Skip to content
Home » Yahyo alayhissalom azob-uqubatlarorqali haqiqiy shahidligini namoyon qildi

Yahyo alayhissalom azob-uqubatlarorqali haqiqiy shahidligini namoyon qildi

  • by

«Munofiqun» surasida (63-sura – «Munofiqlar») odamlar Muhammad paygʻambarning huzurlariga kelib, oʻzlarini moʻmin ekanliklariga guvohlik berib, keyin yolgʻonchi boʻlib chiqqanlari haqida hikoya qilinadi.

“(Ey, Muhammad,) munofiqlar huzuringizga kelib: “Guvohlik beramizki, Siz, albatta, Allohning pay’g’ambaridirsiz”, – derlar. Siz Uning payg’ambari ekanligingizni Alloh albatta bilur va Alloh munofiqlarning haqiqatan yolg’onchi ekanliklariga ham guvohlik berur. Ular o’zlarining (yolg’on) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Alloh yo’lidan to’sdilar. Ularning qilib yurgan amallari naqadar yomondir!”

Munofiqun surasi 63:1-2

“Zumar” surasida (39-sura – “Olomon”) halol guvohlar haqida shunday deyiladi:

“Yer (mahshargoh) Parvardigorining nuri bilan yorishadi; kitob (nomai a’mol hozirlab) qo’yiladi; payg’ambarlar va guvohlar keltiriladi va ularning o’rtalarida zulm qilinmagan holda haqqoniy hukm qilinadi.”

Zumar surasi 39:69

Masih (alayhissalom) paygʻambar davrida sodiq guvohlar “shahidlar” deb atalgan. Hodisalarga toʻgʻri guvohlik beruvchi inson – shahiddir. Iso Masih shogirdlarini “shahidlar” deb atagan.

“Ammo Muqaddas Ruh sizlarni qamrab olganda, kuch–qudratga toʻlasizlar. Quddusda, Yahudiya va Samariyada, yer yuzining hamma burchaklarida sizlar Mening shohidlarim boʻlasizlar.”

Havoriylar 1:8

Odatda “shahid” so’zi faqat haqiqiy guvohlarga nisbatan ishlatilgan.

Bugungi kunda “shahid” soʻzi juda koʻp maʼnoga ega. Jangda halok boʻlgan inson haqida gapirilganda, bu soʻz ishlatiladi, – bunday odamni shahid deyishadi. Agar kimdir diniy toʻqnashuvda yoki jangarilar tomonidan jabrlangan boʻlsa, u ham “shahid” hisoblanadi. Bunday odamlarni oʻzinikilar “shahidlar” deb ataydilar, boshqalar uchun esa bu odamlar – kofirlardir.

Bu fikr haqiqatmi? Injilda Iso Masih (alayhissalom) davrida Yahyo paygʻambar qanday oʻldirilgani haqida hikoya qilinadi. Shu misoldan foydalanib, bu soʻz nimani anglatishini tushunish oson. Injilda shunday yozilgan:

“Shu orada viloyat hukmdori Hirod Iso toʻgʻrisidagi xabarlarni eshitib, amaldorlariga dedi: “Bu Yahyo choʻmdiruvchi ekanligi aniq! U tirilib kelgan, shuning uchun moʻjizalar koʻrsatish qudratiga ega.”

Uning bu gapni aytishiga sabab shu edi: bundan ancha vaqt oldin Hirod Yahyoni hibsga olgandi. U oʻz ukasi Filipning xotini Hirodiya dastidan Yahyoni kishanlab, zindonga tashlagan edi. Chunki Yahyo unga: “Bu xotin bilan yashashingiz qonunga zid”, deb aytar edi. Hirod Yahyoni oʻldirishni xohlagan boʻlsa–da, xalqdan qoʻrqqan edi. Chunki odamlar Yahyoni paygʻambar deb bilishardi.

Hirodning tugʻilgan kuni boʻlganda, Hirodiyaning qizi oʻrtaga chiqib raqsga tushdi. Qizning raqsi Hirodga shunchalik yoqdiki, Hirod unga:

— Ont ichaman, soʻragan narsangni muhayyo qilaman, — deb vaʼda berdi. Qiz esa onasining gapiga kirib:

— Menga Yahyo choʻmdiruvchining boshini laganda keltirib bering! — dedi.

Shoh aytgan gapidan afsus chekdi, ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini bajarishni buyurdi. U zindonga odam yuborib, Yahyoning boshini oldirdi. Uning boshini laganda keltirib qizga berdilar, qiz esa onasiga olib borib berdi. Yahyoning shogirdlari kelib, ustozning jasadini oldilar, uni dafn etdilar. Soʻng borib, Isoga xabar berdilar.”

Mattо 14:1–12

Birinchidan, hukmdor Yahyo (alayhissalom) paygʻambarni nima uchun qoʻlga olganini koʻramiz. Hukmdor (Hirod) ukasining xotinini olib, Muso alayhissalomning qonuniga zid ravishda u bilan yashayotgan edi. Yahyo paygʻambar uni ochiqchasiga qoraladi, ammo yovuz hukmdor paygʻambarning nasihatlariga quloq solmadi. Uni zindonga qamatdi. Hukmdorning xotini uchun qudratli shoh ayoli boʻlish juda manfaatli edi, shu sababdan u paygʻambarning abadiy jim boʻlishini xohlardi. U qizini shoh va uning mehmonlarini shahvoniy raqs bilan xursand qilishga koʻndirdi. Hukmdor shu qadar taʼsirlandiki, u qiz soʻragan hamma narsani muhayyo qilishga vaʼda berdi. Onasi unga Yahyo (alayhissalom) paygʻambarning boshini soʻrashni oʻrgatdi. Paygʻambar haqiqatni aytgani uchungina qamoqqa tashlangan edi. Qizning jilovsiz raqsi evaziga berilgan vaʼda shohni mehmonlar oldida noqulay vaziyatga tushirgan edi. Yahyoning boshi kesildi.

Bilamizki, Yahyo alayhissalom hech kimga adovati boʻlmagan va shohga qarshi chiqmagan. U shunchaki haqiqatni aytdi. Hech bir insoniy kuch uni shoh gʻazabidan himoya qila olmasligini bilsa ham, u buzuq hukmdorni qoralashdan qoʻrqmadi. U Muso alayhissalomning qonunlarini sevgani uchun haqiqatni aytgan edi. Bu bugungi kunda biz uchun ajoyib misol boʻlib xizmat qiladi. Bu misol haqiqiy kurash (haqiqatni tan olish) nima ekanligini koʻrsatadi. Bizning kurashimiz – paygʻambarlar tomonidan vahiy qilingan haqiqatni himoya qilishdir.

Yahyo shahidligining mevalari

Yahyo paygʻambarning kurashi oʻz samarasini berdi. U qatl etilganidan keyin shohning vijdoni qiynalib, Iso Masih (a.s.)ning moʻjizalari va ajoyib taʼlimotlarini oʻlimdan tirilgan Yahyodan boshqa hech kim amalga oshirolmaydi, degan qarorga keldi.

Bu makkor va nomussiz qotillik yovuz shohga qarshi ish berdi. Bu voqea Fil surasi (105-sura – Fil) uchun ajoyib misol boʻlib xizmat qiladi!

“(Ey, Muhammad,) Rabbingiz fil egalarini ne qilganini ko’rmadingizmi?

(U) ularning makrlarini chalg’itib qo’ymadimi?!

Ularning ustiga to’da-to’da qushlarni yubordi.

(Ular) sopol toshlar bilan ularni otar edi.”

Fil surasi 105:1-4

Iso Masih (alayhissalom) Yahyo (alayhissalom) payg‘ambar haqida aytganlar:

“Yahyoning shogirdlari ketayotganlarida, Iso olomonga Yahyo haqida gapira boshladi: “Sahroga nimani koʻrgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? Xoʻsh, nimani koʻrgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Bashang kiyinganlar shoh saroyida boʻladi–ku! Unday boʻlsa, nimani koʻrgani bordingizlar? Paygʻambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar paygʻambardan ham ulugʻini koʻrdingizlar! U haqda shunday yozilgan:

«Mana, Sendan oldin Men Oʻz elchimni yuboryapman, u Sen uchun yoʻlni hozirlaydi.»

Sizlarga chinini aytay: butun inson zoti orasida Yahyo choʻmdiruvchidan ulugʻi yoʻq. Ammo Osmon Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulugʻroqdir. Yahyo choʻmdiruvchi davridan shu kungacha odamlar Osmon Shohligiga shafqatsiz hujum qilmoqdalar. Zoʻravonlar Osmon Shohligini qoʻlga kiritishga harakat qilmoqdalar. Yahyo choʻmdiruvchidan oldin oʻtgan hamma paygʻambarlarning bitiklarida va Tavrot kitobida Osmon Shohligi haqida bashorat qilingan. Agar bu bashoratlarga ishonishni istasangizlar, Yahyo — kelishi bashorat qilingan Ilyosdir. Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”

Matto 11:7–15

Masih Yahyo (alayhissalom) buyuk paygʻambar va va’da qilingan xabarchi bo’lganligini tasdiqlaydi. Yahyo shu kungacha jannatda qolmoqda. Paygʻambarlarga boʻysunmagan shoh Hirod esa, oʻz davrida katta qudratga ega boʻlgan boʻlsa-da, hech narsasiz qoldi.

Yahyo (alayhissalom) davrida kallakesarlik qilgan qonxoʻrlar koʻp boʻlganidek, bugungi kunda ham zoʻravonlar koʻp. Ular hatto Osmon Shohligini ham kuch bilan tortib olishga harakat qilmoqdalar. Lekin ular hech qachon jannatga kirmaydilar. Shohlikka kirish – Yahyo (alayhissalom) paygʻambarning yoʻllarini tanlash va sodiq guvoh boʻlish demakdir. Dono boʻlaylik, Yahyodan oʻrnak olsak, zolim va qonxoʻrlarga taqlid qilmaymiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *