“Tavba” surasi (9-sura Tavba) juda koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻladi, chunki unda jihod, yaʼni jang haqida soʻz boradi. Ushbu oyatlar bizga dushman bilan jismoniy jang qilishni buyuradi, bu esa koʻplab talqinlarni keltirib chiqaradi. Bu oyatlar quyidagilardir:
Yengil va og’ir holatda (ham yovga qarshi) qo’zg’alingiz va Alloh yo’lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilingiz! Agar bilsangiz, ana shu (ish)ingiz sizlar uchun yaxshidir. Agar (Sizning chaqirig’ingiz) yaqindagi buyum yoki o’rtacha (masofadagi oddiy) safar bo’lganda edi, (ular) Sizga ergashgan bo’lur edilar. Lekin ularga masofa uzoqlik qildi. Albatta, ular o’zlarini halok qilib (charchatib): “Qodir bo’lganimizda, sizlar bilan birga (jangga) chiqar edik”, – deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Alloh esa ularning (g’irt) yolg’onchi ekanliklarini bilur.
Tavba surasi 9:41-42
Bu oyatlardagi tanbeh shundan iboratki, agar jang yoʻli oson boʻlganida edi, ular albatta shu yoʻldan borgan boʻlardilar. Ammo masofa ularga uzoqdek tuyulgani uchun, ular jangdan voz kechdilar. Keyingi misralarda beparvolarning oqlanishi keltiriladi. Tavba surasi eslatadi:
«Ayting: “Sizlar biz uchun ikki xayrli ishdan biri (bo’lishi)ni kutmoqdasiz. Biz ham sizlar uchun Allohning O’z huzuridan yoki bizning qo’limiz bilan sizlarga (yetadigan) biror azobni kutmoqdamiz. Bas, kutaveringiz! Biz ham sizlar bilan birga kutuvchilardirmiz.”»
Tavba surasi 9:52
Bu oyat jangning natijasi ikki xil boʻlishi mumkinligini anglatadi. Yoki oʻlim (shahidlik), yoki gʻalaba. Ammo jang shiddatli boʻlib, ikkalasi: shahidlik ham, gʻalaba ham sodir boʻlsa-chi? Zero, paygʻambar Iso Masih (alayhissalom) Quddusga uzoq safarga otlanganlarida shunday jangga kirishgan edilar. U yerga yetib kelganida, Zabur paygʻambarlari tomonidan yuzlab yillar oldin eʼlon qilingan bashoratlarning amalga oshishini koʻrsatish uchun osmonda hilol oyi porlardi.
Quddusga kirish
“Al- Isro” surasi (17-sura Tungi yoʻl) Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makkadan yolgʻiz oʻzlari, Burak otlarini minib tunda qaytganlari haqida hikoya qilinishi bilan mashhur.
(O’z) bandasi (Muhammad)ga mo”jizalarimizdan ko’rsatish uchun tunda, (Makkadagi) Masjidul-Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo’ygan Masjidul-Aqsoga sayr qildirgan zot tasbeh aytishga (loyiqdir). Darhaqiqat, U eshituvchi va ko’ruvchidir.
Isro surasi 17:1
Iso Masih (alayhissalom) ham oʻsha joyga keldilar, ammo maqsadlari boshqa edi. Unga hech qanday alomat koʻrsatilmadi – Uning Oʻzi alomatlar koʻrsatish uchun kelgan edi. U qorongʻu tunda emas, ochiq-oydin, kunning yorugʻida, Burak ot minib emas, eshak minib kirib keldi. Bu qanotli Burokda uchish kabi taʼsirli boʻlmasa-da, lekin oʻsha kuni Iso alayhissalom Quddusga eshak minib kirgani xalq uchun yaqqol alomat edi. Mana nima uchun:
Payg’ambar Iso Masih (alayhissalom) Lazarni o’limdan tiriltirganida odamlarga O’z vazifasini oshkor qilgan. Endi U Quddusga (Al-Quds) yo’l oldi. Uning Quddusga qanday kelishi yuzlab yillar oldin bashorat qilingan. Injilda shunday deyiladi:
Ertasi kuni bayramga borgan bir talay xaloyiq Isoning Quddusga kelayotganini eshitib qoldi. Ular palma daraxti shoxlaridan olishdi, Uni qarshi olgani chiqib, shunday deb hayqirishardi:
Tasanno!
Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin!
Isroilning shohi muborak boʻlsin!
Iso bir xoʻtikni topib, unga mindi, xuddi Muqaddas bitiklarda yozilganday:
Ey Quddus xalqi, qoʻrqma!
Mana, Shohingiz xoʻtikni minib kelyapti.
Isoning shogirdlari avval buni tushunmadilar. Iso ulugʻlangandan keyingina ular bu soʻzlarning U haqda yozilganini va xalq xuddi yozilganidek qilganini esladilar. Iso Lazarni qabrdan chaqirib tiriltirganiga guvoh boʻlgan olomon Isoga ergashib, bu haqda hammaga aytardi. Isoning qilgan bu moʻjizali alomati haqida eshitgan koʻp odamlar Uni kutib olgani chiqqan edilar.
Farziylar esa bir–biriga:
— Qaranglar, qoʻlimizdan hech narsa kelmadi. Butun dunyo Uning ortidan bormoqda! — deyishardi.
Yuhanno 12:12-19
Iso Masihning Quddusga kirishi – shoh Dovudning bashoratidir
Qadimgi Isroil shohlari, Dovud (alayhissalom)dan boshlab, har yili Quddusga tantanali yurish boshida – jasur ot minib kirib kelishgan. Iso Masih bu anʼanani Quddusga eshak minib kirib kelib, takrorladi. Shu bilan birga, butun xalq Isoga Zaburdan bir madhiyani kuylardi. Bir vaqtlar bu madhiya Dovud uchun kuylanar edi:
Najot ber bizga, yolvoramiz, ey Egam!
Muvaffaqiyat ber, oʻtinamiz, ey Egam!
Egamiz nomidan keladigan zot baraka topsin,
Egamiz uyidan turib, seni duo qilamiz.
Egamiz Xudodir, U bizga nur bergan.
Bayram nishonlashni boshlang!
Palma shoxlarini olib, qurbongoh oldiga boring!”
Zabur 117:25-27
Odamlar Iso Lazarni tiriltirganini bilganlari uchun, shohlarni kutib olishda aytiladigan bu qadimiy madhiyani kuylashdi. Ular Uning Quddusga kelganidan shodon edilar va “Hosanna” deb kuylardilar. Xuddi shu soʻz Zabur 117:25 da bir necha asr oldin ishlatilgan boʻlib, “najot ber” maʼnosini anglatadi. Lekin nima uchun ularni qutqarish kerak? Bu haqda Zakariyo paygʻambar bashorat qilgan.
Zakariyoning bashoratidagi Quddusga zafarli kirish
Iso qadimgi shohlar kabi tantanali yurish bilan kirib kelgan bo’lsa-da, bu biroz boshqacha tarzda amalga oshirilgan edi. Masih nomini bashorat qilgan Zakariyo (alayhissalom) payg’ambar Masih Quddusga eshakda kirishini ham aytgan edi. Bu vaqt jadvalida Zakariyo payg’ambarning, shuningdek, Quddusga bayram kuni kirish voqealarini bashorat qilgan boshqa payg’ambarlarning hayot davrlari ko’rsatilgan.
Bayram kuni Isoning Quddusga g’alaba bilan kirishini bashorat qilgan payg’ambarlar
Bu bashorat qisman Yuhanno Xushxabarida keltirilgan. Mana Zakariyo payg’ambarning to’liq matni:
Xursand boʻlib, quvoning,
Ey Quddus xalqi!
Shodlik ila hayqiring,
Ey Sion aholisi!
Mana, shohingiz kelyapti.
U zafar qozongan gʻolibdir.
Shunga qaramay,
Kamtarindir shohingiz,
U eshakning ustida,
Ha, eshakning bolasini —
Xoʻtikni minib kelyapti.
Men Efrayimning jang aravalarini yoʻqotaman,
Quddusning jang otlarini tortib olaman.
Urush kamonlari ham yoʻq qilinadi,
Shohingiz xalqlarga tinchlik keltiradi.
Men bir dengizdan ikkinchisiga qadar,
Furot daryosidan tortib
Yer yuzining toʻrt tomoniga hukmronlik qilaman.
Men sizlar bilan qilgan,
Qurbonlik qoni bilan tasdiqlangan ahdim tufayli,
Asirlaringizni suvsiz chuqurlikdan ozod qilaman.
Zakariyo 9:9–11
Zakariyoning soʻzlariga koʻra, bu shoh boshqalardan farq qiladi. U jang aravalari, jangovar otlar va oʻq-kamon bilan kelmaydi. U har qanday quroldan holi boʻlib, “xalqlarga tinchlik eʼlon qilish uchun” keladi. U dushman bilan kurashishga majbur boʻladi. Uni shiddatli jang – buyuk jihod kutmoqda.
Shohlar dushmanlar bilan kurashayotganini koʻrsak, ajablanmaymiz. Axir shohlar odatda boshqa shohlarga, dushman qoʻshinlariga yoki oʻz xalqi orasidagi isyonchilarga qarshi kurashadilar. Biroq Zakariyo paygʻambar bashorati boʻyicha, eshakda paydo boʻlgan shoh, xalqlarga tinchlik eʼlon qiladi va asirlarni suvsiz quduqdan ozod qiladi (11-oyat). Qadimgi Isroilda “jar” yoki “chuqurlik” qabr, oʻlim maʼnosini anglatgan. Bu shoh buzuq siyosatchilarning quli boʻlganlarni emas, qamoqda oʻtirganlarni emas, balki oʻlim asirlarini ozod qilish uchun keladi.
Biz odamni oʻlimdan qutqarish haqida gapirganimizda, odatda oʻlimning kechiktirilishini nazarda tutamiz. Siz, masalan, choʻkayotgan odamni qutqarishingiz yoki kasal odamga dori berishingiz mumkin. Bunday “najot” faqat oʻlimni kechiktiradi, lekin undan xalos qilmaydi. Odam baribir oʻladi. Zakariyo paygʻambar odamlarni oʻlimdan qutqarish haqida emas, balki “oʻlim asirlari”, yaʼni “oʻlimga maxkumlarning” najoti haqida bashorat qiladi. Zakariyoning bashoratiga koʻra, eshakda kelayotgan shoh mahbuslarni ozod qilish uchun oʻlim bilan yuzma-yuz uchrashadi. Uning buyuk jangi, buyuk jasorati boshlanadi. Bu jihod haqida kim eshitgan? Ilohiyot olimlari jihod haqida gapirganlarida, uni “buyuk jihod”, yaʼni odamning ichki kurashi va “kichik jihod”, yaʼni insonning kundalik hayotda duch keladigan tashqi muammolar bilan kurashi turlariga ajratadilar. Eshak minib kelgan Shoh esa jahannam tubsizligi bilan jang qiladi va Oʻzining buyuk jasoratini, jihodini amalga oshiradi.
Shoh oʻlimga qarshi jihod qilish uchun qanday quroldan foydalandi? Zakariyoning soʻzlariga koʻra, shoh faqat “Oʻzining ahd qoni” bilan keladi. U oʻlimni Oʻz qoni bilan yengadi – bu Uning yagona qurolidir.
Quddusga eshakda kirib kelgan Iso o’zini xuddu o’sha Shoh – Masih deb e’lon qildi.
Masih (alayhissalom) nima uchun yig’ladilar?
Iso Masih Quddusga kirganida (bu voqea “Quddusga tantanali kirish” deb ham ataladi), diniy rahbarlar unga qarshilik koʻrsatdilar. Luqo Xushxabarida Iso Masihning munosabati qayd etilgan.
Iso Quddusga kiray deganda, shaharni koʻrib, yigʻlab yubordi: “Tinchlik uchun nimalar zarurligini bugun sen bilsayding! Ammo bular senga qorongʻi. Boshingga shunday kunlar keladi: dushmanlaring atrofingga tuproq uyadilar, seni oʻrab oladilar, har tomondan siquvga oladilar. Bagʻringdagi farzandlaringni qirib tashlaydilar. Seni shu qadar vayron qiladilarki, shahringda hatto tosh ustida turgan tosh qolmaydi. Chunki Xudo seni qutqargani kelgandi, ammo sen bu imkoniyatni qoʻldan boy berding.
Luqo 19:41–44
Iso Masih diniy rahbarlarga “Xudoning tashrifini qo’ldan boy berdingiz”, deb aniq javob berdi . U nimani nazarda tutgan? Ular nimani qo’ldan boy berdilar?
Payg’ambarlar ma’lum bir kunga ishora qilganlar
Bu kunlardan bir necha asr oldin Doniyor payg’ambar (alayhissalom) Quddusni qayta qurish to’g’risidagi farmon chiqarilgandan 483 yil o’tganida Masih kelishini bashorat qilgan edi. Bizning hisob-kitoblarga ko’ra, bu yerda milodiy 33 yil haqida gapirilgan – bu Iso Masih Quddusga eshakda kirgan yildir. Bu yil ko’p asrlar oldin bashorat qilinganiga ishonish qiyin. Ammo bundan ham hayratlanarlisi shundaki, Masihning kelishini bir kungacha aniqlik bilan hisoblash mumkin! (Manba ma’lumotlari bu erda).
Doniyor payg’ambar Masih 483 yildan keyin kelishini aytadi. Doniyor yili 360 kun davom etgan. Keling, hisob-kitoblarni bajaramiz:
483 yil * yilidagi 360 kun = 173880 kun
Zamonaviy taqvimga ko’ra, bir yilda 365,2422 kun bo’lsa, u 476 yil va 25 qo’shimcha kunga aylanadi (173,880/365,24219879 = 476 va qoldiq 25).
Vaqt hisobi boshlanishiga asos bo’lgan Quddusni tiklash to’g’risidagi farmon qachon chiqdi? Bizda aniq ma’lumotlar bor:
Shoh Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yili, Nison oyi edi.
Naximiyo 2:1
Yahudiy kalendaridagi nison oyining qaysi kunida bu voqea sodir boʻlgani aytilmagan, lekin nison oyining 1-kuni haqida gapirilgani ehtimoldan holi emas. Chunki yangi yil shu kundan boshlangan va shoh Artaxshas Naximiyoga ziyofatda murojaat qilgan edi. Nison oyining birinchi kuni yangi oyga ham toʻgʻri kelgan, chunki oʻsha paytlarda yil oylari oyga qarab hisoblangan (islom taqvimidagi kabi). Yangi oyning boshlanishi anʼanaviy musulmon usulida hisoblangan – maxsus odamlar osmonda yangi oy (hilol) paydo boʻlishini kuzatganlar. Zamonaviy astronomiya yordamida miloddan avvalgi 444 yilning 1-nison oyini belgilagan yangi oy ufqda qachon paydo boʻlganligini aniqlash mumkin. Osmondagi oʻroq xuddi oʻsha kuni paydo boʻlganmi yoki kechroq koʻringanmi, buni aniq aytish ancha mushkulroq. Astronomik hisob-kitoblarga koʻra, Fors shohi Artaxshas hukmronligining 20-yiliga toʻgʻri keladigan 1-nison oy hiloli zamonaviy taqvim boʻyicha miloddan avvalgi 444-yil 4-mart kuni soat 22:00 da osmonda koʻrindi. Agar oʻsha kuni oʻroq sezilmagan boʻlsa, u holda 1 nison ertasiga, miloddan avvalgi 444 yil 5 martga toʻgʻri kelgan. Demak, Fors shohining Quddusni tiklash haqidagi farmoni 444 yil 4 yoki 5 martda chiqdi.
Bu yilga Doniyorning bashoratida koʻrsatilgan 476 yilni qoʻshib, biz milodiy 33 yil 4 yoki 5 martni olamiz. (Nolinchi yil yoʻq; zamonaviy taqvim miloddan avvalgi 1 yildan milodiy 1 yilga sakrab oʻtadi. Natijada quyidagi arifmetikaga ega boʻlamiz: -444 + 476 +1= 33). Doniyor bashoratidan qolgan 25 kunni milodiy 33 yil 4 yoki 5 martiga qoʻshish orqali biz milodiy 33 yilning 29 yoki 30 martiga ega boʻlamiz. Quyida keltirilgan vaqt jadvaliga qarang. Milodiy 33 yil 29 mart shanba bo’lgan, Yashil novdalar bayrami kuni Iso (alayhissalom) eshakda Quddusga kirib, o’zini Masih deb e’lon qilgan kun edi . Biz buni bilamiz, chunki keyingi juma kuni Fisih bayrami bo’lib, Fisih bayrami har doim 14 nisonda nishonlangan. Milodiy 33 yil 14-nison 3 aprelga toʻgʻri keladi. Shuning uchun Yashil novdalar bayrami 29 martga toʻgʻri keladi – 3 aprel juma kunidan besh kun oldin. Iso Quddusga milodiy 33 yil 29 martda eshakka minib kirib, Zakariyo va Doniyorning bashoratlarini bir kunda amalga oshirdi. Quyidagi vaqt jadvaliga qarang.
Doniyorning so’zlariga ko’ra, Masih kelishidan oldin 173 880 kun o’tishi kerak; Naximiyo davrida Quddusning tiklanishi haqidagi farmon chiqarilgan kundan boshlab sanalgan kunlar milodiy 33 yil 29 martda tugaydi. Iso Yashil novdalar bayrami kuni Quddusga kirgandi.
Koʻplab bashoratlarning bir kunda amalga oshishi Alloh Masihning kelishi vaqti haqida aniq va oydin belgilar berganini koʻrsatadi. Keyinroq, xuddi oʻsha kuni Iso Masih yana bir bashoratni – Muso (a.s.) paygʻambarning bashoratini amalga oshirdi. U asosiy jihodga olib boruvchi voqealar ketma-ketligini boshladi va jihodda soʻnggi dushman – “jarlik”ni – oʻlimni yengdi. Bu bizning keyingi mavzuimiz bo’ladi.
[1] Payg‘ambarlardan “jarlik” yoki “do‘zax” haqida bir necha iqtibos:
Ammo sen uloqtirilgansan oʻliklar diyoriga,
Chuqurlikning tub–tubiga.
Ishayo 14:15
Axir, oʻliklar diyori Senga shukur qilmaydi,
Oʻlim Senga hamdu sano aytmaydi.
Qabrga boradiganlar
Sening sadoqatingdan umid qilmaydi.
Ishayo 38:18
Ana, ular qabrga yaqinlashib qoldi.
Oʻlim ularning jonini poylab turibdi.
Ayub 33:22
Oʻzingni esa tubsiz chuqurlikka uloqtiradilar. Ha, sen dengiz bagʻrida azoblanib jon berasan.
Hizqiyol . 28:8
Qabrlari chuqurlikning eng tubidadir. Ossuriyaning qabri sipohlarining qurshovida joylashgan. Ha, tiriklar dunyosiga dahshat solganlarning hammasi qilichdan halok boʻldi.
Hizqiyol 32:23
Ey Egam, oʻliklar diyoridan jonimni olib chiqding,
Qabrdan meni qutqarib qolding.
Zabur 29:4
[2] Qadimgi va zamonaviy kalendarlarni taqqoslash (masalan, 1 Nison = 444 yil 4 mart) va qadimgi yangi oylarning hisob-kitoblari doktor Xarold V. Xonerning “Masih hayotining xronologik jihatlari” kitobidan olingan, 1977yil nashri, 176 bet.