“Sajda” surasida (32-sura Sajda) namoz o‘qiydiganlar va sajda qiluvchilar haqida o‘qiymiz. Shunda ularga mukofot va’da qilingan.
“Ularning qilib o’tgan amallariga mukofot uchun yashirib qo’yilgan ko’zlar quvonchini (oxirat ne’matlarini) hech kim bilmas.”
Sajda surasi 32:17
Ar-Rahmon surasining (55 – Rahmon surasi) 13 oyatdan 77 oyatgacha ketma-ket 31 marta bir savol qaytariladi:
“Bas, (ey, ins va jinlar,) Rabbingizning qaysi ne’matlarini inkor etasizlar?!”
Ar-Rahmon surasi 55:13-77
Solihlarga shunday buyuk quvonchlar vaʼda qilingan ekan, kim Rabbiyning marhamatini rad etadi? Bu telbalik boʻlar edi. Lekin paygʻambar Iso Masih Rabbiyning marhamatini qabul qilmaslik xavfi haqida ogohlantiruvchi bir masal aytdi. Keling, kichik muqaddimadan boshlaylik.
Yuqorida aytib o’tganimizdek, payg’ambar Iso Masih (alayhissalom) shunday hokimiyat bilan gapirar ediki, kasalliklar va hatto tabiat kuchlari Unga bo’ysunar edi. Bundan tashqari, U Xudo Shohligi to’g’risida kop ta’lim bergan. Ba’zi Zabur payg’ambarlari ham kelayotgan Shohlik haqida bashorat qilganlar . Iso ularning bashoratiga izoh berib, bu Shohlik yaqinlashib qolganini aytadi.
Eng avvalo U Tog’dagi va’zida Xudo Shohligining odamlari bir-birlarini qanday sevishlari kerakligini haqida ta’lim beradi. Bu sevgi taʼlimotiga amal qilmaslik oqibatida bugungi kunda dunyoda dahshatlar, adolatsizliklar va ofatlar avj olgan. Xudo Shohligidagi hayot azob-uqubat dunyosidagi hayotdan farq qilishi kerakligi sababli, biz bir-birimizga oʻzgacha munosabatda boʻlishimiz kerak, bir-birimizni sevishimiz kerak.
Ziyofat haqidagi masal
Masih (alayhissalom) taʼlimoti boʻyicha kam odam yashaydi, lekin Xudoning Shohligiga taklif qilinganlar kam degan xulosaga kelish toʻgʻrimi? Yoʻq. Iso al-Masih nikoh ziyofati haqidagi masalni aytib, Shohlikka juda koʻp odamlar taklif qilinganligini koʻrsatdi. Biroq, hammasi biz oʻylagandek yaxshi emas. Injilda shunday yozilgan:
“Dasturxon atrofida oʻtirgan mehmonlardan biri Isoning bu soʻzlarini eshitib, Unga dedi:
— Xudoning Shohligida ziyofat yeydigan kishi baxtlidir!
Iso oʻsha odamga shunday dedi: “Bir odam katta ziyofat tayyorlab, koʻpchilikni taklif etibdi. Ziyofat vaqti boʻlganda:
— Kelinglar, dasturxon tayyor boʻldi, — deb mehmonlarni chaqirgani xizmatkorini yuboribdi. Ammo taklif qilinganlarning hammasi birday uzr soʻray boshlabdilar. Birinchisi unga debdi:
— Men yer sotib olgan edim, oʻsha yerni koʻrgani borishim kerak. Iltimos, meni kechiring.
Boshqasi esa:
— Men besh juft hoʻkiz sotib oldim, ularni sinagani ketyapman. Iltimos, meni kechiring, — debdi. Yana boshqasi:
— Men yangi uylandim, shuning uchun bora olmayman, — debdi.
Xizmatkor qaytib kelib, xoʻjayiniga axborot beribdi. Shunda uy sohibi gʻazablanib, xizmatkoriga buyuribdi:
— Hoziroq shahar koʻchalarini, yoʻlaklarini aylanib chiq. Qashshoq, choʻloq, koʻr va shollarni bu yerga olib kel.
Bir oz vaqtdan keyin xizmatkor shunday deb keldi:
— Xoʻjayin, buyurganlaringizni bajardim, lekin yana boʻsh joy qoldi.
Shunda xoʻjayin xizmatkoriga aytibdi:
— Yoʻllarga, yoʻlaklarga bor, odamlarni koʻndirib olib kel, toki uyim toʻlsin. Sizlarga aytay: taklif qilinganlarning birortasi ham ziyofat taomlaridan aslo totib koʻrmaydi.”
Luqo 14:15–24
Bu masalda biz uchun odatiy boʻlgan fikrlash qobiliyatimiz ketma-ket bir necha marta agʻanaydi. Birinchidan, Alloh taolo Oʻz Shohligiga (uyidagi ziyofatga) koʻp odamni taklif qilmaydi, deb oʻylashimiz mumkin, axir munosiblar kam-ku. Biroq, unday emas. Ziyofatga juda koʻp odamlar taklif qilingan. Shoh (bu masalda Alloh) uyining odamlarga toʻla boʻlishini xohlaydi.
Ishlar gʻayrioddiy tus oladi. Taklif etilganlarning koʻpi kelish istagi yoʻqligini bildiradi. Ular ziyofatga bormaslik uchun turli bahonalar oʻylab topadilar. Bu bahonalar kulgili. Oʻzingiz oʻylab koʻring, hoʻkizlarni dalada sinab koʻrmasdan kim sotib oladi? Dalani har tomonlama sinchiklab tekshirmasdan kim sotib oladi? Bu bahonalar ularning yuragidagi haqiqatni koʻrsatdi – ularga Xudo Shohligining qizigʻi yoʻq. Ularning boshqa qiziqishlari bor edi.
Biz Shohning kelganlar kamligidan gʻazablanishini kutganimizda, yana bir kutilmagan burilish guvohi boʻlamiz. Ziyofatga biz tasavvur qilmagan mehmonlar taklif qilindi: barcha chetlab oʻtilgan, taklifga loyiq boʻlmagan koʻchadagi odamlar, uysiz daydilar, “qashshoq, choʻloq, koʻr va shollar”, boshqalar uchun jirkanch hisoblangan qalangʻi-qasangʻilar taklif qilindi. Bayramga biz tasavvur qilganimizdan ham koʻproq odam taklif qilingan. Shoh Oʻz uyining toʻla boʻlishini xohlaydi, shuning uchun biz hatto ostonaga ham qoʻymaydigan odamlarni taklif qiladi.
Bu odamlar taklifni qabul qilishdi! Ularning boshqa ustuvorliklari yoʻq – hoʻkizlari ham, dalalari ham yoʻq. Ularni hech narsa ziyofatdan chalgʻitmaydi. Xudoning Shohligi odamlarga toʻldi, Shohning irodasi amalga oshdi!
Masih (alayhissalom) bu masalni quyidagi savolni berish uchun aytib berdi: “Agar Xudoning Shohligiga taklifnoma olsangiz, uni qabul qilasizmi?” Yoki boshqa qiziqish va istaklar bu taklifni rad etishga sabab boʻladimi? Haqiqat shundaki, siz chindan ham Shohning ziyofatiga taklif qilingansiz, lekin koʻpchilik bormaslik uchun sabab topmoqda. Odamlar ochiqdan-ochiq “yoʻq” demaydi, lekin xohishi yoʻqligini oqlash uchun bahonalar topadi. Ularning yuragida boshqa narsalarga sevgi kuchliroq boʻlgani sababli taklif rad etiladi. Bu masalda ham rad javobining sababi – ziyofatdan koʻra boshqa narsalarni ustun qoʻyishdir. Chaqirilganlar dunyoni va dunyodagi narsalarni (dalalar, hoʻkizlar, nikoh) Xudoning Shohligidan koʻra koʻproq sevdilar.
Oqlanmagan Imom haqidagi masal
Baʼzilarimiz bu dunyoni va undagi narsalarni Shohlikdan koʻra koʻproq sevamiz va shuning uchun ziyofatga taklifni qabul qilishdan bosh tortamiz. Boshqalar esa oʻzlarining solihliklari va qilgan ishlariga tayanadilar. Paygʻambar Iso Masih (alayhissalom) diniy rahnamo haqidagi yana bir hikoyani misol qilib keltirdi, undagi odamni hozirgi zamon imomiga qiyoslasa boʻladi.
“Oʻzlarining solihligiga ishonib, boshqalarni mensimaydigan baʼzi odamlarga Iso quyidagi masalni aytib berdi: “Ikki odam ibodat qilgani Maʼbadga kirishibdi. Ularning biri farziy, ikkinchisi soliqchi ekan. Farziy oʻrnidan turib, shunday ibodat qilibdi:
— Xudoyim, Oʻzingga shukur! Chunki men boshqalarga oʻxshab oʻgʻri, jinoyatchi, zinokor yoki manavi soliqchiday emasman. Men haftada ikki marta roʻza tutaman. Topganimning oʻndan birini ushr qilib beraman.
Soliqchi boʻlsa uzoqda turib, hatto osmonga ham qarashga botinolmay, koʻkragiga urganicha:
— Yo Xudo, men gunohkorga rahm qil! — deb iltijo qilardi.
Sizga aytaman: farziy emas, mana shu odam oqlanib uyiga qaytdi. Zotan, oʻzini oʻzi yuksaltirgan odam kamsitiladi, oʻzini past olgan odam esa yuksaltiriladi.”
Luqo 18:9–14
Farziy (imomga oʻxshash eʼtiqod ustozi) qonunni mukammal bajarayotganiga ishonchi komil edi, shu sababdan Qodir Xudo oldida oʻzini taqdirlanishga sazovor deb oʻylardi. U roʻza tutish va zakot berishni qonun talabidan ham yuqori darajada ado etardi. Farziy oʻzining solihligiga tayanardi. Bunday takabburlik Allohning va’dasiga ishonib solihlikni qabul qilgan Ibrohim alayhissalom namunasidan to’liq farq qiladi. Soliqchi (oʻsha davrdagi jirkanch kasb) esa kamtarlik bilan Allohdan rahm-shafqat soʻrab duo qilardi. U Xudoning inoyatiga tayanib, “oqlangan holda” uyiga ketdi. Soliqchi Xudo oldida oqlandi, ammo qonunning barcha talablarini bajargandek tuyulgan farziy (imom) gunohlari bilan uyiga qaytdi.
Shuning uchun Iso Masih bizga quyidagi savollar bilan murojaat qiladi: Xudoning Shohligini chindan ham xohlaysizmi yoki bu boshqa qiziqishlaringiz qatori bir qiziqishmi? Oʻzingizning qilgan yaxshi ishlaringizga tayanasizmi yoki Xudoning rahmdilligigami?
Bu savollarni o’zimizga berib, haqqoniy javob berishimiz juda muhim. Aks holda biz Uning keyingi ta’limotini – bizga ichki poklik kerakligini .tushunmaymiz.