasidan bilamizki, Dovud va Sulaymon (alayhissalom)dan keyingi shohlar, ota- bobolari taqvodor bo‘lganligiga qaramasdan, qabihlikka berilgan edilar. Alloh taolo kop bora Zabur payg‘ambarlarini yuborib, ularni xavfdan ogohlantirgan edi.

Yeremiyo – ogohlantirish payg’ambari

Yeremiyo payg’ambar Zaburning boshqa payg’ambarlariga nisbatan vaqt jadvalida

Yeremiyo paygʻambar shohlar davrining oxirida, Isroilning gunohlari va qonunbuzarliklari avjga chiqqan davrda yashagan (vaqt jadvalida paygʻambarning hayot yillariga qarang). U oʻz kitobida bugungi kunda ham keng tarqalgan gunohlarni sanab oʻtadi, bular: zino, butparastlik, jodugarlik, buzuqlik, adovat, zoʻravonlik, hiyla-nayrang, boylar tomonidan kambagʻallarning ezilishi va boshqalar. Yeremiyo oʻz kitobini Isroil gunohlarini fosh qilishdan boshlab, bu gunohlarni ikki umumiy guruhga boʻladi:

“Mening xalqim ikki gunoh qildi:

Ular Meni — hayotbaxsh suv bulogʻini tark etdilar.

Oʻzlari uchun sardobalar qazidilar,

Suvni ushlab turolmaydigan yoriq sardobalar qurdilar.”

Yeremiyo 2:13

Bu yerda paygʻambar gunohning mohiyatini tasvirlash uchun majoz, ishlatadi. Alloh taolo (paygʻambar orqali) Uning xalqini tashnalik qiynayotganini aytdi. Chanqoqlikda ayb yoʻq – faqat toza buloqdan ichish kerak. Har qanday chanqoqni qondiradigan tirik suv manbai – Allohning Oʻzi edi. Ammo Isroil xalqi Alloh oldiga kelib, chanqoqni qondirish oʻrniga, suv ushlab turolmaydigan sardobalar qazishdi. Chanqoq qonmadi. Boshqacha aytganda, Isroilning gunohi shundan iborat ediki, u Allohdan yuz oʻgirib, chanqogʻini qondirish maqsadida boshqa narsalarga yuz burdi. Ammo barchasi behuda – chanqoqlik qoldi. Gunoh kosasi ichildi, ammo isroilliklar talabi qonmadi. Faqat Alloh endi ular bilan emas edi. Ular bilan yoriq sardobalar qoldi – gunoh tufayli kelib chiqqan muammolar va qaygʻu-alamlar qoldi.

Sulaymonning hikmatlari bizning “Yoriq sardobalar”ga moyilligimizni fosh qiladi

Sulaymon (alayhissalom) yoriq hovuz nima ekanligini o‘z tajribasidan bilib, bu haqda juda yaxshi gapirgan edi. “Allohga itoatda olgan hikmatim” maqolasida Sulaymonning chuqur ta’sirga ega hikmatlari haqida o’qigan edik. Sulaymonning hayotini ko’ngli tusagan hamma narsaga to’la bo‘lgan, ammo bu uning qalb chanqog‘ini qondira olmagan. Atrofimizni qurshab olgan sanoqsiz yoriq hovuzlardan ichishga urinishlar haqida Sulaymon shunday gapiradi:

“Men, Voiz, Isroil ustidan Quddusda shohman. Oʻzimni donolik bilan izlanishga, mana shu dunyoda boʻlayotgan hamma ishlarni tushunishga bagʻishladim. Men bu dunyoda boʻlayotgan hamma narsani koʻrdim, qaranglar, hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan. Oʻzimga shunday dedim: “Mana, men buyuk boʻlib, donolikda mendan oldin Quddusda hukmronlik qilganlarning hammasidan oʻzib ketdim. Koʻp donolik orttirdim, ilmu maʼrifatni yaxshilab oʻrgandim.” Donolik va ilm–maʼrifatning foydasi telbalik va ahmoqlikdan ustunligini anglab yetishga oʻzimni bagʻishladim, ammo bu ham shamolning orqasidan quvishday ekanligini tushundim. Men, Voiz, oʻzimga: “Qani, rohatlanib, bir maza qilay–chi”, — dedim, lekin bu ham behuda ekan. “Kulgi telbalik ekan, rohat qanday foyda keltiradi?” — dedim. Donolik meni boshqarar ekan, koʻnglimni sharob bilan chogʻ qilib koʻray–chi deb, ahmoqlikka oʻz bagʻrimni ochdim. Bu dunyoda odamlar oʻz qisqa hayotlari davomida qanday ish qilsalar ularga foyda kelishini bilmoqchi boʻldim. Buyuk ishlar qildim: oʻzimga uylar qurdim, uzumzorlar barpo qildim, polizlar va bogʻlar yaratdim, u yerlarga har xil mevali daraxtlar ekdim. Oʻsayotgan daraxtlarni sugʻorish uchun hovuzlar qazdirdim. Oʻzim uchun qullar va choʻrilar sotib oldim, uyimda qul–choʻrilar tugʻilib, ularning soni ortib boraverdi. Podalarim shunchalik koʻp ediki, Quddusda mendan oldin yashagan hech kimda bunchalik koʻp mol–qoʻy boʻlmagan. Oʻzim uchun kumushu oltin, shohlarga loyiq ajoyib boyliklardan yigʻdim, juda koʻp yerlarga ega boʻldim. Ayol va erkak qoʻshiqchilar menga xizmat qilishar edi, menga zavq keltiradigan haramim ham katta edi. Men buyuk boʻlib, buyuklikda Quddusda mendan oldin yashaganlarning hammasidan oʻtdim. Donoligim menga pand bermadi. Oʻzim xohlagan hamma narsani oldim, koʻnglim istaganini qildim. Qilgan har bir ishimdan jonim rohatlandi, bu qilgan mehnatlarim evaziga kelgan mukofot edi. Ammo qarasam, oʻz qoʻllarim bilan qilgan ishlarim, qilgan hamma mehnatim — bularning hammasi behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan. Bu dunyoda birorta foydali narsa topilmasligini bildim.”

Voiz 1-2

Sulaymon hikmatlari va Yeremiyoning ogohlantirishi biz uchun yozilgan. Ular ayniqsa biz uchun, farovonlik, oʻyin-kulgi, kino, musiqa va cheksiz hursandchilik imkoniyatlari asrida yashayotganlar uchun dolzarbdir. Zamonaviy jamiyat tarixda boʻlgan barcha jamiyatlardan boyligi va bilim saviyasi bilan keskin ajralib turadi. Biz dunyo boʻylab sayohat qilamiz, oʻzimizni xushnud qilishni bilamiz, oʻz baxtimizni oʻzimiz quramiz, atrofimizni eng yangi texnologiyalar bilan oʻrab olamiz. Ammo inson mana shu ovoragarchilikka va umuman, dunyo taklif qilayotgan hamma narsaga: pornografiyaga, nikohdan tashqari munosabatlarga, giyohvandlik, ichkilikbozlik, ochkoʻzlik, pulparastlik, gʻazab, rashk va boshqa illatlarga shoʻngʻib ketishi qanchalar oson. Bu bilan inson oʻz chanqogʻini, tashnaligini qondirmoqchi boʻladi. Tavrotdan va barcha paygʻambarlar soʻzlaridan bu ishlar gunohligini bilamiz, lekin bular yurak chanqogʻini qondirishiga yashirincha umid bogʻlab, oʻsha illatlar ketidan yuguramiz. Shoh Sulaymon, Yeremiyo va boshqa paygʻambarlar davrida ham shunday boʻlgan. Biz bugun ham xuddi shu holatga guvoh boʻlyapmiz.

Yeremiyo va Sulaymon orqali yuborilgan Allohning ogohlantirishlari bizni o’zimizga bitta savol berishga undaydi.

  • Nima sababdan farovonlik davrida biz depressiya, o’z joniga qasd qilish, ortiqcha vazn, ajrashish, hasad, rashk, nafrat, pornografiya, giyohvandlik va boshqa qator ofatlardan azob chekamiz?
  • Chanqog’ingizni qondirish uchun qaysi suv manbalariga murojaat qilasiz? Ular suvni ushlab turadimi?
  • Shoh Sulaymonning donoligiga ega bo‘la olasizmi, shunday buyuk ishlarni amalga oshira olasizmi? Agar dono Sulaymonning izlanishlardagi yutuqlari uni mamnun qilmagan bo’lsa, qanday qilib biz yaxshiroq natijaga umid qilamiz?

Gunoh – faqatgina amrlardan og’ish emas, bu yerda boshqa narsalar ham bor. Biz bunga e’tibor berishimiz kerak. Gunoh – chanqoqlik belgisidir. Bu tashnalikni o‘zimizda ko‘rishimiz bilanoq, biz donolikka erishdik. Alloh taolo bu ogohlantirishlarning barchasini Zaburga kiritishdan mamnun bo’ldi. Chunki U bizning chanqog’imizni biladi va biz ham bu haqda bilishimizni U xohlaydi. Alloh bizning tashnaligimizni qondiradi. U buni amalga oshirishni juda istaydi. Bu haqda Alloh bashoratli va’da beradi, va yana Yeremiyo payg’ambar orqali. Ammo bu haqda keyingi maqolada batafsilroq so’zlashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *