Skip to content
Home » Masih (alayhissalom) va tirik suv in’omi

Masih (alayhissalom) va tirik suv in’omi

  • by

“Mutaffifin” surasida ( 83 -sura – “Otish”) Allohga yaqin bo’lganlarga jannatda hayot beruvchi manba berilishi aytilgan.

“Unga (Allohga) yaqin (farishta)lar guvoh bo’lurlar. Albatta, yaxshilar (mo’minlar jannat) ne’matlari ichradirlar. Ular so’rilarda, (ne’matlarga) boqurlar.”

Mutaffifin surasi 83 :21-23

“Ularga (jannatda) muhrlangan maydan ichirilurki,… (Tasnim Allohga) yaqin (banda)lar ichadigan bir chashmadir.”

Mutaffifin 83: 25.28

“Al- Inson” surasi (76-sura – “Inson”) ham jannatga kirganlarning barchasiga beriladigan jannatiy manba haqida gapiradi.

“Albatta, yaxshilar (jannatda) mizoji kofur bo’lmish qadahdan (may) ichurlar. Allohning bandalari ichadigan (bu) chashmani (o’zlari xohlagan joydan) chiqarib (oqizib) olurlar.”

Inson surasi 76:5-6

“(Jannat ahli) u joyda mizoji zanjabil bo’lmish qadahlarda ichirilurlar. U yerdagi chashmaning nomi Salsabil deb atalur.”

Inson surasi 76: 17-18

Ammo biz bugungi chanqoqligimiz bilan nima qilishimiz kerak? Gunoh va sharmandalik tufayli Allohga yaqin boʻlmaganlar nima qilishlari kerak? Iso Masih (alayhissalom) bu savollarga javob beradi. Butun jamiyat tomonidan rad etilgan samariyalik ayol bilan boʻlgan voqeaga eʼtibor beraylik.

Masih (alayhissalom) dushmanlarga qanday munosabatda boʻlish haqida gapiradi. Atrofimizdagi dunyo – tinimsiz adovat dunyosidir. Biz uni qandaydir doʻzaxga aylantirib yubordik. Keyingi hikoyada biz insonning dushmanlarga bo’lgan munosabati uning jannatga kirish yoki kirmasligini hal qilishini ko’ramiz!

Ammo boshqalarga gapirish bir narsa, oʻz taʼlimotiga muvofiq harakat qilish esa boshqa narsadir. Koʻp imom-xatiblar, ilm oʻqituvchilari bir narsani oʻrgatsa, boshqasini qiladi. Iso Masih hayotidan bir voqeani koʻrib chiqaylik. Bir kuni U yoʻlda samariyalik ayolni uchratdi (oʻsha kunlarda samariyaliklar yahudiylarning dushmanlari edi). Bu “Injil”da shunday tasvirlangan:

Iso samariyalik ayol bilan gaplashmoqda

“Iso Yahyodan koʻra, koʻproq shogird orttirib, suvga choʻmdiryapti degan xabar farziylarning qulogʻiga yetib bordi. Vaholanki, xalqni Isoning Oʻzi emas, shogirdlari suvga choʻmdirayotgan edilar. Bu xabar farziylarning qulogʻiga yetib borganini Iso eshitgach, Yahudiyani tark etib, yana Jalilaga yoʻl oldi. Yoʻlda U Samariyadan oʻtishi kerak edi. Shunday qilib, U Samariyaning Sixar degan shahriga keldi. Bu shahar Yoqub oʻz oʻgʻli Yusufga bergan yerga yaqin edi. Yoqubning qudugʻi ham oʻsha yerda edi.

Yoʻl yurib charchagan Iso quduqning yoniga oʻtirdi. Taxminan tush payti edi. Shu vaqt Samariyalik bir ayol suv olgani kelib qoldi. Iso unga:

— Menga ichgani suv ber, — dedi. Isoning shogirdlari esa ovqat sotib olish uchun shaharga ketgan edilar.

Samariyalik ayol Unga shunday dedi:

— Siz yahudiy boʻlsangiz, men esa Samariyalik ayol boʻlsam, qanday qilib mendan suv soʻrashga jurʼat etdingiz?!

Nega desangiz, yahudiylar Samariyaliklar bilan aloqa qilmaydilar.

Iso ayolga dedi:

— Xudo senga qanday inʼom bermoqchi ekanligini va sendan suv soʻragan Odam kim ekanligini sen bilmaysan. Bilganingda edi, oʻzing Undan suv soʻragan boʻlar eding va U senga hayotbaxsh suvni bergan boʻlardi.

— Taqsir! — dedi ayol, — Sizda suv oladigan hech narsangiz yoʻq–ku, quduq esa chuqur. Hayotbaxsh suvingizni qayerdan olasiz? Bu quduqni bizga bobokalonimiz Yoqub bergan. Uning oʻzi ham, bolalari ham, chorvasi ham bu quduqdan suv ichgan. Nahotki Siz Yoqubdan ham ustun boʻlsangiz?!

Iso ayolga shunday javob berdi:

— Bu suvdan kim ichsa, yana chanqab qoladi. Lekin Men beradigan suvdan kim ichsa, abadiy chanqamaydi. Men beradigan suv oʻsha odamning vujudida buloqqa aylanib, to abad hayot sari joʻshib oqadi.

— Taqsir, bu suvdan menga ham bering. Men ham hech qachon chanqamayin, suv olgani bu yerga kelavermayin, — dedi ayol.

— Borib, eringni bu yerga chaqirib kel, — dedi Iso.

— Mening erim yoʻq, — dedi ayol.

— Erim yoʻq, deb sen toʻgʻrisini aytding, — dedi Iso. — Sening besh nafar ering boʻlgan, hozirgisi ham ering emas. Sen toʻgʻrisini aytding!

— Hazrat, Siz paygʻambar ekaningizni koʻrib turibman, — dedi ayol. — Ota–bobolarimiz Xudoga bu togʻda sajda qilar edilar. Ammo sizlar — yahudiylar esa Xudoga sajda qilinadigan joy Quddusda, deysizlar.

Iso unga dedi:

— Ey ayol, Menga ishongin, shunday vaqt keladiki, oʻshanda osmondagi Otaga na bu togʻda, na Quddusda sajda qilasizlar. Sizlar — Samariyaliklar kimga sajda qilayotganingizni bilmaysizlar, biz esa kimga sajda qilayotganimizni bilamiz. Chunki najot yahudiylardan keladi. Ammo shunday vaqtlar keladiki, haqiqiy sajda qiluvchilar Otaga Ruhda va haqiqatda sajda qiladilar. Bunday vaqt keldi ham! Ota shu yoʻsinda Oʻziga sajda qiluvchilarni izlaydi. Xudo Ruhdir, Unga sajda qiluvchilar ham Muqaddas Ruh boshchiligida, haqiqatni bilgan holda sajda qilishlari lozim.

Ayol Isoga:

— Men Masih kelishini bilaman. U kelganda, hamma narsani bizga tushuntiradi, — dedi. (Masih “Xudoning tanlagani” demakdir.)

Iso ayolga dedi:

— Oʻsha Menman. Sen bilan gaplashib turibman.

Shu paytda Isoning shogirdlari kelib qolishdi. Uning bir ayol bilan gaplashayotganini koʻrib hayron boʻlishdi. Lekin birortasi ham: “Nima xohlaysiz?” yoki: “Nimaga bu ayol bilan gaplashyapsiz?” deb soʻramadi.

Ayol koʻzasini oʻsha yerda qoldirdi–da, shaharga borib, odamlarga dedi:

— Yuringlar, bir Odamni koʻringlar. U mening qilgan hamma ishlarimni aytib berdi! Oʻsha Masih emasmikin?

Odamlar shahardan chiqib, Isoning oldiga bordilar.

Shu orada shogirdlari Isoga:

— Ustoz, ovqat yeb oling, — deb taklif qildilar. Ammo Iso ularga dedi:

— Mening yeydigan ovqatim bor, sizlar bu ovqat toʻgʻrisida bilmaysizlar.

Shogirdlari oʻzaro gaplashib: “Biron kishi Unga ovqat keltirganmikin?” deb aytishardi. Iso ularga dedi:

— Mening ovqatim — Meni Yuborganning irodasini ado etish, Uning ishini tugatishdir. Sizlar: “Ekinlar toʻrt oyda yetiladi” degan iborani ishlatasizlar. Men esa sizlarga aytaman: koʻzlaringizni ochinglar! Ekinzorlarga qaranglar! Hosil yetilgan, oʻrim–yigʻimga tayyor boʻlgan. Oʻroqchi hozirdan yaxshi daromad olmoqda, abadiy hayot uchun hosil yigʻmoqda. Toki hosilni ekkan va oʻrgan birga quvonishsin. “Biri ekadi, boshqasi oʻradi” degan maqol shu vaziyatga toʻgʻri keladi. Men sizlarni oʻzingiz mehnat qilib ekmagan hosilni oʻrgani yubordim. Boshqalar mehnat qilgan edilar, sizlar esa ularning mehnatidan foydalanasizlar.

Shundan keyin oʻsha shaharda yashovchi talay Samariyaliklar Isoga imon keltirishdi. Ular haligi ayolning “U mening qilgan hamma ishlarimni aytib berdi” degan guvohligiga ishongan edilar. Shunday qilib, Samariyaliklar Isoning oldiga kelib: “Biz bilan qoling”, deb Isoga yolvorishdi. Iso ikki kun oʻsha yerda qoldi. Isoning aytgan soʻzlari tufayli koʻp odamlar imon keltirdi. Shunda ular ayolga dedilar:

— Endi sening soʻzlaring tufayligina ishonayotganimiz yoʻq. Uni oʻzimiz ham eshitdik. U haqiqatan ham olamning Najotkori ekanligiga amin boʻldik.”

Yuhanno 4:1–42Samariyalik ayol Iso Masih (alayhissalom) u bilan gaplashganidan juda hayron boʻldi. Oʻsha davrlarda yahudiylar bilan samariyaliklar oʻrtasida adovat bor edi. Paygʻambar suhbatni quduqdan suv olib berishni soʻrashdan boshladi. Matnda uning juda chanqaganligi aytiladi. Ammo paygʻambar sifatida Iso Masih samariyalik ayolning ham chanqaganini bilar edi. Lekin bu chanqoqlik boshqacha edi. Uni quvonch va toʻlaqonli hayotga tashnalik qiynardi. U boʻsh yuragini erkaklar bilan noqonuniy munosabatlar orqali toʻldirishga urinar edi. Bu ayolning bir nechta eri boʻlgan edi. Paygʻambar u bilan gaplashgan paytda esa eri boʻlmagan bir odam bilan yashar edi. Jamiyat nazarida u axloqsiz ayol edi. Balki shuning uchun ham u tushdan keyingi issiqda quduqqa yolgʻiz borgan. Qishloqning boshqa ayollari ertalabki salqinda suvga kelishardi.Ular bu ayolning ular bilan birga suv olishini xohlamasdilar. Jamiyat hayoti gunohga toʻla boʻlgan ayolni rad etgan edi.

“Zabur”da insonning har bir gunohi qalb tashnaligidan kelib chiqishi yozilgan. Bu istak kuchli va uni qondirish kerak. Dunyoda koʻp odamlar bu chidab boʻlmas tashnalikni his etmoqdalar; bu tashnalik insonni gunohga undaydi. Buni barcha jamiyatlarda kuzatamiz.

Masih (alayhissalom) bu ayolni rad etmadi. U ayolga chanqoqni haqiqatan qondiradigan tirik suvdan ichishni taklif qildi. Gap jismoniy suv haqida emas (qanchalik ichsangiz ham tashnalik qaytadi), balki yurakdagi oʻzgarish, insonning ichida sodir boʻladigan oʻzgarish haqida. Zabur payg’ambarlari yangi ahd kelishini bashorat qilganlar. Bu ahd Iso Masih bilan birga keldi. Masih yurakni oʻzgartiruvchi sovgʻani taqdim etdi. Bu sovgʻa – abadiy hayotga oqadigan tirik suvdir.

Imon haqiqatni tan olish sifatida

Tirik suv sovgʻasi bu ayol uchun haqiqiy yangilik edi. Iso undan erini olib kelishni soʻradi va bu bilan ataylab uni gunohni tan olishga undadi. Ayol itoat etdi. Odatda, inson oʻziga haqqoniy qarashdan qochadi. Biz gunohimizni hech kim koʻrmasligiga umid qilib, yashirishni afzal koʻramiz. Yoki buni oqlash yoʻllarini qidiramiz. Odam Ato va Momo Havo Adan bog’ida aynan shunday qilishgan, bugungi kunda ham har birimiz xuddi shunday qilamiz. Ammo abadiy hayotga olib boradigan Xudoning rahm-shafqatini his qilishni istasak, gunohlarimizni samimiy tan olishimiz kerak. Chunki Injil bizga vaʼda beradi:

“Bordi–yu, gunohlarimizni eʼtirof etsak, sodiq va adolatli boʻlgan Xudo gunohlarimizni kechirib, bizni har qanday yomonlikdan forigʻ qiladi.”

1 Yuhanno 1:9

Shuning uchun payg‘ambar Iso Masih (alayhissalom) samariyalik ayolga shunday deydi:

“Xudo Ruhdir, Unga sajda qiluvchilar ham Muqaddas Ruh boshchiligida, haqiqatni bilgan holda sajda qilishlari lozim”.

Yuhanno 4:24

“Haqiqat” deganda oʻziga haqqoniy qarash, gunohni yashirishdan yoki uni oqlashdan bosh tortish nazarda tutiladi. Qanday ajoyib yangilik – Alloh taolo Oʻziga haqiqatda ibodat qiladigan bandalarni qidirmoqda. U bunday odamlardan yuz oʻgirmaydi.

Shunga qaramay, ayol uchun gunohini tan olish qiyin edi. Koʻpincha, biz uyalganimizda suhbatni boshqa mavzuga aylantiramiz, shaxsiy masaladan diniy aqidalarga oʻtamiz. Zamonaviy dunyo diniy qarama-qarshiliklar bilan toʻlib-toshgan. Oʻsha uzoq vaqtlarda samariyaliklar va yahudiylar oʻrtasida ibodat joyi haqida ham qattiq tortishuvlar boʻlgan. Yahudiylar Quddusda ibodat qilish kerakligini aytishsa, samariyaliklar esa faqat Garizim togʻida ibodat qilish mumkinligini aytishardi. Ayol paygʻambarning eʼtiborini gunohidan chalgʻitmoqchi boʻlib, suhbatni diniy mavzuga aylantirdi. Din pardasi ortida haqiqatdan yashirinish juda oson.

Har birimiz uchun bu qanchalar oddiy va tabiiy, ayniqsa dindorlik masalasi. Dindor kishi uchun boshqalarni hukm qilish juda oson – odamlar yo yomon, yo yaxshi. Ammo dindor odam oʻz gunohini koʻrmaydi.

Masih (alayhissalom) bu bahsga kirishmadi. Ibodatda asosiysi joy emas, insonning oʻzi va Alloh oldidagi halolligi ekanini aytdi. Ayol har qanday joyda Allohga murojaat etishi mumkin edi (chunki U Ruhdir), lekin faqat haqiqatda murojaat qilish talab qilinadi. Halol eʼtirofdan soʻng, u sovgʻa sifatida tirik suvni oladi.

Bu ayol burilish nuqtasiga yetdi. U dindorlik pardasi ortiga yashirinishda davom etishi yoki orqasiga oʻgirilib ketishi mumkin edi. Ammo u oʻz gunohini tan olishga qaror qildi. Uning eʼtirofi nafaqat soʻzda, balki amalda ham edi: u qishlogʻiga borib, paygʻambarning u haqda aytganlarini, qilgan ishlarini hamma odamlarga aytib berdi. Va eng muhimi, u yashirinishni toʻxtatdi. Ayol imonli boʻldi. Iso bilan uchrashishdan oldin u koʻpchiligimiz kabi dindor edi. Endi u imonli boʻlib, koʻplab qabiladoshlarini imonga jalb qildi.

Moʻmin boʻlish uchun toʻgʻri taʼlimotni aql bilan qabul qilishning oʻzi yetarli emas, garchi bu ham muhim. Biz Allohning rahm-shafqat haqidagi vaʼdasi haqiqat ekaniga chin yurakdan ishonishimiz kerak. Shu bilan birga gunohni yashirish shart emasligini ham anglashimiz darkor. Ibrohim alayhissalom ham ko‘p yillar avval vaʼdaga ishongani uchun solih deb atalgan edi.

Gunohingizni yashiryapsizmi? Oʻzingizni oqlayapsizmi? Balki siz buni diniy odatlar yoki imon haqidagi tortishuvlar pardasi ortiga yashirayotgandirsiz? Yoki gunohingizga iqrormisiz? Allohning huzuriga kelib, sharmandalik va aybni keltirib chiqaradigan gunohlarni eʼtirof eta olasizmi? Buni qilganingizdan soʻng, siz xursand boʻlasiz, chunki Alloh xuddi shunday topinuvchilarni qidiradi va sizni har qanday nohaqlikdan poklaydi.

Iso va samariyalik ayol oʻrtasidagi suhbatdan koʻrinib turibdiki, u uchun Iso alayhissalomni Masih deb tan olish juda muhim edi. Iso oʻsha ayol qishlogʻida ikki kun boʻldi va aholi uning taʼlimotini tinglaganida, Iso haqiqatan ham dunyoning Najotkori ekaniga amin boʻldi. Ehtimol, biz bularning barchasi nimani anglatishini to’liq tushunmayapmiz. Ammo Yahyoning bashoratlari odamlarning qalblarini Xudoning irodasini tushunishga tayyorlaganidek, gunohlarga iqror boʻlish ham bizni Uning cheksiz marhamatini olishga tayyorlaydi. Bu bizning toʻgʻri yoʻlimizdagi uchinchi qadamdir.

— Xudoyim, gunohkorga rahm qil.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *