Anfol surasida (8-sura O’lja) shayton inson zotini qanday vasvasaga solishi haqida gapiriladi.
“O’shanda shayton ularga qilayotgan ishlarini ziynatli qilib ko’rsatib: “Bu kun odamlar ichida sizlarga g’olib keladigani yo’q. Mana, men yoningizdadirman!” – dedi. Ikki to’p (lashkarlar) to’qnashganda esa (shayton) ortiga chekinib: “Men sizlardan bezorman. Men sizlar ko’rmagan narsani ko’rayapman. Men Allohdan qo’rqaman. Alloh jazosi qattiq (zot)dir”, – dedi.”
Anfol surasi 8:48
Toha surasi (20-sura – Toha) Iblis Odam alayhissalomni gunohga qanday undagani haqida gapiradi. Matnda shunday deyilgan:
“So’ng shayton unga vasvasa qilib: “Ey, Odam, men senga abadiyat daraxti va chirimas (yo’q bo’lmas) mulkka boshlab boraymi?” – dedi.”
Toha surasi 20:120
Shayton Iso Masihga qarshi ham xuddi shu yo’lni qo’lladi. Injilda Yahyo payg‘ambar kelganidan keyin shaytonning Iso alayhissalomni vasvasaga solishga uringani haqida hikoya qilinadi. U Yahyo (alayhissalom) odamlarning yuragini Masihning kelishiga tayyorlayotganini bilardi. Paygʻambar odamlarni tavba qilishga qatʼiy undardi. Injilda aytilishicha, Iso (alayhissalom)ni Yahyo paygʻambar suvga choʻmdirgan. Bu Iso alayhissalomning Masih sifatida xizmatining boshlangʻich nuqtasi edi. Lekin, bu xizmat boshlanishidan oldin Iso paygʻambar sinovlardan oʻtib, insoniyat dushmani – shayton tomonidan vasvasalarga solinishi kerak edi.
Injilda bu vasvasalar batafsil bayon etilgan: shayton Iso alayhissalomni uch bora vasvasaga solmoqchi boʻlgan. Keling, ularning har birini koʻrib chiqaylik. (Eʼtibor bering, shayton Isoga “Xudoning Oʻgʻli” deb murojaat qiladi. Bu iboraning izohini bu yerda topishingiz mumkin).
Non bilan bog’liq vasvasa
“Iblisning sinovidan oʻtishi uchun Muqaddas Ruh Isoni sahroga boshlab ketdi. Iso qirq kun va qirq kecha roʻza tutdi, oxiri och qoldi. Shunda iblis kelib, Isoni vasvasaga solmoqchi boʻlib dedi:
— Agar Sen Xudoning Oʻgʻli boʻlsang, bu toshlarga buyur, nonga aylansin!
Iso unga javoban dedi:
— Yozilganki: “Inson faqat non bilan emas, balki Xudoning ogʻzidan chiqqan har bir soʻz bilan yashaydi.”
Matto 4:1-4
Bu yerda Odam Ato va Momo Havo jannatda vasvasaga solinganligi bilan o’xshashlik bor. O’sha birinchi vasvasada, taqiqlangan meva Momo Havoga “chiroyli”, yeyish uchun yaroqli bo’lib ko’rindi. 40 kun uzluksiz (iftorsiz – har oqshom tanaffussiz) ro’za tutgan Iso (alayhissalom) uchun non haqida o’ylashning o’zi kuchli vasvasa edi. Ammo bu vasvasaning oqibati boshqacha bo’ldi – Odam alayhissalom qarshilik ko’rsata olmagan joyda Iso Masih (alayhissalom) shayton vasvasalariga qarshi tura oldi.
Nimaga Isoga qirq kun ovqat eyish taqiqlangan edi? Injilda bu haqda ochiq aytilmagan. Zaburda esa kelayotgan qul yahudiy xalqi uchun, ya’ni Isroil uchun yetakchi bo’ladi, degan bashorat bor. Muso alayhissalom boshchiligidagi isroilliklar qirq yil sahroda yurib, osmondan tushgan non – mannani yedilar. Qirq kunlik roʻza va Xudoning Soʻzi haqida fikr yuritish Iso uchun ruhiy ozuqa edi. Bu kunlarda Iso Masih Isroilning sahroda sargardon boʻlgan vaqtiga ramziy ravishda qoʻshildi, 40 kunlik roʻza paytida bu hodisani takrorladi.
Xudoni sinash bilan bog’liq vasvasa
Ikkinchi vasvasa ham birinchisidan qolishmas edi. Injilda shunday yozilgan:
“Keyin iblis Isoni muqaddas shahar Quddusga olib bordi. Uni Maʼbadning eng yuqori joyiga chiqarib, shunday dedi:
— Agar Sen Xudoning Oʻgʻli boʻlsang, Oʻzingni pastga tashla. Axir, yozilgan–ku:
“U Sen toʻgʻringda farishtalariga amr beradi,
Oyogʻing toshga qoqilib ketmasin deya,
Farishtalar qoʻllarida Seni koʻtarib boradi.”
Iblisga Iso dedi:
— “Egang Xudoni sinama”, deb ham yozilgan.”
Matto 4:5-7
Shayton Iso Masihni vasvasaga solish uchun Zaburdan iqtibos keltirdi. Koʻrinib turibdiki, Alloh taolodan oshib ketish istagiga ega boʻlgan shayton Muqaddas Bitiklarni yoddan bilgan va unga qarshi kurashda ulardan foydalangan. U Bitiklarni sinchiklab oʻrganib, mazmunini mohirlik bilan buzib koʻrsatardi.
Shayton kichik bir iqtibos keltirgan Zaburning to’liq matni quyidagichadir (iqtibos sifatida keltirilgan so’zlarning tagiga chizilgan):
“Agar Egamizni panohing qilsang,
Boshingga biron baxtsizlik kelmas.
Xudoyi Taoloni qoʻrgʻoning qilsang,
Biron falokat chodiringga yoʻlamas.
U sen toʻgʻringda farishtalariga amr beradi,
Farishtalar hamma yoʻllaringni qoʻriqlaydi.
Oyogʻing toshga qoqilib ketmasin deya,
Farishtalar qoʻllarida seni koʻtarib boradi.
Sher va zaharli ilon ustidan bosib oʻtasan,
Yirtqich sher, ilonni oyogʻing bilan ezasan.
Egamiz shunday deydi:
“U Meni yaxshi koʻrgani uchun
Men uni qutqaraman.
Meni bilgani uchun
Men uni himoya qilaman.”
Zabur 90:9-14
Koʻrib turganingizdek, Zaburda “sen” olmoshi qoʻllanilgan, Shayton buni Masihga nisbatan ishlatadi . Ammo matnda toʻgʻridan-toʻgʻri “Masih” deyilmagan-ku, Shayton bunday talqinni qayerdan oldi?
“Sher va zaharli ilon ustidan bosib oʻtasan,
Yirtqich sher, ilonni oyogʻing bilan ezasan” deb yozilgan 13-oyatga e’tibor bering.
” Sher” – Yoqub (a.s.)ning Tavrotdagi bashoratiga ko’ra, Isroilning Yahudo qabilasiga ishoradir:
“Yahudo sherning bolasiga oʻxshar,
Oʻgʻlim, ovdan qaytib kelding sen,
Sherdek choʻkib, choʻzilib yotarsan.
Seni uygʻotmoqqa kim jurʼat etar?!
Yahudoning qoʻlidan ketmas saltanat hassasi,
Uning naslida qolar saltanat tamgʻasi,
Xalqlar unga oʻlpon keltirarlar,
Unga itoat etib taʼzim qilarlar.”
Ibtido 49:9–10
Qachonlardir (taxminan miloddan avvalgi 1700 yil) Yoqub paygʻambar Tavrotda Yahudo qabilasi sherga oʻxshaydi va bu qabiladan bir yoʻlboshchi – “U” chiqadi, deb bashorat qilgan edi. Keyinchalik bu bashorat Zaburning boshqa paygʻambarlari tomonidan kengroq yoritildi. Bashoratda «U» olmoshi bilan atalgan zot «sherni oyogʻi bilan ezadi» deb yozilgan. Bu esa bashoratdagi zot Yahudo shohi boʻlishiga ishora qiladi.
Bundan tashqari, shayton keltirgan parchada aytilishicha, bu zot “ilonni oyogʻi bilan ezadi” . Bu toʻgʻridan-toʻgʻri Allohning jannatdagi birinchi vaʼdasiga ishora qiladi, u yerda ayoldan tugʻilgan zot ilonning (ajdahoning) boshini ezib tashlashi haqida bashorat qilingan edi. Keling, ushbu bashoratli vaʼdani undagi barcha qahramonlarga eʼtibor bergan holda koʻrib chiqamiz.
Rabbiy Xudo ilonga dedi:
“Dushmanlik paydo qilaman sen bilan xotin oʻrtasida,
Sening zoting bilan uning zoti orasida.
Uning zoti ezib tashlaydi sening boshingni,
Sen chaqib olasan uning tovonini.”
Ibtido 3:15
Birinchi marta bu va’da Odam Ato alomatida berilgan edi, ammo u erda tafsilotlar yo’q. Endi esa biz xotin deganda Maryam nazarda tutilganini bilamiz, chunki faqat u bokira bo’la turib, er ishtirokisiz o’g’il tug’di. Uning avlodi, “u” olmoshi bilan ifodalangan Zot – va’da qilingan Masih (alayhissalom)dir. Ko’rib turganingizdek, qadimgi va’da bo’yicha Iso al- Masih (“u”) ilonning boshini ezib tashlaydi. Shayton keltirgan Zabur bashorati bu va’daga mosdir:
“Sher va zaharli ilon ustidan bosib oʻtasan,
Yirtqich sher, ilonni oyogʻing bilan ezasan.”
Zabur 90:13
Shayton iqtibos keltirgan Zabur parchasida Tavrotning ikki qadimiy bashorati mujassam edi: Oʻzini Shoh sifatida namoyon qiladigan va shaytonning (ajdahoning) boshini ezib tashlaydigan Zot kelishi haqidagi bashoratlar bor edi. Shayton Zaburning bu oyatlari Masihga ishora qilishini bilar edi, garchi Uning ismi Zaburda aytilmagan boʻlsa ham. Shaytonning vasvasasi bu bashoratlarning yozilgandan farqli ravishda amalga oshishiga qaratilgan edi. Zabur va Tavrot bashoratlari toʻliq amalga oshadi, buning uchun Iso alayhissalom maʼbad qanotidan sakrab, odamlarning eʼtiborini tortishi shart emas. U Tavrot va Zaburda aytilganiga amal qilib, hamma narsada Allohning rejasiga boʻysunadi.
Shaytonga bosh egish vasvasasi
Va nihoyat, shayton o’zi hukmronlik qilayotgan barcha shohliklar bilan Iso Masihni vasvasaga sola boshladi. Injilda shunday yozilgan:
“Soʻng Isoni iblis baland bir toqqa olib chiqdi. Unga olamning barcha shohliklarini hamda ularning hashamatini koʻrsatib, dedi:
— Agar tiz choʻkib menga sajda qilsang, bularning hammasini Senga beraman.
Shunda Iso dedi:
— Yoʻqol koʻzimdan, shayton! Axir: “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil”, deb yozilgan–ku!
Shundan keyin Isoni iblis tark etdi. Farishtalar kelib, Isoga xizmat qildilar.”
Matto 4:8-11
Masih so’zi “shoh bo’lish uchun moylangan” degan ma’noni anglatadi, shuning uchun Masih haqiqatan ham shoh bo’lishga haqli. Shayton haqiqatan Iso Masihga tegishli boʻlgan narsalar bilan Uni vasvasaga solmoqchi boʻldi. Dushmanning rejasi boʻyicha Iso Masih saltanatga notoʻgʻri yoʻl bilan, unga (shaytonga) sajda qilish orqali kelishi kerak edi. Lekin bu shirk. Iso vasvasaga qarshi turdi va yana Tavrotdan iqtibos keltirdi. Iso Masih (alayhissalom) uchun Tavrot muqaddas matn edi; u Tavrotni yoddan bilardi va u yerda aytilganlarga ishonardi.
Iso bizni tushunadigan Zot
Iso (alayhissalom)ning sinov davrida boshidan kechirganlari siz va men uchun juda muhim. Injil aytadi:
“Isoning Oʻzi sinovdan oʻtib, azob chekdi. Shuning uchun U sinovdan oʻtayotganlarga yordam bera oladi.”
Ibroniylarga 2:18
Shuningdek:
“U ojizliklarimizga hamdard boʻla oladi. Axir, U biz kabi har tomonlama sinalgan, lekin bizga oʻxshab gunoh qilmagan. Kelinglar, inoyatli Xudoyimizning taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik. Shunda U bizga marhamat koʻrsatadi, Uning inoyati zarur vaqtda bizga yordam beradi.”
Ibroniylarga 4:15–16
Yodingizda bo’lsa, Horun (alayhissalom) oliy ruhoniy bo’lib, xalq uchun qurbonliklar keltirgan. Bu qurbonliklar orqali isroilliklarning gunohlari kechirilar edi. Xuddi shunday, Iso (alayhissalom) ham zaifliklarimizda bizga hamdard boʻlishi mumkin – ilgari oliy ruhoniy xalqqa hamdard boʻlgani kabi. Iso bizga vasvasalarda yordam beradi, chunki Uning Oʻzi, garchi gunoh qilmagan boʻlsa ham, shayton tomonidan vasvasaga solingan. Iso (alayhissalom) tufayli biz Alloh oldida dadil tura olamiz. Iso bizning oliy ruhoniymizdir, U eng qiyin vasvasalarga duch keldi, lekin magʻlub boʻlmadi, gunohga yon bosmadi. U bizni tushunadi, shuning uchun vasvasalar va gunohlarda bizga yordam bera oladi. Ammo bir savol bor: biz Unga buni qilishga ruxsat beramizmi?