Skip to content
Home » Birinchi bo’lib o’likdan tiriltirilgan Zot: barcha odamlar uchun hayot sovg’asi

Birinchi bo’lib o’likdan tiriltirilgan Zot: barcha odamlar uchun hayot sovg’asi

  • by

  “Ra’d ” surasida (13-sura Momaqaldiroq) kofirlarning imonga nisbatan odatiy tanqidi yangraydi.

  Agar ajablansangiz, u holda ularning (kofirlarning): “Tuproq bo’lib ketgach, yana yangitdan yaratilamizmi?” – degan gaplari ajablanarliroqdir. Ana o’shalar Parvardigorlarini inkor etganlardir. (Qiyomat kunida) ana o’shalarning bo’yinlarida zanjirlar bo’lur. Ana o’shalar do’zax ahli bo’lib, o’sha joyda mangu qolurlar…

Kofir bo’lganlar: “Unga (Muhammadga) Parvardigori tomonidan biror mo”jiza nozil qilinsa edi”, – deydilar. Siz esa faqat ogohlantiruvchidirsiz. Har bir qavm uchun hidoyat qiluvchi (payg’ambar) bordir.”

Ra’d surasi 13:5,7

  Ushbu tanqid ikki qismdan iborat. Rad surasining 5- oyatida kofir kimsa chindan ham oʻlikdan tirilish boʻladimi, deb makkor savol beradi. Uning fikri boʻyicha, ilgari bunday hol boʻlmagani sababli, kelajakda ham boʻlishi mumkin emas. Keyingi savol esa shundan iborat edi: nega bizga tirilish haqiqatini tasdiqlovchi aniq alomatlar berilmagan? Boshqacha qilib aytganda, qani, buni isbotlab bering-chi!

 Furqon surasida (25-sura Ajrim etuvchi) kofirlar tomonidan berilgan shunga oʻxshash savol keltiriladi, garchi u biroz boshqacha koʻrinishga ega boʻlsa ham.

  Aniqki, ular (safar kezlarida) shumli yomg’ir (ya’ni, tosh) yog’dirilgan shahardan o’tgandirlar. Axir, ular uni ko’rmasmidilar (ibrat olmasmidilar)?! Yo’q, ular qayta tirilishga umid qilmagan kimsalardir!

(Ey, Muhammad,) qachonki, ular Sizni ko’rsalar: “Alloh mana shuni payg’ambar qilib yubordimi?”

Furqon surasi 25:40-41

Ularda qiyomatdan qoʻrqish yoʻq, Paygʻambarimizdan ham qoʻrqmaydilar. Ular tirilish namoyon etilishini talab qilishadi.

“Furqon” surasida ham Allohning kofirlarga bo’lgan munosabati ko’rsatilgan.

  (Mushriklar) esa Uni qo’yib, biror narsa yarata olmaydigan, (balki) o’zlari yaraluvchi bo’lgan, o’zlariga ham biror zarar yoki foyda berishga ega bo’lmaydigan va na o’lim berishga, na hayot berishga va na qayta tiriltirishga ega bo’lmaydigan “ilohlar”ni tutdilar (ularga sig’indilar).

Furqon surasi 25:3

Bu yerda aytilishicha, odamlar koʻpincha oʻzlari uchun soxta xudolar yaratadilar. Haqiqiy Xudoni sohtadan qanday ajratish mumkin? Bu oyatda javob berilgan. Soxta xudolar “na oʻlimni, na hayotni, na tirilishni” nazorat qilmaydi. Aynan oʻlim ustidan hokimiyat haqiqiy Xudoni soxta xudolardan ajratib turadi.

Kofirlar Allohni va Uning elchilarini vasvasaga solishlari va tirilishga dalil talab qilishlari haqida gap boryaptimi, yoki Alloh imonsizlarni soxta xudolarga sigʻinish xavfidan ogohlantirishi haqida gapirilyaptimi, har qanday holatda javob bir – tirilish.

Insonni oʻlimdan tiriltirish uchun kuch va hokimiyat kerak. Hatto Ibrohim (alayhissalom), Muso (alayhissalom), Dovud (alayhissalom) va Muhammad (alayhissalom) kabi paygʻambarlar ham qanchalik buyuk boʻlishmasin, oʻliklarni tiriltira olmadilar. Donishmandlarning eng donolari – Sokrat, Enshteyn, Nyuton va Sulaymon – oʻlim ustidan hech qanday kuchga ega emas edilar. Butun dunyo tarixidagi buyuk hukmdorlar – na yunon hukmdorlari, na Rim, na Vizantiya hukmdorlari, na Umaviylar, na Abbosiy xalifaligi, na Mamluklar saltanati, na Usmoniylar imperiyasi – oʻlim va tirilish ustidan hokimiyatga ega emasdilar. Tirilish eng oliy sinovdir. Aynan shu sinovdan Iso Masih o’tdi.

Yakshanba kuni tongda Masih oʻlim ustidan gʻalaba qozondi. Biroq yakshanba tongidagi gʻalaba nafaqat Isoga, balki barchamizga tegishlidir. Endi biz gunohkor fikrlar va buzuq xatti-harakatlarning quli emasmiz. “Falaq” surasida (113-sura Tong) quyidagi iltijo yangraydi:

“(Ey, Muhammad,) ayting: “Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga,

yaratgan narsalari yovuzligidan,

zulmatga cho’mgan tun yovuzligidan,…”

Falaq surasi 113:1-3

Koʻrib turganimizdek, bu tong Tavrot kitobida Isoning xochga mixlanishidan yuzlab yillar oldin – ilk hosil bayramida bashorat qilingan edi. Yorugʻlik Hukmdori bizni bu dunyo zulmatidan ozod qilganiga ham guvohmiz.

Iso Masih va Tavrot bayramlari

Biz Muqaddas haftaning har bir kunida Iso Masihning ishlarini batafsil tahlil qilishni yakunladik. Haftaning oxirida Iso Masih xochga mixlangan edi va bu yahudiylarning Fisih bayramida, muqaddas kunlardan birida sodir bo’ldi. Ertasi kuni, shanbada, payg’ambar qabrda qoldi. Muqaddas haftaning 7-kuni edi. Muqaddas Shabbat bayrami uzoq vaqt oldin, Muso paygʻambar (alayhissalom) orqali Tavrotda Alloh tomonidan belgilab qoʻyilgan edi. Bu amr matni bilan tanishib chiqamiz:

“Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: Egamiz belgilagan bayramlarni nishonlanglar, oʻsha kunlari muqaddas yigʻin eʼlon qilinglar. Egamizning belgilagan bayramlari quyidagilardir. Olti kun mehnat qilinglar, yettinchi kuni — Shabbat kuni esa toʻliq dam olinglar. Shu kuni muqaddas yigʻin boʻlsin. Hech qanday ish qilmanglar. Axir, Shabbat kuni Egamizga atalgandir! Qayerda yashashingizdan qatʼiy nazar, shu kunga rioya qilinglar. Egamiz Shabbat kunidan tashqari boshqa bayramlarni ham belgilab berdi. Bu bayramlarda muqaddas yigʻinlarni oʻz vaqtida oʻtkazinglar. Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni kechqurun Egamizga bagʻishlangan Fisih ziyofatini nishonlanglar.”

Levilar 23:1–5

Qizigʻi shundaki, Iso Masihning xochga mixlanishi va qabrda tinchlikda qolishi ushbu voqealardan 1500 yil oldin tashkil etilgan ikkita muqaddas bayramga toʻgʻri keldi! Vaqt jadvaliga qarang. Nima uchun bunday boʻldi? Javob har birimizga tegishlidir, bu javob har kungi salomlashish soʻlarida yashiringan.

Masihning o’limi Fisih qo’zisini qurbon qilish kuniga to’g’ri keldi (6-kun), keyingi kun esa dam olish kuni – Shabbat (7-kun) edi.

Masih hayotining soʻnggi haftasidagi voqealar va Tavrotning muqaddas qonun-qoidalari orasidagi oʻxshashlik hayratlantiradi. Yuqorida keltirilgan Tavrot parchasida faqat birinchi ikki bayram eslatilgan. Keyingi bayram ilk hosil bayrami deb nomlandi va Tavratda uni qanday nishonlash kerakligi haqida batafsil koʻrsatmalar mavjud.

“Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “Men sizlarga berayotgan yurtga kirganingizdan keyin, har yili yigʻishtirgan hosilingizning birinchi bogʻlamini ruhoniyga olib keling. Shabbat kunining ertasiga ruhoniy bogʻlamni Men, Egangizga bagʻishlaganini koʻrsatib yuqoriga koʻtarsin, shunda Men nazringizni qabul qilaman…

Ilk hosil nazrini Menga keltirmaguningizcha yangi bugʻdoydan yopilgan nonni, qovurilgan bugʻdoy va bugʻdoy boshoqlarini tanovul qilmang. Qayerda yashashingizdan qatʼiy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida boʻlsin.”

Levilar 23:9-11,14

Fisih shanbasidan keyin uchinchi muqaddas bayram keldi. Har yili shu kuni oliy ruhoniy maʼbadga kirib, Xudoga hosilning birinchi bogʻlamini bagʻishlaydi. Bu harakat ramziy maʼnoda “qishning oʻlimi”ni anglatar edi va odamlar toʻyib, mamnun boʻladigan moʻl-koʻl hosil yigʻimini bashorat qilar edi.

Shanba kunining ertasiga, Iso o’lgan holatda tinch qolgan kunning ertasiga, payg’ambar tirildi – bu 16 nison edi. Yangi hafta boshlangan edi. Injilda yozilganidek, oliy ruhoniy hosilning ilk bogʻlamini qurbon qilish uchun maʼbadga kirganida, aql bovar qilmaydigan hodisa yuz berdi. Bu haqda shunday yozilgan:

Iso Masih o’likdan tiriladi

“Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qoʻygan xushboʻy moylarini olib, qabrga keldilar. Qabr ogʻzidagi tosh agʻdarilib yotganini koʻrdilar. Ichkariga kirdilar, ammo Rabbimiz Isoning jasadini topmadilar. Ular gangib qoldilar. Shunda toʻsatdan ayollarning qarshisida ikki odam paydo boʻldi. Ularning kiyimlari yarqirab turardi. Ayollar vahimadan boshlarini yerga egib turishdi. Odamlar esa ayollarga shunday deyishdi:

— Nega siz tirikni oʻliklar orasidan qidiryapsizlar? U bu yerda yoʻq, U tirildi! Hali Jalilada boʻlgan paytida sizlarga nima deganini eslanglar. U sizga: “Inson Oʻgʻli gunohkor odamlar qoʻliga tutib beriladi, xochga mixlanadi, uchinchi kuni esa tiriladi”, degan edi–ku.

Shunda ayollar Isoning bu soʻzlarini esladilar. Ular qabr yonidan qaytib, bu voqeani oʻn bir shogirdga va qolgan hammaga aytib berdilar. Havoriylarga bu xabarni Magdalalik Maryam, Yoʻanna va Yoqubning onasi Maryam yetkazdilar. Ular bilan birga boshqa ayollar ham bor edi. Ammo havoriylar, bu ayollar safsata tarqatyaptilar, deb oʻyladilar, ayollarning gaplariga ishonmadilar. Butrus esa oʻrnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u yerda faqatgina kafanni koʻrdi. Yuz bergan voqeadan hayron qolib, uyiga qaytib ketdi.

Oʻsha kuni Isoning shogirdlaridan ikkitasi Emmaus degan qishloqqa ketishayotgan edi. Bu qishloq Quddusdan taxminan oʻn chaqirim uzoqlikda joylashgan edi. Ular yuz bergan voqealar toʻgʻrisida suhbatlashib ketayotgan edilar. Ular gaplashib, boʻlib oʻtganlarni muhokama qilib ketayotganlarida, Isoning Oʻzi ularga yaqinlashib, hamroh boʻldi. Shogirdlar Isoni koʻrdilar, ammo Uni taniy olmadilar.

Iso ulardan:

— Nimani muhokama qilib ketyapsizlar? — deb soʻradi. Ular toʻxtab qoldilar, yuzlari gʻamgin edi. Shogirdlaridan Kleopas degani Unga javob berdi:

— Shu kunlarda Quddusda koʻp voqealar yuz berdi. Bulardan bexabar qolgan musofir yolgʻiz Siz boʻlsangiz kerak.

— Qanday voqealar? — deb soʻradi Iso ulardan.

— Nosiralik Iso toʻgʻrisidagi voqealar–da, — deb javob berdi ular. — Iso paygʻambar edi, Xudo oldida va butun xalq oldida soʻzlari va ishlari bilan qudratini koʻrsatdi. Ammo bosh ruhoniylarimiz bilan yoʻlboshchilarimiz Uni oʻlimga mahkum qilib, xochga mixlash uchun tutib berdilar. Biz esa, U Isroilni xalos etadi, deb umid qilgan edik. Bu hodisalar sodir boʻlganiga bugun uch kun boʻldi. Buning ustiga–ustak, oramizdagi ayrim ayollar bizni hayratda qoldirishdi. Ular bugun saharda qabrga borgan ekanlar, Uning jasadini topa olmabdilar. Ayollar qaytib kelib: “Bizga farishtalar zohir boʻldi, ular bizga, Iso tirik, deb aytishdi” degan xabarni olib kelishdi. Shunda oramizdan baʼzilar qabrga borib, ayollarning gapi toʻgʻri ekanini koʻrdilar. Iso qabrda yoʻq edi.

Iso ularga dedi:

— Bunchalik befahm boʻlmasangizlar?! Paygʻambarlarning gaplariga ishonish nega sizlar uchun shunchalik qiyin?! Axir, Masih ulugʻlanishidan oldin bu azoblarni boshdan kechirishi kerak edi–ku!

Keyin Musodan tortib, barcha Paygʻambarlar bitiklarida Oʻzi haqida yozilgan soʻzlarning hammasini Iso ularga tushuntirdi. Nihoyat, ular borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso Oʻzini yoʻlda davom etadigan qilib koʻrsatdi. Lekin ular Isoga:

— Kech boʻlib qoldi, hademay qorongʻi tushadi. Biz bilan birga qoling, — deb qistadilar.

Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi. Ular bilan birga dasturxonga oʻtirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi. Shunda ularning koʻzlari ochilib, Isoni tanib qolishdi. Biroq Iso koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Shogirdlar bir–biriga dedilar:

— U yoʻlda biz bilan gaplashib, Muqaddas bitiklarni tushuntirayotganda, yuraklarimiz jizillamaganmidi, axir?!

Shu zahoti oʻrinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. Oʻn bir havoriyni va ular bilan toʻplanib turganlarni topdilar. Havoriylar ularga:

— Rabbimiz Iso haqiqatan ham tirilibdi! U Butrusga koʻrinibdi! — deb aytdilar. Shunda Emmausdan qaytib kelgan ikki shogird ham yoʻldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganlarini aytib berdilar.

Ular bu toʻgʻrida hali gapirayotganlarida, Isoning Oʻzi oʻrtalarida zohir boʻldi.

— Sizlarga tinchlik boʻlsin! — dedi.

Shogirdlar, arvoh koʻryapmiz, deb oʻylab oʻtakasi yorildi. Lekin Iso ularga dedi:

— Nega qoʻrqib ketdingizlar? Nechun koʻnglingizda buncha gumonlar tugʻilyapti? Qoʻllarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Men Oʻzimman. Meni ushlab koʻringlar. Arvohning etu suyagi boʻlmaydi–ku, axir! Mening esa, koʻrib turganingizday, etu suyagim bor.

Iso shu gaplarni aytib, ularga qoʻl–oyoqlarini koʻrsatdi. Shogirdlari sevinchdan taajjublanib hali ham ishonmay turganlarida, Iso ulardan soʻradi:

— Bu yerda yeydigan biron narsangiz bormi?

Shogirdlari Unga bir boʻlak qovurilgan baliq berishdi. Iso buni olib, ularning koʻzlari oldida yedi. Keyin Iso shogirdlariga dedi:

— Sizlar bilan birga boʻlgan paytlarimda, Musoning Tavrot kitobida, Paygʻambarlar bitiklarida va Zaburda Men toʻgʻrimda yozilganlar bajo boʻlishi kerak, deb sizlarga aytgan edim.

Soʻngra Iso, Muqaddas bitiklarni tushunib yetsinlar deb, ularning ongini ochdi va ularga dedi:

— Masih azob chekishi va uchinchi kuni oʻlikdan tirilishi kerak, deb yozilgan. Yana, tavba qilish va gunohlarning kechirilishi haqidagi xabar Uning nomi bilan jamiki xalqlarga vaʼz qilinishi kerak, deb ham yozilgan. Shunday ekan, Quddusdan boshlab, hamma odamlarga koʻrgan–bilganlaringizni aytinglar.”

Luqo 24:1–48

Iso Masihning g’alabasi

Ilk hosil bayramida Iso Masih buyuk gʻalaba qozondi. Doʻstlari ham, dushmanlari ham bunday boʻlishini, oʻlikdan tirilish, oʻlimni yengish mumkinligini tasavvur ham qila olmas edilar. Injil shunday deydi:

“Oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan tanaga, bu foniy tanamiz mangu tanaga aylanganda, Muqaddas bitiklarda yozilgan quyidagi soʻzlar amalga oshadi:

“Oʻlim yengilib, yoʻq boʻldi.

Ey oʻlim, sening zafaring qayerda?!

Ey oʻlim, sening nishing qayerda?!”

Oʻlimning nishi gunohdir. Gunohning quvvati esa qonundan kelib chiqdi.”

1 Korinfliklar 15:54-56

Bu gʻalaba faqat paygʻambarniki emas. Bu gʻalaba siz va bizniki hamdir. Gʻalaba ilk hosil bayramida amalga oshdi. Matnda shunday deyilgan:

“Vaholanki, Masih haqiqatan ham tirildi! U birinchi boʻlib tirildi, shu tariqa oʻlikdan tiriladiganlarning orasida hosilning ilk samarasiday boʻldi. Oʻlim bir inson orqali dunyoga kirdi. Shunga oʻxshab, oʻliklarning tirilishi ham bir Inson orqali sodir boʻladi. Axir, bu dunyoga oʻlim Odam Ato tufayli kirib keldi, endi Iso Masih orqali hamma tiriladi. Hamma narsa oʻz navbati bilan sodir boʻladi: mana, Masih birinchi boʻlib tirildi, Masih kelganda esa Unga tegishli boʻlganlar tiriladi. Shundan soʻng Masih har qanday hokimiyatni, hukmronlik va qudratni barbod qilib, saltanatni samoviy Ota — Xudoga topshirganda oxirat boʻladi.

Masihning hamma dushmanlari Uning oyoqlari ostiga poyandoz qilinmaguncha, U hukmronlik qilishi kerak. Shunda oxirgi dushman — oʻlim ham barham topadi.”

1 Korinfliklar 15:20-26

Masih ilk hosil bayrami nishonlanadigan kunning oʻzida tirildi. Bu orqali biz ham oʻliklardan tirilishda qatnashishimizga ishondik. Ilk hosil bayrami yangi hayotni kutish va bahorning oxirida katta hosilni kutish belgisi boʻlgani kabi, “oʻliklardan tirilgan toʻngʻich” – Iso Masihning tirilishi ham, Unga tegishli boʻlganlarning umumiy tirilishining belgisi edi. Tavrot va Qur’onda o’lim Odam alayhissalom orqali dunyoga kirgani aytiladi. Injilda aytilishicha, yangi hayot uchun tirilish bizga Iso Masih orqali keladi. U yangi hayotga tirilganlarning toʻngʻichidir va biz hammamiz bunda ishtirok etishga taklif qilinganmiz.

Fisih: Yakshanba kunidagi tirilish bayrami

Hozirgi zamonda Iso Masihning tirilishi Fisih bayrami bilan nishonlanadi. U tirilgan yakshanba Fisih yakshanbasi deb ataladi. Lekin bu atamalarning oʻzi ancha keyinroq qoʻllanila boshlandi. Biroq, qaysi soʻzlarni ishlatishimiz unchalik muhim emas. Muhimi shuki, paygʻambarning tirilishi qadimgi bashoratning amalga oshishi boʻldi. Bu bashorat Iso Masihdan yuz yillar oldin, Muso paygʻambar davrida joriy qilingan ilk hosil bayramida berilgan edi. Bularning barchasi biz uchun oʻta ahamiyatlidir.

Vaqt jadvalida yakshanbadagi (yangi haftaning birinchi kuni) voqealar ko’rsatilgan:

Iso Masih ilk hosil bayramida o’limdan tirilishi – yangi hayotning boshlanishi. Вarcha odamlarga hadya.

Muborak juma haqidagi savolga javob

Yuqorida aytilganlarning barchasi Muborak juma haqidagi savolga javob beradi. Injil shunday deydi:

  Ammo “qisqa vaqtgagina farishtalardan past boʻlgan” Insonni, yaʼni Isoni biz koʻrib turibmiz. U inson boʻlib keldi, Xudoning inoyati tufayli butun insoniyat uchun azob chekib, oʻldi. Shu sababdan endi “izzatu sharaf tojini kiydi.”

Ibroniylarga 2:9

Iso Muborak juma kuni oʻlim bilan uchrashdi. Buni U barchamiz uchun amalga oshirdi. Muborak Juma Buyuk deb nomlanadi, chunki bu kunda siz va men uchun ajoyib hodisa roʻy bergan. Paygʻambar ilk hosil bayramida tirildi va hamma odamlarga hayot hadya qildi.

Qur’on bo’yicha Iso Masihning tirilishi va tinchligi

Qurʼonda bu voqealar unchalik batafsil yoritilmagan, ammo Iso Masihning tirilishi u yerda uch taqdirli kunlar qatorida qayd etilgan. Maryam surasida shunday deyilgan:

Iso al- Masih aytdi:

  Menga tug’ilgan kunimda ham, vafot etadigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham salom (omonlik) bo’lur

Maryam surasi 19:33

Injil shuningdek, Iso Masihning tug’ilishi, o’limi va tirilishi haqida gapiradi. Isoning tirilishi yangi hayotning “ilk hosili”gina edi. Paygʻambar inʼomi siz va menga toʻkilmoqda. Iso Masih tirilganining ertasiga shogirdlari bilan uchrashib, ularga shunday salom berdi:

“Oʻsha yakshanba kuni oqshomda shogirdlar toʻplangan edilar. Ular yahudiylardan qoʻrqib, uyning eshiklarini qulflab olgan edilar. Shu payt Iso keldi, oʻrtalarida turib shogirdlariga:

— Sizlarga tinchlik boʻlsin! — dedi. Soʻng ularga qoʻllarini va biqinini koʻrsatdi. Shogirdlar Rabbimiz Isoni koʻrib, xursand boʻlib ketdilar.

Iso yana ularga dedi:

— Sizlarga tinchlik boʻlsin! Osmondagi Otam Meni dunyoga yuborgani singari, Men ham sizlarni dunyoga yuboryapman.

Shunday deb, ularning ustiga pufladi–da:

— Muqaddas Ruhni qabul qilinglar, — dedi.”

Yuhanno 20:19-22

Musulmonlarning odatiy salomi “assalomu alaykum”ni biz har kuni ishlatamiz. Bu soʻzlarning maʼnosi: “sizlarga tinchlik boʻlsin!”. Iso paygʻambar oʻsha davrlardayoq bu soʻzlarni ishlatib, Oʻzidagi tirilish va tinchlik bilan barcha moʻminlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼkidladi. Har safar bu salomlashishdan foydalanganda, bizga vaʼda qilingan sovgʻani eslashimiz darkor.

Masihning tirilishi haqida fikr yuritish

Tirilgandan keyin payg’ambar Iso Masih ko’p kunlar davomida shogirdlari va izdoshlariga zohir bo’ldi. Injil bu yerda bu haqda gapiradi. Ammo shogirdlar Uning tirilishi haqida eshitganlarida, buni “safsata” deb qabul qildilar:

“Ammo havoriylar, bu ayollar safsata tarqatyaptilar, deb oʻyladilar, ayollarning gaplariga ishonmadilar.”

Luqo 24:11

Payg’ambar shogirdlariga ko’p narsani tushuntirishiga to’g’ri keldi:

“Keyin Musodan tortib, barcha Paygʻambarlar bitiklarida Oʻzi haqida yozilgan soʻzlarning hammasini Iso ularga tushuntirdi.”

Luqo 24:27

Va yana:

“Keyin Iso shogirdlariga dedi:

— Sizlar bilan birga boʻlgan paytlarimda, Musoning Tavrot kitobida, Paygʻambarlar bitiklarida va Zaburda Men toʻgʻrimda yozilganlar bajo boʻlishi kerak, deb sizlarga aytgan edim.”

Luqo 24:44

Allohning biz uchun rejasi aynan shu ekanligiga va oʻlimdan hayotga oʻtish yoʻli aynan shu ekanligiga amin boʻla olamizmi? Kelajakni faqat Xudo biladi. Shu sababdan bu voqealardan bir necha yuz yilliklar avval yashab oʻtgan Tavrot va Zabur paygʻambarlari orqali bizga belgi va alomatlar nozil qilingan edi. Bu alomatlarning barchasi Iso Masihning hayotida amalga oshdi, toki bizlar ishonch va mustahkam umidga ega boʻlaylik:

“…toki sizga oʻrgatilgan taʼlimotning haqiqiyligiga oʻzingiz ishonch hosil qiling.”

Luqo 1:4.

Iso Masihning qurbonligi va tirilishini tushunib yetish orqali umidimizni mustahkamlashga bizga toʻrtta havola yordam beradi:

  1. Ushbu maqola Musoning Tavrot Kitobidagi Iso Masih haqida belgi va alomatlarga bag’ishlangan.
  2. Ushbu maqola payg’ambarlar kitoblari va Zabur sanolaridagi belgilar va alomatlarga bag’ishlangan. Bu ikki maqolada, Muqaddas Bitiklar haqiqatan ham “Masih azob chekib, uchinchi kuni o‘limdan tirilishi kerak edi” deb guvohlik beradimi, degan savol ko‘rib chiqiladi.
  3. Bu maqola Iso Masih va’da qilgan tirilish in’omini qanday olishimiz mumkinligini tushuntiradi.
  4. Ushbu maqola Iso Masihning xochga mixlanishi bilan bog’liq tushunmovchiliklarni bartaraf qiladi va ularni Qur’oni Karim nurida ko’rib chiqadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *