Skip to content
Home » Masih o’zini namoyon qiladi va hokimiyat bilan ta’lim beradi

Masih o’zini namoyon qiladi va hokimiyat bilan ta’lim beradi

  • by

 “Alaq” surasida (96-sura “Laxta”) Alloh taolo bizga avval bilmaganlarimizni, yangi narsalarni vahiy qiladi, deyilgan.

“U insonga qalam bilan (yozishni) o’rgatgan zotdir. U insonga bilmagan narsalarini o’rgatdi.”

Alaq surasi 96:4-5

“Rum ” surasida (30-sura “Rimliklar”) Alloh taolo biz bilan payg’ambarlar orqali gapirishi aytilgan, toki biz haqiqiy, samimiy sajda orqali xatolarimizni anglab yetaylik.

“Yoki Biz ularga (osmondan) ularning shirk keltirishlarini (to’g’ri deb) so’zlaydigan biror hujjat nozil qildikmi?!”

Rum surasi 30:35

Paygʻambarlar bizning fikr, soʻz va xatti-harakatdagi notoʻgʻri tushunchalarimizni va aldanishlarimizni Xudo bergan hokimiyat bilan gapirib, fosh qilishar edi. Haqiqiy ustoz Iso Masih biz yanglish fikrlarni rad etishimiz uchun yuraklarimizni fosh qilib, hokimiyat bilan gapirar edi. Quyidagilarga eʼtibor beraylik. Iso hokimiyat alomati bilan – shifo va mo”jizalar bilan keldi.

Shayton (Iblis) vasvasasiga dosh berib, Iso payg’ambarlik xizmati yo’liga tushdi. Injilda Uning eng katta ta’limoti Tog’dagi va’z deb ataladi. Tog’dagi va’zning to’liq matnini bu yerda o’qishingiz mumkin. Quyida ushbu va’zning asosiy fikrlari keltirilgan. Keyin esa Iso Masihning so’zlari bilan Muso payg’ambarning Tavrotdagi bashoratlari o’rtasidagi bog’liqlik haqida gapiriladi.

Iso Masih (alayhissalom) shunday ta’lim berganlar:

“Ajdodlarimizga shunday aytilganini eshitgansizlar: «Qotillik qilma. Qotillik qilgan odam hukm qilinadi.» Lekin Men sizlarga aytaman: oʻz yaqinidan hatto gʻazablangan odam ham hukm qilinadi. Yaqinini haqoratlagan odam oliy mahkamada javob beradi. Yaqiniga: «Ahmoqsan» degan odam esa, doʻzax oloviga tashlanadi.

Shunday ekan, siz ehsoningizni qurbongohga olib kelganingizda, yaqiningiz nimadandir sizdan xafa ekanligi yodingizga tushsa, ehsoningizni qurbongoh oldida qoldiring. Birinchi navbatda borib, yaqiningiz bilan yarashing, keyin kelib, ehsoningizni nazr qiling.

Birov sizni ayblab qozixonaga olib borsa, vaqtni boy bermay, yoʻldayoq ayblovchingiz bilan kelishib oling. Aks holda, ayblovchingiz sizni qozi oldiga olib boradi, qozi esa sizni mirshabga topshiradi. Sizni zindonga tashlashadi. Sizlarga chinini aytay: oxirgi tiyiningizni toʻlamaguningizcha, u yerdan chiqolmaysiz.

Zino haqida

«Zino qilma», — deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytaman: agar siz ayolga shahvat bilan qarasangiz, xayolingizda u bilan zino qilgan boʻlasiz. Bordi–yu, oʻng koʻzingiz gunoh qilishingizga sababchi boʻlsa, uni oʻyib olib, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz doʻzaxga tashlangandan koʻra, aʼzolaringizdan bittasi yoʻq boʻlgani siz uchun yaxshiroqdir. Agar oʻng qoʻlingiz gunoh qilishingizga sababchi boʻlsa, uni kesib tashlab, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz doʻzaxga yoʻliqqandan koʻra, aʼzolaringizdan bittasi yoʻq boʻlgani siz uchun yaxshiroqdir.

Ajralish haqida

Yana deyilganki: «Kim xotini bilan ajrashmoqchi boʻlsa, unga taloq xatini yozib bersin.» Lekin Men sizlarga aytaman: kim bevafolik aybidan boshqa sabab tufayli oʻz xotini bilan ajrashsa, unga zino qilishga sabab topib beradi. Shuningdek, kim ajrashgan xotinga uylansa, zino qilgan boʻladi.

Qasam haqida

Ajdodlarimizga: «Ichgan qasamingdan qaytma. Egamizga bergan vaʼdalaringni bajargin», deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytaman: umuman qasam ichmanglar. «Osmon haqi», deya qasam ichmanglar, chunki osmon Xudoning taxtidir. «Yer haqi», deya qasam ichmanglar, chunki yer Xudoning poyandozidir. «Quddus haqi», deya ham qasam ichmanglar, chunki Quddus buyuk Shohning shahridir. Boshingiz haqi ham qasam ichmanglar, chunki oʻzlaringiz sochingizning bir tolasini ham oq yoki qora qila olmaysiz. Sizlarning soʻzingiz faqat «ha» yoki «yoʻq» boʻlsin. Bundan ortigʻi esa yovuz shaytondandir.

Qasos haqida

Sizlar: «Koʻz evaziga koʻz, tish evaziga tish», — deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytaman: sizga yomonlik qilgan odamga qarshilik koʻrsatmang. Agar kimdir oʻng chakkangizga ursa, unga chapini ham tuting. Kim siz bilan daʼvolashib, koʻylagingizni olmoqchi boʻlsa, unga toʻningizni ham berib yuboring. Birov sizni bir chaqirim yoʻl yurishga majbur qilsa, u bilan birga ikki chaqirim yuring. Sizdan soʻraganga bering, sizdan qarz olmoqchi boʻlgandan yuz oʻgirmang.

Dushmanlarni sevish haqida

«Yaqiningni sevgin, dushmaningdan nafratlan», deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni yaxshi koʻringlar. Sizlarni quvgʻin qilganlar uchun ibodat qilinglar. Shunda siz osmondagi Otangizning farzandlari boʻlasizlar. Chunki U Oʻz quyoshini yovuzlar ustida ham, yaxshilar ustida ham balqitadi, yomgʻirini solihlar ustiga ham, fosiqlar ustiga ham yogʻdiradi. Agar sizni sevganlarnigina yaxshi koʻrsangiz, sizlarga qanday mukofot boʻladi? Axir, soliqchilar ham shunday qilishmaydimi? Agar siz faqat oʻz yaqinlaringiz bilan salomlashsangiz, boshqalardan nima farqingiz qoladi?! Axir, butparastlar ham xuddi shunday qilishmaydimi?! Osmondagi Otangiz barkamol boʻlgani kabi, sizlar ham barkamol boʻlinglar.”

Matto 5:21-48

Masih va Tog’dagi va’z

Masih (alayhissalom) taʼlimotlarining koʻpchiligini shunday boshlar edi: “Ajdodlarimizga shunday aytilganini eshitgansizlar”,… “Lekin Men sizlarga aytaman”. Iso Masih avval Tavrotdan iqtibos keltiradi, soʻng amr asl mohiyatini kengaytirib, insonning yurak maqsadi, fikr va soʻzlariga ishora qiladi. Iso alayhissalom Muso paygʻambar orqali berilgan amrlarning aniq matnini olar edi va bu amrlarning bajarilishini yanada qiyinlashtirardi!

Iso Masih Tavrot amrlarini gʻayrioddiy talqin qilishiga ham eʼtibor bering. U Oʻz nomidan va Oʻz hokimiyati bilan gapiradi!  Masih talqinni “Lekin Men sizlarga aytaman …” soʻzlari bilan boshlab, Tavrot amrining chuqur maʼnosini tushuntiradi. Bu Masih taʼlimotining oʻziga xos belgisidir. Injilda yozilishi boʻyicha, vaʼzdan keyin quyidagi holat kuzatilgan:

“… olomon Uning taʼlimotidan hayratga tushdi. Chunki Iso Tavrot tafsirchilariday emas, balki hokimiyat egasi kabi taʼlim berar edi.”

Matto 7:28-29

Haqiqatan ham, Iso Masih buyuk qudrat egasidek taʼlim berardi. Aksariyat paygʻambarlar Alloh taoloning soʻzlarini yetkazganlar, xolos.  Iso esa oʻzgacha taʼlim berar edi. U bunga haqlimidi? Masih, biz bilamizki, Zaburda bashorat qilingan qul, qaysingaki buyuk hokimiyat beriladi. “Masih” nomi birinchi marta eslatilgan Zaburning ikkinchi sanosida Alloh Masihga shunday so’zlarni aytdi:

“Tila, xalqlarni senga mulk qilib beraman,

Yerning toʻrt tomoni seniki boʻladi.”

Zabur 2:8

Masihga dunyoning chekkasigacha bo’lgan xalqlar ustidan buyuk hokimiyat berilgan. Shunday qilib, Iso Masih hokimiyat bilan gapirishga haqli edi.

Payg’ambar va Tog’dagi va’z

Bu yerda aytib o’tilganidek, Muso alayhissalom Tavrotda hammadan farqli ravishda ta’lim beradigan buyuk payg’ambarning kelishini bashorat qilgan. Mana, Musoning so’zlari:

“Ular uchun oʻz xalqi orasidan senga oʻxshagan bir paygʻambar chiqaraman, Men unga nima aytishni oʻrgataman. Oʻsha paygʻambar bergan amrlarimning hammasini ularga aytadi. U Mening nomimdan gapiradi, unga quloq solmagan odamni Men Oʻzim jazolayman.”

Qonunlar 18:18-19

Iso noodatiy tarzda, hokimiyat bilan taʼlim berib, Masihga berilgan ajoyib huquqni namoyish etar edi. Shu tarzda yuqoridan hokimiyat berilgan oʻzgacha paygʻambar haqidagi Musoning bashorati amalga oshar edi. Iso bir vaqtning oʻzida ham Masih, ham paygʻambar boʻlgan.

Tog’dagi va’z va biz

Agar siz oʻzingizni qanday tutish kerakligini tushunish uchun Togʻdagi vaʼzni oʻqib, sarosimaga tushgan boʻlsangiz ajablanarli emas. Yurakka va uning tubidagi niyatlarga tegishli amrlarni qanday bajarish mumkin? Umuman olganda, nima uchun Iso bu vaʼzni oʻqidi? Javobni Isoning yakuniy soʻzlaridan topamiz.

“Osmondagi Otangiz barkamol boʻlgani kabi, sizlar ham barkamol boʻlinglar.”

Matto 5:48

Eʼtibor bering, bu tavsiya emas, balki amr. U bizdan barkamollikni talab qilyapti! Nimaga asoslanib? Alloxning barkamolligi asosida! Allox barkamol ekan, biz jannatda U bilan birga boʻlishni istasak, biz ham barkamol boʻlishimiz kerak. Biz koʻpincha yaxshi ishlarimiz yomonlaridan koʻp boʻlsa, shuning oʻzi yetarli, deb oʻylaymiz. Agar shunday boʻlsa, agar Alloh bizni shu holatda jannatga kirgizsa, biz bu yerni qanday vayron qilgan boʻlsak, jannatni ham gunohlarimiz bilan shunday vayron qilgan boʻlardik. Nafs, ochkoʻzlik, gʻazab va boshqa gunohlar hayotimizni yakson qiladi. Agar biz nafsimiz, ochkoʻzligimiz va gʻazabimiz bilan jannatga borsak, jannat tezda yer koʻrinishiga ega boʻladi. Yerdagi barcha ofatlar jannatda ham paydo boʻladi.

Haqiqatan ham, Iso taʼlimotining aksariyati tashqi marosimlarga emas, balki qalbning niyatlariga qaratilgan. Mana, Iso yurak niyatlari haqida gapirgan yana bir parcha:

“U yana dedi:

— Insonning ichidan chiqadigan narsalar insonni harom qiladi. Chunki ichdan, yaʼni inson qalbidan yomon fikrlar, fahsh, oʻgʻrilik, qotillik, zino, ochkoʻzlik, fosiqlik, makkorlik, shahvat, hasad, tuhmat, manmanlik va nodonlik chiqadi. Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi.”

Mark 7:20-23

Qalb pokligi juda muhim – aynan u samoviy barkamollikni aks ettiradi. Alloh faqat barkamollarni Oʻzining barkamol jannatiga kiritadi. Bularning barchasi nazariy jihatdan ajoyib yangraydi, ammo bir muammo bor. Agar biz barkamollikdan uzoq boʻlsak, qanday qilib jannatga kira olamiz? Biz barkamol emasmiz, degan fikrning oʻzi tushkunlikka sabab-ku!

Lekin Alloh barkamollikni talab qiladi! Biz “yetarli darajada yaxshi” boʻla olish umidini yoʻqotganimizda, oʻz qilgan ishlarimizga tayanishni toʻxtatamiz va “ruhan kambagʻal” boʻlamiz. Iso Masih Oʻzining mashhur vaʼzining boshida shunday degan:

“Ruhan kambagʻal boʻlganlar baxtlidir,

Chunki Osmon Shohligi ularnikidir.”

Matto 5:3

Donolikning boshi – bu taʼlimot bizga taalluqli emasdek, uni rad etmaslikdadir. Bu taʼlimot biz haqimizda! Allohning meʼyori barkamoldir . Ushbu meʼyorni anglab, unga yeta olmasligimizni tushunganimizda, biz Toʻgʻri Yoʻlga turamiz. Oʻz kuchsizligini tan olish – Toʻgʻri Yoʻlga turishdir. Axir, endi biz yordamni qabul qilishga tayyormiz – biz o’z amallarimizdan umidimizni uzdik.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *