Skip to content
Home » Yahyo payg’ambar yo‘l hozirlaydi

Yahyo payg’ambar yo‘l hozirlaydi

  • by

 “An’om” surasi (6 sura “Chorva”) tavba qilishni buyuradi. Matnda shunday deyilgan:

“Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: “Sizlarga salom (salomatlik)! Rabbingiz rahmat (qilish)ni O’ziga yozdi: sizlardan kimki johillikda yomonlik (gunoh ish) qilgan bo’lib, so’ngra o’sha (gunohi)dan keyin tavba qilib, (o’zini) isloh etsa, bas, albatta, U kechirimli va rahmlidir.”

An’om surasi 6:54

Tavba qilish nimani anglatadi? Hud surasining (11 sura) bir necha oyatlari shu mavzuga bag‘ishlangan:

“(Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag’firat (kechirim) so’rangizlar, so’ngra Unga tavba qilingizlar, shunda (U) sizlarni ma’lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O’z fazlini ato etur. Agar yuz o’girsangizlar, bas, men sizlarga Ulug’ kun (qiyomat) azobi (yetishi)dan qo’rqaman.”

Hud surasi 11:3

“Ey, qavmim! Rabbingizdan mag’firat (kechirim) so’rangiz, so’ngra Unga tavba qilingiz, shunda U osmondan (yomg’ir) yog’dirar va quvvatingizga quvvat qo’shar. Jinoyatchi bo’lib ketmangizlar!”

Hud surasi 11:52

“Samud (qabilasiga) birodarlari Solihni (payg’ambar etib yubordik). (U) aytdi: Ey, qavmim! Allohga sig’iningizlar! Sizlar uchun Undan o’zga iloh yo’q. U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi. Bas, Undan kechirim so’rangizlar, so’ngra Unga tavba etingizlar! Albatta, Rabbim yaqin va (duolarni) ijobat etuvchidir.”

Hud surasi 11:61

“Rabbingizdan mag’firat (kechirim) so’rangiz, so’ngra Unga tavba qilingiz! Albatta, Rabbim rahmli va do’stlashuvchi zotdir.”

Hud surasi 11:90

Tavba – gunohlarga iqror boʻlib, Alloxga murojaat etishdir. Yahyo paygʻambar tavba haqida koʻp gapirgan. Keling, Injildagi shu mavzuga tegishli parchani oʻqib chiqaylik.

Zabur Malaki payg’ambarning kitobi bilan yakunlandi. U “Rabbiyga yo’l hozirlaydigan” elchi kelishini bashorat qilgan edi. (Mal. 3:1). Injil esa bosh farishta Jabroilning tug’ilishi kerak bo’lgan ikki chaqaloq haqidagi habaridan boshlanganini yuqorida aytib o’tgan edik.

Yahyo (alayhissalom) Ilyos payg‘ambarning ruhi va qudratida kelgan

Injilda aytiladiki, Yahyo (Yahyo suvga cho’mdiruvchi) tug’ilganidan keyin:

“Bola ulgʻayib, ruhan kuchaydi. Isroil xalqiga xizmat qiladigan vaqti kelmaguncha, choʻlda yashadi.Bola o’sib, ruhi kuchli bo’lib, Isroilga paydo bo’lgunga qadar sahroda edi.”

Luqo 1:80

U sahroda yashagan. Xushxabarda shunday deyiladi:

“Yahyo tuya junidan toʻqilgan kiyim kiyib, charm kamar taqib yurardi. Uning yeguligi chigirtka va yovvoyi asal edi.”

Matto 3:4

Yahyo (alayhissalom) ruhan kuchli edi – u juldur kiyim kiyishdan va yerdan ovqat terishdan uyalmasdi. Ammo bunday hayot tarzining sababi faqatgina ruh kuchi boʻlmagan. Bu bashoratli belgi edi. Zabur oxirida va’da qilingan jarchi “Ilyosning ruhi va qudratida” kelishi aytilgan edi. Ilyos alayhissalom Zabur paygʻambari edi, u ham sahroda yashagan, u ham sahroning arzimas neʼmatlarini yeb, teridan kiyim kiygan edi:

“U odam jundan toʻqilgan kiyim kiygan ekan, beliga charm kamar bogʻlab olibdi”

4 Shohlar 1:8

Yahyo alayhissalomning sahroda yashab, hayvon terisidan kiyim kiyib yurishi, uning vaʼda qilingan jarchi ekanidan dalolat berar edi. Aynan u Ilyosning ruhida va qudratida kelishi kerak edi. Uning kiyimi, ovqati va turmush tarzi Allohning qadimiy rejasini amalga oshirish uchun kelganiga ishora edi.

Injil – tarixiy hujjat

Injilda shunday deyilgan:

“Qaysar Tiberiy hukmronligining oʻn beshinchi yili edi. Yahudiya viloyatida Poʻntiy Pilat hokim edi. Jalila hududida Hirod, Itureya bilan Traxonitis hududlarida Hirodning ukasi Filip, Avilina hududida Lisaniyas hukmronlik qilar, Xanan va Kayafas esa oliy ruhoniy edilar.

Oʻsha vaqtda choʻlda yashayotgan Zakariyoning oʻgʻli Yahyoga Xudoning soʻzi keldi.”

Luqo 3:1-2

Shu tarixiy dalillar Yahyo choʻmdiruvchining xizmati boshlanishi bilan bogʻliqdir. Yahyo paygʻambarning xizmati koʻplab mashhur tarixiy hukmdorlar davrida boshlangan edi. Bu yerda qancha hukmdor tilga olinganiga eʼtibor bering. Bu dalillarning barchasi bizga xushxabar hikoyalari tarix jihatdan aniq ekanini tekshirish imkonini beradi. Bizga yahudiy va dunyoviy manbalardan maʼlumki, tarixda Qaysar Tiberiy, Poʻntiy Pilat, Hirod, Filip, Lisaniyas, Xanan va Kayafas ismli insonlar haqiqatan boʻlgan. Hatto hukmdorlarning unvonlari ham ishonchli tarixiy asosga ega. Bu shuni koʻrsatadiki, hatto tarixiy nuqtai nazardan, biz ishonchli matnlar bilan shugʻullanyapmiz.

Qaysar Tiberiy milodiy 14-yilida Rim taxtiga oʻtirdi. Agar bu Tiberiy hukmronligining 15- yili bo’lsa, demak, Yahyo payg’ambarga eramizning 29-yillarida Xudoning vahiylari kela boshlagan edi.

Yahyoning va’zi: Tavba qilinglar va gunohlaringizni tan olinglar

Bu va’z nima haqida? Yahyoning va’zi hayoti kabi soddadir. Uning so’zlari aniq va ishonchli. Injilda aytiladi:

“Oʻsha kunlarda Yahyo choʻmdiruvchi Yahudiya choʻlida vaʼz qila boshladi. U odamlarga: Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashdi! deb aytardi.”

Matto 3:1-2

Bu va’z bitta haqiqatni e’lon qilishga asoslangan edi – “Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi”. Zabur payg‘ambarlari Yahyo alayhissalomdan ancha oldin Xudoning Shohligi kelishini e’lon qilganlarini aytgan edik. Yahyo (alayhissalom) aniq bir xabar bilan keldi – Xudoning Shohligi eshik oldida.

Ammo xalq tavba qilmasa, Shohlikning kelishiga tayyor boʻlmaydi. Bundan tashqari, agar ular tavba qilmasalar, bu Shohlikka umuman kirmaydilar. Tavba qilish fikrning oʻzgarishini, oʻzgacha tafakkurga ega boʻlishni, avvalgidan boshqacha fikr yuritishni anglatadi. Lekin aynan nimaga nisbatan “fikr oʻzgarishi” kerak? Yahyo paygʻambarning vaʼziga ikki xil munosabat buni tushunishimizga yordam beradi, ulardan biz tavba nimani anglatishini tushunib olamiz. Injilda aytilishicha, odamlar Yahyoning vaʼzlariga quyidagicha munosabat bildirishgan:

“Ular gunohlarini eʼtirof etishar, Yahyo esa ularni Iordan suviga choʻmdirardi.”

Matto 3:6

Odam Ato alomati haqidagi kitoblar maqolasidan eslaymizki, Odam Ato va Momo Havo taqiqlangan mevani yeganlaridan keyin:

“Ular Parvardigor Egamizning nazaridan qochib, bogʻdagi daraxtlar orasiga yashirindilar.”

Ibtido 3: 8

Oʻshandan beri inson oʻz gunohini yashirib, oʻzini hech qanday yomonlik qilmagandek koʻrsatishni odatiy holga aylantirgan. Gunohlarni tan olish va tavba qilish juda qiyin. “Bokira qiz o‘g‘lining alomati” maqolasida biz hatto Dovud (alayhissalom) va Muhammad (alayhissalom) kabi ulug‘ payg‘ambarlar ham o‘z gunohlariga iqror bo‘lganlarini ko’rdik. Bizga esa bu katta qiyinchilik bilan beriladi, chunki bularning barchasi aybdorlik va uyat hissi bilan bog’liq. Ammo Yahyo (alayhissalom) aynan shu haqida gapirgan: odamlar tavba qilish orqaligina o’zlarini Xudo Shohligining kelishiga tayyorlashlari mumkin.

Yahyo tavba qilishdan bosh tortgan diniy rahbarlarni ogohlantirdi

Din peshvolarining ba’zilari tavba qilishdi, lekin ko’plari haqiqatni rad etdilar va gunohlarini tan olmadilar. Injilda shunday yozilgan:

“Farziy va sadduqiy mazhablaridan boʻlgan koʻp odamlar suvga choʻmdirilish uchun kelayotganlarini Yahyo koʻrib, dedi: “Hoy, ilonlar zoti! Boshingizga kelayotgan Xudo gʻazabidan qochib qutulasiz, deb sizlarga kim uqtirdi? Tavbaga yarasha ish tutinglar! Oʻzingizcha: «Biz Ibrohim naslidanmiz», deb aytishni xayolingizga ham keltirmanglar! Sizlarga shuni aytay: Xudo mana bu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir. Hozirdanoq daraxtlar ildizida bolta yotibdi. Yaxshi meva bermagan har bir daraxt kesilib, olovga tashlanadi.”

Matto 3:7-10

Farziylar va sadduqiylar Muso qonunining o’qituvchilari edi. Ular taqvodor boʻlib, qonunning barcha koʻrsatmalariga (ibodat, roʻza, qurbonliklar keltirish va boshqalar) amal qilishga harakat qilishar edi. Bu odamlar qonunni mukammal bilishlari bilan va din yoʻlidagi gʻayratli harakatlari bilan boshqa odamlardan farqlanardilar. Shu xizmatlari uchun ular Allohning rahmatiga sazovor boʻlishlarida hech kim shubhalanmas edi. Lekin Yahyo paygʻambar ularni “ilonlar zoti” deb atab, Xudoning gʻazabi haqida ularni ogohlantirdi! Nimaga? Chunki ular “tavbaga yarasha ish tutishmadi”, bu belgi inson haqiqatan tavba qilganini koʻrsatadi. Ular gunohlarini tan olmadilar; ular gunohlarini dindorlik pardasi ortiga yashirdilar. Ulugʻ paygʻambar Ibrohim (alayhissalom) nasliga tegishlilik ularni magʻrur va oʻziga ishongan qilib qoʻydi. Bu tegishlilikka amin boʻlishda yomon narsa yoʻq, lekin ular oʻz gunohlarini koʻrishdan va tan olishdan bosh tortdilar.

Dovudning tavbasi barchamiz uchun o’rnak

Xullas, Yahyo paygʻambarning ogohlantirishlari tavba va gunohlarga iqror boʻlish muhim ahamiyatga ega ekanligini aniq koʻrsatib turibdi. Busiz biz Xudoning Shohligiga kira olmaymiz. Farziylar va sadduqiylarga berilgan ogohlantirishda biz gunohlarni din pardasi ortiga yashirish qanchalar oson ekanligini koʻramiz. Ammo bu bizga taalluqlimi? Bularning barchasi biz uchun nasihat, toki biz tavba qilmagan holatda qolib ketmaylik. Gunohni oqlash, oʻzini gunoh qilmagandek koʻrsatish, uni oʻzidan va boshqalardan yashirish achinarli natijaga sabab boʻladi. Paygʻambar tomonidan fosh qilinib, gunohiga tavba qilgan Dovud (alayhissalom)dan oʻrnak olish yaxshiroqdir:

“Rahm qilgin menga, ey Xudo,

Sodiq sevging, cheksiz shafqating ila

Itoatsizligimni olib tashlagin.

Yuvib tashla barcha ayblarimni,

Poklagin gunohlarimdan.

Ha, oʻzimning itoatsizligimni bilaman,

Gunohim turar koʻz oʻngimda mudom.

Senga, yolgʻiz Senga qarshi gunoh qilganman,

Sening oldingda qabihliklarga qoʻl urganman,

Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan,

Aybimni fosh etganingda doimo toʻgʻri boʻlib chiqasan.

Mana, gunohkor boʻlib tugʻilganman,

Onam qornidayoq gunohkor edim.

Biroq Sen samimiy, pok qalbni istaysan,

Asl donolikni Oʻzing menga oʻrgatgin.

Pokla meni issop oʻti ila, toza boʻlayin,

Yuvgin meni, qordan ham oq boʻlayin.

Yana eshitay shodlik, quvonch xabarin,

Sen ezgan suyaklarim yana quvonsin.

Gunohlarimdan chetga ol koʻzlaringni,

Olib tashla ayblarimni.

Ey Xudo, menda toza yurak yaratgin,

Sodiq qalbni menga yana bir bor bergin.

Huzuringdan meni uloqtirib tashlama,

Muqaddas Ruhingni mendan olma.

Najoting shodligini menga qaytargin,

Itoat etishga menda istak uygʻotgin.”

Zabur 50:3–14

Tavbaga yarasha ish tutish

Gunohlarni tan olish va tavba qilish bilan yangi hayot umidi keladi. Odamlar Yahyo paygʻambardan tavbaga yarasha ish tutish uchun nima qilish kerakligini soʻrashdi. Injilda shunday deyilgan:

“Olomon Yahyodan soʻradi:

— Unday boʻlsa, biz nima qilishimiz kerak?

U javob berib, dedi:

— Kimning ikkita koʻylagi boʻlsa, birini koʻylagi boʻlmagan odamga bersin. Kimning oziq–ovqati boʻlsa, u ham ovqati yoʻqlar bilan boʻlishsin.

Soliqchilardan baʼzilari ham suvga choʻmdirilish uchun kelib, Yahyodan:

— Ustoz, biz nima qilishimiz kerak? — deb soʻrashdi. Yahyo ularga shunday javob berdi:

— Belgilanganidan ortigʻini odamlardan talab qilmanglar.

Baʼzi bir askarlar ham undan:

— Biz–chi?! Biz nima qilishimiz kerak? — deb soʻradilar. Yahyo ularga dedi:

— Birovlarni nohaq ayblab, pul orttirmanglar, maoshingiz bilan qanoatlaninglar.”

Luqo 3:10-14

Yahyo Masih bo’lganmi?

Yahyoning va’zlari shunchalar ta’sirchan bo’lganki, odamlar uni Masih deb o’ylashgan. Injilda o’qiymiz:

“Xalq Masihning kelishini orziqib kutardi. Ular: “Yahyo Masih emasmikin?” degan fikrni koʻngildan oʻtkazishardi. Yahyo ularning hammasiga shunday dedi:

— Men sizlarni suvga choʻmdiryapman. Lekin mendan ham qudratliroq boʻlgan bir Zot ortimdan kelmoqda. Men Uning choriq iplarini yechishga ham arzimayman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va olovga choʻmdiradi. Uning panshaxasi qoʻlida tayyor turibdi. U Oʻz xirmonini shopiradi: bugʻdoyni Oʻz omboriga toʻplab, somonni esa soʻnmas oʻtda yondirib yuboradi.

Yahyo yana koʻp boshqa nasihatlar berib, xalqqa Xushxabarni eʼlon qilardi.”

Luqo 3:15-18

Xulosa

Yahyo alayhissalom inson qalblarini Xudoning Shohligi kelishiga tayyorlash uchun kelgan. Lekin u buni yangi Qonun orqali emas, balki tavba qilishga va gunohlarni tan olishga chaqirish orqali qilgan. Tavba qilish bir qator qonun va qoidalarga rioya qilishdan koʻra qiyinroqdir, chunki bunda inson oʻz uyat va aybini oshkor qilishi kerak. Oʻsha davrdagi din rahbarlari tavba qilib, gunohlarini tan olishmadi. Ular oʻz dinlari orqasiga yashirindilar. Shu sababdan ularning yuraklari Masihni qabul qilishga tayyor emas edi. Ular Xudoning Shohligi haqidagi vaʼzni eshitishga ham tayyorlanmagan boʻlib qoldilar. Yahyoning ogohlantirishi bugungi kunda ham dolzarbdir. U bizni tavba qilishga va gunohlarimizni tan olishga chaqirmoqda. Ammo biz bunga tayyormizmi?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *