Skip to content
Home » Masih (alayhissalom) masallar orqali ta’lim beradilar

Masih (alayhissalom) masallar orqali ta’lim beradilar

  • by

Esingizda bo’lsa, Iso Masih hokimiyat bilan ta’lim bergan. Odamlar bilan gaplashganda, u ko’pincha haqiqatning turli tomonlarini ko’rsatib, ularga hikoyalar aytib berardi. Misol uchun, to’y ziyofati hikoyasi insonning Xudo Shohligiga qanday kirishini ko’rsatadi, shafqatsiz xizmatkor hikoyasi esa kechirimsizlik oqibatini tasvirlaydi. Bu hikoyalar masallar deb ataladi. Iso Masih (alayhissalom) O‘zidan oldingi payg‘ambarlardan ko‘ra ko‘proq masal keltirgan noyob payg‘ambardir. Bu masallar noodatiy.

Ankabut surasida (29-sura – “O’rgimchak”) Alloh taolo masallarni ham aytishi eslatiladi. Unda nima deyilgan:

“Ushbu masallarni Biz odamlar ibrat olishlari uchun ayturmiz. Lekin ularni faqat olimlargina anglagaylar.”

Ankabut surasi 29:43

Ibrohim surasida (14-sura) Alloh taolo bizga daraxt misolini keltiradi.

“Ey, inson, Alloh pok so’zga qanday misol keltirganini ko’rmadingmi?! U so’z xuddi bir yaxshi daraxtga o’xshaydiki, uning ildizi yer ostiga o’rnashgan, shoxlari esa osmondadir.Parvardigorining izni bilan u mudom meva berur. Alloh odamlar eslatma olishlari uchun mana shunday misollarni keltirur. Yomon so’zning misoli esa yer yuzasidan ildizi uzilib qolgan, bir joyda qarori yo’q nopok daraxtga o’xshar.”

Ibrohim surasi 14:24-26

Bir kuni shogirdlar Isodan nega masal bilan ta’lim berganini so’rashdi. Injilda shunday deyiladi:

“Shundan keyin shogirdlar kelib, Isodan soʻradilar:

— Nega odamlarga masallar bilan gapiryapsiz?

U shunday javob berdi: “Osmon Shohligining sirlarini bilish ularga emas, sizlarga berilgan. Zero, kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi va unda moʻl–koʻlchilik boʻladi. Ammo kimda yoʻq boʻlsa, bori ham tortib olinadi. Odamlarga masallar bilan gapirayotganimning sababi shuki, ular qarab turib koʻrmaydilar, quloq solib turib, eshitmaydilar va anglamaydilar.”

Mattо 13:10-13

Ushbu parchadagi oxirgi jumla miloddan avvalgi 700-yillarda yashagan va qalblarning qotib qolish xavfidan ogohlantirgan Ishayo (alayhissalom) ning bashoratiga ishora qiladi. Biz baʼzi narsalarni tushunishga qiynalamiz, koʻp narsalarni oʻtkazib yuboramiz. Bunday holda, aniqroq, tushunarliroq izoh talab qilinadi. Ammo baʼzi narsalarni tushunmaganimizga sabab – yuragimizda tushunish xohishi boʻlmaydi. Lekin buni tan olishni istamasdan, tushunishga harakat qilgandek savol berishda davom etamiz. Qalbimiz aytilgan gapning maʼnosini anglab yetmas ekan, aqlning foydasi kam. Muammo haqiqatni tushunmasligimizda emas, haqiqat oldida itoatkor boʻlishni xohlamaganimizda.

Iso Masih (alayhissalom) masallari odamlarga ajoyib taʼsir qilar edi. Masallarni aql bilan tushunmaganlar qiziqish bilan yonib, tushunish uchun savollar berishni boshlardilar. Tushunishni va qabul qilishni istamaganlar esa mensimay, oʻzlarini qiziqmagandek tutar edilar. Masallar ustozga shogirdlarni ikki toifaga boʻlishning qadimiy usulini oʻrgatadi, xuddi dehqon bugʻdoyni yovvoyi oʻtdan ajratib olganidek. Itoat etishga tayyorlar itoatsizlardan ajratib olinadi. Itoat etishga tayyor boʻlmaganlar uchun masal tushunarsizdir, chunki ularning qalblari aytilgan haqiqatni qabul qilishga tayyor emas. Ular qarab turib, koʻrmaydilar.

Urug’ sepuvchi va to‘rt xil tuproq haqidagi masal

Shogirdlar Iso Masihdan nega masallar orqali taʼlim berishini soʻrashganda, U endigina ularga Xudoning Shohligi va Shohlikning odamlarga taʼsiri haqida gapirib boʻlgan edi. Mana bu masallarning biri:

«Iso masal orqali xalqqa koʻp narsalarni oʻrgatdi: “Quloq solinglar! Bir dehqon urugʻ sepgani chiqibdi. U urugʻ sepayotganda baʼzi urugʻlar soʻqmoq yoʻl ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urugʻlarni choʻqib ketibdi. Baʼzi urugʻlar tuprogʻi kam toshloqqa tushibdi. Tuproq kam boʻlgani uchun urugʻlar tez koʻkarib chiqibdi. Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi boʻlmagani uchun soʻlib qolibdi. Boshqa urugʻlar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar oʻsib, urugʻlarni boʻgʻib qoʻyibdi. Yana boshqa urugʻlar esa yaxshi tuproqqa tushibdi. Baʼzilari yuz, baʼzilari oltmish, baʼzilari esa oʻttiz barobar koʻp hosil beribdi. Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”»

Mattо 13:3–9

Bu masal nima haqida? Haqiqat oldida oʻzini kamtar tutganlar eshitganlari bilan qiziqib, bu masal nimani anglatishini soʻrashdi.

“Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosini anglab olinglar. Osmon Shohligi toʻgʻrisidagi kalomni eshitgan, ammo tushunib olmagan odamga yovuz shayton kelib, uning yuragiga ekilgan kalomni oʻgʻirlab ketadi. Soʻqmoq yoʻl ustiga tushgan urugʻlar ana shularga ishoradir. Toshloq yerga sepilgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar. Lekin ularning ildizi boʻlmagani uchun uzoq vaqtga chidamaydilar. Kalom tufayli qiyinchilik yoki quvgʻinga duchor boʻlishsa, darrov chekinadilar. Tikanlar orasiga sepilgan urugʻlar shunday odamlarni bildiradiki, ular Xudoning kalomini eshitadilar, lekin dunyoning tashvishlari va boylikka oʻchlik kalomni boʻgʻib qoʻyadi, kalom esa samarasiz qoladi. Yaxshi tuproqqa sepilgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uning maʼnosini tushunib oladilar. Ularning baʼzilari yuz barobar, baʼzilari oltmish barobar va baʼzilari oʻttiz barobar moʻl hosil beradilar.”

Mattо 13:18-23

Xudoning Shohligi haqidagi soʻzga toʻrt xil tarzda munosabat bildiriladi. Baʼzilar gap nima haqida ekanini tushunmaydilar, shunda shayton kelib, ularning qalblaridan soʻzni oʻgʻirlaydi. Qolgan uch holat boshlanishi juda ijobiy – odamlar bu soʻzni quvonch bilan qabul qilishadi. Lekin soʻz ularning qalblarida gʻam-gʻussadan oʻtib unib chiqishi kerak. Odatiy hayotni davom ettirib, aql bilan haqiqatni tan olishning oʻzi kifoya emas. Uchtadan ikkitasi dastlab soʻzni osongina qabul qiladi, lekin uning qalbda unib chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Va faqat toʻrtinchi turdagi odamlar “soʻzni eshitadi va uni tushunadi”. Ular Alloh kutganidek, haqiqat oldida itoatkor va kamtarin boʻldilar.

Bu masal biz oʻzimizga savol berishimiz uchun aytilgan: “Bu hikoyada men kimman?” Faqat “soʻzni haqiqatan tushungan” yaxshi meva beradi. Qalb bilan tushunishning yoʻllaridan biri – Odam alayhissalomdan boshlab Tavrot va Zaburda Xudoning rejasi haqida nimalar aytilganini koʻrishdir. Odam alayhissalomdan keyin bizga koʻp buyuk alomatlar berilgan – Ibrohim alayhissalomga berilgan va’da orqali va uning qurbonligi orqali, Muso alayhissalomning O’nta amri orqali va Harun (alayhissalom) orqali koʻp moʻjizaviy alomatlar berilgan . Agar biz Zabur haqida gapiradigan boʻlsak, u orqali Masihning kelib chiqishini chuqurroq tushunamiz. Ishayo, Yeremiyo, Zakariyo, Doniyor va Malaki payg’ambarlarning vahiylari esa Xudo Shohligini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Begona o’t haqidagi masal

Masih ( alayhissalom) urug’ sepuvchi haqidagi masalni talqin qilib, boshqa masalni – begona o’t haqidagi masalni aytadi.

“Iso ularga boshqa bir masal aytib berdi: “Osmon Shohligini oʻz dalasiga yaxshi urugʻ sepgan bir odamning vaziyatiga oʻxshatsa boʻladi. Hamma uxlab yotganda, dushman kelib, bugʻdoyzorga begona oʻt urugʻini sepib ketibdi. Bugʻdoy oʻsib, boshoqlay boshlaganda, begona oʻtlar ham oʻsib chiqibdi. Xizmatkorlar kelib, xoʻjayiniga aytibdilar:

— Xoʻjayin, dalangizga yaxshi urugʻ ekkan edingiz–ku! Manavi begona oʻtlar qayoqdan paydo boʻldi ekan?

— Bu dushmanning ishi, — deb javob beribdi xoʻjayin. Xizmatkorlar xoʻjayinga:

— Istasangiz, biz borib oʻsha oʻtlarni yulib tashlaymiz.

— Yoʻq, — debdi u, — sizlar begona oʻtlarni yulayotganlaringizda, bugʻdoyni ham qoʻshib yulib olishingiz mumkin.”

Mattо 13:24-29

Va U buni qanday izohlaydi:

“Shundan keyin Iso olomon oldidan ketib, uyga kirdi. Shogirdlari Isoning oldiga kelib:

— Begona oʻtlar haqidagi masalni bizga tushuntirib bering, — dedilar. Iso shunday javob berdi: “Yaxshi urugʻ sepuvchi Inson Oʻgʻlidir. Dala olamdir, yaxshi urugʻlar — Osmon Shohligining odamlari, begona oʻtlar esa yovuz shaytonning odamlaridir. Begona oʻtlarni sepgan dushman — iblis, oʻrim–yigʻim — oxirzamon, oʻroqchilar esa farishtalardir. Begona oʻtlarni yigʻishtirib, olovda yoqishganday, oxirzamonda ham xuddi shunday voqea yuz beradi. Inson Oʻgʻli Oʻz farishtalarini yuboradi. Farishtalar Uning Shohligidan gunohga undagan hammani va barcha badkirdorlarni yigʻib oladilar. Ularni lovullab turgan oʻchoqqa tashlaydilar. Badkirdorlar u yerda qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar. Shunda solihlar oʻz Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar. Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”

Mattо 13:36-43

Xantal urug’i va xamirturush haqidagi masallar

Masih (alayhissalom)ning nafaqat uzun, balki juda qisqa masallari ham bor.

«Iso ularga yana boshqa bir masalni aytib berdi: “Osmon Shohligi bir odam oʻz bogʻiga sepgan xantal urugʻiga oʻxshaydi. Xantal urugʻlarning eng maydasi boʻlsa–da, oʻsib chiqqanda, hamma koʻkatlardan baland boʻladi. U shunday daraxt boʻladiki, qushlar uning shoxlariga uya quradi.”

Iso ularga boshqa bir masalni ham aytib berdi: “Osmon Shohligi xamirturushga oʻxshaydi. Ayol bir boʻlak xamirturushni bir togʻora unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.”»

Mattо 13:31-33

Xudoning Shohligi kichik, koʻzga koʻrinmas urugʻdan boshlanadi. U tuproqqa tashlanadi, keyin oʻsib, ulkan koʻp shoxli daraxtga aylanadi. Bu butun xamir kichik xamirturushdan achishiga oʻxshaydi. Daraxt majbur boʻlganidan oʻsmaydi, tez ham oʻsmaydi, darhol oʻsib chiqmaydi. Uning oʻsishi sezilmaydi, lekin u hamma joyni egallaydi va bu jarayonni toʻxtatib boʻlmaydi.

Yashirin xazina va qimmatbaho marvarid haqidagi masallar

“Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga oʻxshaydi. Bir odam uni topib olibdi. Uni yana yashirib, xursand boʻlganidan bor–yoʻgʻini sotib, u dalani xarid qilibdi.

Osmon Shohligi nodir marvarid izlayotgan bir savdogarga oʻxshaydi. Savdogar qimmatbaho marvaridni topganda, bor–yoʻgʻini sotib, marvaridni xarid qilibdi.”

Mattо 13:44-46

Bu masallar Xudoning Shohligi qanday buyuk xazina ekanligi haqidadir. Tasavvur qiling-a, xazina dalaga koʻmilgan. Bu haqda hech kim bilmaydi, yoʻlovchilar esa bu yerni oddiy yer deb oʻylashadi. Ammo bir kishi u yerda xazina koʻmilganini bilishi bilanoq, dalaning qimmati oshadi. U shunchalik qimmatbaho boʻladiki, uni sotib olish uchun inson bor mol-mulkini sotishiga toʻgʻri keladi. Xudoning Shohligi bilan ham xuddi shunday – koʻpchilik uchun uning qiymati koʻrinmas. Ammo uning haqiqiy qiymatini koʻrgan baʼzilar “oʻsha yer”ga ega boʻlishdi.

Baliq ovlash to’ri haqidagi masal

“Osmon Shohligi baliqchilar dengizga tashlagan toʻrga oʻxshaydi. Toʻrga turli xil baliqlar tutilibdi. Toʻr toʻlgach, baliqchilar uni qirgʻoqqa tortib chiqarishibdi va oʻtirib, yaxshi baliqlarni savatlarga solishibdi, yomonlarini esa tashlab yuborishibdi. Oxirzamonda ham xuddi shunday boʻladi: farishtalar kelib, fosiqlarni solihlar orasidan ajratib olib, lovullagan oʻchoqqa tashlaydilar. Oʻchoqqa tushganlar qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar.”

Mattо 13:47-50

Xudoning Shohligi odamlarni ajratadi. Bu bo’linish qiyomatda, qalb niyatlari fosh boʻlganida oshkor boʻladi.

Xudoning Shohligi xamirdagi xamirturush kabi sirli tarzda oʻsadi. Uning qadr qimmati koʻpchilikdan yashiringan va odamlarda turli xatti-harakatlarni keltirib chiqaradi. Shohlik odamlarni uni tushunadigan va tushunmaydiganlarga ajratadi. Bu masallardan keyin Iso Masih tinglovchilariga muhim savol beradi:

“— Bularning hammasini tushundingizlarmi?”

Mattо 13:51

Sizchi, bularning barchasini tushunyapsizmi?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *