Skip to content
Home » Iso Masih (alayhissalom) “ziyon ko’rganlarni” qutqarish uchun keldi.

Iso Masih (alayhissalom) “ziyon ko’rganlarni” qutqarish uchun keldi.

  • by

“Fussilat” surasi (41-sura – “Aniqlangan”) qiyomat kuni odamlar toifalarga boʻlinishi haqida gapiradi. Оʻsha kun hatto odam terisi ham unga qarshi guvohlik beradi. Qiyomat kuni ular shu soʻzlarni eshitadilar:

“Rabbingiz haqida o’ylagan mana shu gumonlaringiz sizlarni halok qildi. Bas, sizlar ziyon ko’ruvchilarga aylanib qoldingizlar.”

Fussilat surasi 41:23

Yakuniy hukm quyidagicha bo’ladi:

“Biz ular uchun (yo’ldan ozdiradigan) “do’stlar” tayyorlab qo’ydik, bas, o’shalar ularga oldilaridagi va orqalaridagi (gunohlarini) chiroyli ko’rsatdilar va ularga ham, o’zlaridan avval o’tib halok bo’lgan insu jindan iborat ummatlar qatorida, So’z (azob) muqarrar bo’ldi. Haqiqatan, ular ziyon ko’rgan bo’ldilar.”

Fussilat surasi 41:25

Bu oyat qiyomat kunida koʻpchilik “ziyon koʻrgan” boʻlishini eslatadi. Siz ham ular qatorida boʻlishingiz mumkin. Moʻminun surasi (23-sura – “Moʻminlar”) bu holatning katta ofat ekanligini aytadi.

“Bas, kimning (yaxshilik) mezonlari og’ir kelsa, bas, ana o’shalar iqbollidirlar.

Kimning mezonlari yengil bo’lsa, bas, ana o’shalar o’zlariga ziyon qilibdilar. Ular jahannamda mangu qoluvchidirlar.”

Mo’minun surasi 23: 102-103

Kimning tarozisi ogʻir boʻlsa, najot umidi bor, kimning tarozisi engil boʻlsa, “ziyon koʻradi”. Moʻminlar surasiga koʻra, ular “doʻzaxda abadiy qolishadi”. Odamlar dindor, poklarga va nopoklarga boʻlinadi. Iso Masih nopoklarni, yaʼni “Fussilat” va “Moʻminun” suralarida aytilganidek, jahannamga mahkum boʻlganlarni qutqarish uchun kelgan.

Dindorlar harom boʻlmaslik uchun oʻzlarini nopok odamlardan ajratib qoʻyadilar. Paygʻambar Iso Masih davridagi qonun (shariat) ustozlari ham shunday qilishgan. Ular harom boʻlmaslik uchun har qanday nopok narsalardan ajralib chiqdilar. Iso Masih (alayhissalom) inson qalbi pok bo’lgandagina chinakam pok bo’ladi, deb o’rgatgan. Shu sababdan U poklanish marosimi boʻyicha nopok boʻlgan odamlar bilan erkin muloqot qilgan. Injilda Isoning gunohkorlar bilan muloqoti va bu muloqotga qonun domlalarining munosabati tasvirlangan:

“Hamma soliqchilar va gunohkorlar Isoning taʼlimotini tinglash uchun kelar edilar. Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari: “Ana, U gunohkorlarni qabul qilib, ular bilan birga yeb–ichyapti”, deb mingʻirlab norozi boʻldilar.”

Luqo 15:1-2

Nima uchun Iso Masih gunohkorlarni qabul qilib, ular bilan birga ovqatlanardi? U gunohni shunchalik yaxshi koʻrarmidi? Paygʻambar Oʻzining tanqidchilariga uchta masal bilan javob berdi.

Yo’qolgan qo’y haqidagi masal

“Iso esa ularga quyidagi masalni aytib berdi: “Sizlarning orangizda kimningdir yuzta qoʻyi boʻlsa–yu, bittasi adashib qolsa, toʻqson toʻqqiztasini yaylovda qoldirib, adashgan qoʻyni topmaguncha qidirmaydimi? Oʻsha qoʻyini topganda, xursand boʻlib yelkasiga koʻtarib oladi. U uyiga kelib, doʻstlarini, qoʻshnilarini chaqiradi va ularga:

— Men yoʻqolgan qoʻyimni topdim! Xursandchiligimga sherik boʻlinglar, — deb aytadi.

Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavbaga hojat sezmagan toʻqson toʻqqizta solih odamdan koʻra, tavba qilgan bitta gunohkor uchun samoda koʻproq shodlik boʻladi.”

Luqo 15:3–7

Bu masalda Paygʻambar bizni qoʻyga, Oʻzini esa choʻponga oʻxshatadi. Har qanday choʻpon yoʻqolgan qoʻyni qidirgani kabi, U ham Oʻzining “yoʻqolgan” odamlarini qidiradi. Tasavvur qiling-a, siz qandaydir gunohga botgansiz, oilangizda esa buni hech kim bilmaydi. Yoki, hayotingizda shunchalik koʻp muammolar borki, siz sarosimaga tushgansiz va oʻzingizni yoʻqotgansiz. Bu masal dalda beradi, chunki paygʻambar sizni qidirmoqda, U sizga yordam bermoqchi. Gunoh sizni butunlay yoʻq qilishidan oldin U sizni qutqarmoqchi.

Keyin Iso quyidagi masalni aytib berdi:

Yo’qotilgan tanga haqidagi masal

“Yoki qaysi bir ayolning oʻnta kumush tangasi boʻlsa–da, bittasini yoʻqotib qoʻysa, u chiroq yoqib tangani topmaguncha uyini supurib–sidirib sinchiklab qidirmaydimi?! Tangani topgach, dugonalarini va qoʻshnilarini chaqirib:

— Men yoʻqolgan tangamni topdim! Xursandchiligimga sherik boʻlinglar, — deydi.

Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavba qilgan bitta gunohkor uchun Xudoning farishtalari huzurida shodlik boʻladi.”

Luqo 15:8–10

Ushbu masaldagi yoʻqolgan tanga – har birimizdir. Iso bizni qidirmoqda. Qizigʻi shundaki, tanga uyda yoʻqolgan, lekin bu tanga oʻzini yoʻqolgan deb his qilmaydi. Yoʻqotishni ayol his etdi, shuning uchun u uyni tozalab, tangasini topguniga qadar har bir burchakka, har bir tirqishga sinchiklab qaradi. Inson oʻzini yoʻqolganini his qilmasligi mumkin. Biroq haqiqat shundaki, har birimiz gunohlarimiz uchun tavba qilmagunimizcha “yoʻqolgan” hisoblanamiz. Bunday odam oxir oqibat “zarar koʻradi”, u buni tushunadimi, yoʻqmi, ahamiyatli emas. Paygʻambarning nazarida sen oʻsha tanga kabi juda qadrlisan, ammo yoʻqolgansan. U katta yoʻqotishni his qilmoqda va sizni hamma joyda izlamoqda. U buni siz tavba qilishga zaruriyat sezmaguningizgacha qiladi.

Uchinchi masal – Iso ta’limotining cho’qqisidir.

Adashgan o’g’il haqidagi masal

«Iso yana dedi: “Bir odamning ikki oʻgʻli bor ekan. Ularning kichigi otasiga:

— Ota, mol–mulkingizdan menga tegishli qismini bering, — debdi.

Otasi mol–mulkini ikki oʻgʻliga boʻlib beribdi.

Oradan koʻp oʻtmay, kichik oʻgʻil bor narsasini yigʻishtirib, uzoq bir mamlakatga ketibdi. U yerda shaloq yashab, mol–dunyosini koʻkka sovuribdi. Borini isrof qilgandan keyin, oʻsha mamlakatda ogʻir qahatchilik boshlanibdi. Yigit ham muhtojlikda qolibdi. U borib, oʻsha mamlakat fuqarolaridan biriga yollanibdi. U odam esa yigitni oʻz dalasidagi choʻchqalarni boqishga yuboribdi. Yigit choʻchqalar yeydigan qoʻzoqlar bilan qornini toʻydirishga ham zor boʻlibdi, lekin unga shuni ham ravo koʻrishmas ekan.

Nihoyat yigit aqlini yigʻib olib, oʻziga oʻzi debdi:

— Otamning qanchadan–qancha yollanma ishchilarining noni oshib–toshib yotibdi, men esa bu yerda ochlikdan oʻlyapman. Endi otamning oldiga borib, unga shunday deb aytaman: “Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning oʻgʻlingiz deb atalishga loyiq emasman. Meni yollanma ishchilaringiz qatoriga qabul qiling.”

Yigit otasi oldiga ravona boʻlibdi. Yigit hali uzoqda kelar ekan, otasi uni koʻrib, oʻgʻliga rahmi kelibdi. U yugurib borib, oʻgʻlini quchoqlab, oʻpibdi.

Keyin oʻgʻli otasiga aytibdi:

— Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning oʻgʻlingiz deb atalishga loyiq emasman.

Otasi esa xizmatkorlariga buyuribdi:

— Tez boʻlinglar, eng nafis toʻn keltirib yelkasiga yopinglar, qoʻliga uzuk taqinglar, oyoqlariga choriq kiygizinglar. Boʻrdoqi buzoqni olib chiqib, soʻyinglar. Yeb–ichaylik, xursandchilik qilaylik. Chunki bu oʻgʻlim men uchun oʻlgan edi, endi tirildi, yoʻqolgan edi, endi topildi.

Shunday qilib, xursandchilik qila boshlabdilar. Katta oʻgʻil shu paytda dalada ekan. Qaytayotib uyga yaqinlashganda, qulogʻiga musiqa va oʻyin–kulgi sadolari eshitilibdi. Xizmatkorlardan birini chaqirib:

— Nima gap? — deb soʻrabdi.

— Ukangiz qaytib keldilar. Otangiz uni sogʻ–salomat koʻrgani uchun boʻrdoqi buzoqni soʻydilar, — deb javob beribdi xizmatkor.

Shunda katta oʻgʻilning jahli chiqibdi, ichkariga kirishdan bosh tortibdi. Otasi esa tashqariga chiqib, oʻgʻliga oʻtinib gapiribdi. Ammo u otasiga shunday javob beribdi:

— Menga qarang! Shuncha yildan beri sizga qulday ishlab kelaman. Birorta gapingizni yerda qoldirmadim. Lekin doʻstlarim bilan xursandchilik qilishim uchun siz menga bitta uloqcha ham bermadingiz. Ammo mol–mulkingizni fohishalar bilan yeb, yoʻq qilgan anavi oʻgʻlingiz qaytib kelganda, siz boʻrdoqi buzoqni soʻydirdingiz!

Otasi unga shunday javob beribdi:

— Oʻgʻlim! Sen doimo men bilan birgasan. Mening bor narsam seniki. Bugun esa bayram qilib, xursand boʻlishimiz kerak. Axir, bu ukang biz uchun oʻlgan edi, endi tirildi, yoʻqolgan edi, endi topildi.”»

Luqo 15:11–32

Bu hikoyada biz yoki katta – dindor oʻgʻilmiz, yoki kichigimiz – darbadarmiz. Toʻngʻich oʻgʻil barcha diniy qoidalarga qatʼiy rioya qildi, lekin otasining sevgisini bilmadi. Kichigi otasining uyini tark etib, ozodlikka erishaman, deb oʻylardi. Lekin oxir-oqibat u qaygʻuga duch keldi. “Oʻziga kelganida” uyga qaytishi mumkinligini tushundi. Ammo bu uning qilgan barcha ishlari uchun aybni tan olishni anglatardi. Bunday qadam kamtarlikni talab qiladi. Va bu misol Yahyo payg’ambar jasorat bilan va’z qilgan haqiqiy tavbaning yorqin tasviridir.

Kenja oʻgʻil gʻururini bosib oʻtib, otasining oldiga qaytganida, orzu qilishga ham botinmagan muhabbatga duch keldi. U otasidan yangi poyabzal, nafis toʻn, uzuk, ziyofat va toʻliq kechirimni – yaʼni sevgini qabul qildi. Bu hikoya bizni Alloh qanchalik sevishini tushunishga yordam beradi. U uyiga qaytishimizni kutmoqda. Ammo biz gunohlarimiz uchun tavba qilishimiz kerak, shunda U bizni osonlik va mehr bilan Oʻzining quchogʻiga olishini bilib olamiz. Bu Iso Masihning taʼlimotidir. Lekin bizda bunday buyuk sevgini ko’rish imkoni bormi?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *