Skip to content
Home » Masihning tug’ilishi payg’ambarlar tomonidan bashorat qilingan va Jabroil tomonidan e’lon qilingan

Masihning tug’ilishi payg’ambarlar tomonidan bashorat qilingan va Jabroil tomonidan e’lon qilingan

  • by

Biz qadimgi Isroilning bashoratli kitoblari bo’lmish Tavrot va Zaburga sayohatni tugatdik. Zaburning oxiriga kelib, Alloh taolo kelajak haqidagi va’dalarni ma’lum bir ketma-ketlikda berayotganini ko’rdik. Zaburning oxirgi kitobi yozilganidan to’rt yuz yil o’tdi. Bu vaqt ichida Isroilda ko’plab siyosiy va diniy o’zgarishlar sodir bo’ldi, ammo yahudiylar berilgan va’dalarning amalga oshishini kutar edilar. Payg’ambarlar uzoq vaqt sukut saqladilar. Bu davrda Buyuk Hirod hukmronligi ostidagi Isroil o’z ma’badini qurishda davom etdi. O’sha vaqtga qadar ma’bad shunday ulug’vor ko’rinishga ega bo’ldiki, Rim imperiyasining turli burchaklaridan ko’plab odamlar bu erga sig’inish, qurbonlik qilish va ibodat qilish uchun kelishardi. Ammo, koʻrinarli dindorlik va butparastlikning toʻla rad etilishiga qaramay, odamlarning yuraklari tosh edi. Ular tashqi marosim va odatlarga bogʻlanib qolgan edilar. Bizning davrimizda ham tashqi marosimlar va yod olingan ibodatlarni koʻramiz, lekin odamlarga oʻzgargan yurak kerak. Buyuk Hirod hukmronligining oxirgi yillarida, taxminan miloddan avvalgi 5 yilda dunyoga Xudoning oʻzgacha elchisi buyuk xabar olib keldi.

Maryam surasida (19-sura) Maryamga e’lon qilingan bu xabarning mazmuni keltirilgan:

“(Ey, Muhammad,) ushbu Kitobda (Qur’onda) Maryamni yod eting! U o’z oilasidan chetga, sharq tomonga bordi. Ulardan pardaga berkinib olgan paytida, Biz unga ruhimiz (ya’ni, Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) chin odam bo’lib ko’rindi. (Maryam unga): “Men Rahmonga iltijo qilib, sendan panoh berishini so’rayman. Agar (Allohdan) qo’rquvchi bo’lsang (menga ziyon yetkazmagin)”, – dedi. (Jabroil) aytdi: “(Qo’rqmagin), men faqat senga bir pokiza o’g’il hadya qilish uchun (kelgan) Parvordigoring elchisidirman, xolos”. (Maryam) dedi: “Menga odamzot “tegmagan” bo’lsa, buzuq ayol ham bo’lmasam, menga qayoqdan farzand bo’lsin?!” (Jabroil) aytdi: “Shunday. Rabbing ayturki, bu (ish) Menga osondir. Biz u (bolani) odamlar uchun mo”jiza va O’z tomonimizdan bo’lgan rahmat (manbai) qilurmiz. Bu bitgan ishdir.”

Maryam surasi 19:16-21

Jabroil suvga cho’mdiruvchi Yahyo (alayhissalom) kelishini e’lon qiladi

Xudoning elchisi Jabroil edi, Muqaddas Kitobda ham u bosh farishta Jabroil deb nomlangan. Shu paytgacha Jabroil dunyoga faqat bir marta kelgan edi – u Paygʻambar Doniyor (alayhissalom) huzurlariga kelib, Masihning kelish vaqti haqidagi xabarni yetkazgan edi ( bu yerga qarang ). Bu safar Jabroil Zakariyo ismli bir ruhoniyga zohir boʻldi, Zakariyo maʼbadda xizmat oʻtayotgan edi. Zakariyo va uning xotini Elisabet qarib qolgan edilar va ularning farzandlari yoʻq edi. Ammo Jabroil ularga quyidagi xabar bilan murojaat qildi. Injilda shunday yozilgan:

“Farishta unga dedi:

— Zakariyo, qoʻrqma, sening iltijolaring ijobat boʻldi. Xotining Elisabet senga bir oʻgʻil tugʻib beradi. Uning ismini Yahyo qoʻyasan. U senga shodlik va quvonch keltiradi, uning tugʻilganidan koʻpchilik xursand boʻladi. U Egamizning nazarida ulugʻ boʻladi, sharobu oʻtkir ichimliklarni ogʻziga olmaydi. Onasining qornidayoq Muqaddas Ruhga toʻladi. Isroil xalqidan boʻlgan koʻplarni u Egasi Xudoga qaytaradi. U Ilyos paygʻambarning ruhi va qudratiga toʻlib, Rabbimiz Masihdan oldin keladi. Rabbimizga tayyor bir xalqni taqdim qilish uchun otalarning yuraklarini farzandlariga moyil qiladi, itoatsizlarning fikrini solihlar donoligi tomon buradi.

Zakariyo farishtaga dedi:

— Men bunga qanday amin boʻlaman? Axir, men keksayib qolganman, xotinim ham qarib qolgan boʻlsa?

Farishta unga shunday javob berdi:

— Men Xudoning huzurida turadigan Jabroilman. Sen bilan gaplashgani, senga bu Xushxabarni eʼlon qilgani yuborilganman. Senga aytganlarim oʻz vaqtida bajo boʻladi. Ammo mening soʻzlarimga ishonmaganing uchun tildan qolasan. Aytganlarim bajo boʻlmaguncha, gapirolmaysan.”

Luqo 1:13-20

Zabur oxirida Ilyos (alayhissalom) payg‘ambarga o‘xshagan jarchi haqida va’da bor. Jabroil alayhissalom bu vaʼdaga ishora qilib, Zakariyoning oʻgʻli “Ilyosning ruhi va qudratida” kelishini aytadi. U “Xudovandga tayyor bir xalqni taqdim etish uchun” kelayotganini yetkazadi. Bundan kelib chiqadiki, jarchi haqidagi vaʼda unutilmagan – bu vaʼda Zakariyo va Elisabetning oʻgʻlida amalga oshadi . Ammo Zakariyo eshitganiga ishonmadi va tildan qoldi.

Jabroil bokira qizdan chaqaloq tug’ilganini e’lon qiladi

Jarchi, habarchining kelishi Masihning kelishi yaqinligini anglatar edi. Axir aynan Masih uchun jarchi tayyor bir xalqni taqdim etishi kerak edi. Bir necha oy oʻtgach esa, Jabroil Maryam ismli bokira qizga zohir boʻldi. U Maryamga Injildan bizga ayon boʻlgan xabarni yetkazdi.

“Farishta uning oldiga borib:

— Salom, ey Xudo yorlaqagan qiz! Egamiz sen bilandir, — dedi.

Maryam farishtaning soʻzlaridan sarosimaga tushdi. “Bunday salomlashuv nimani bildirar ekan?” deb oʻylanib qoldi.

Farishta unga dedi:

— Maryam, qoʻrqma, sen Xudodan inoyat topding. Sen homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻasan. Uning ismini Iso qoʻyasan. U buyuk boʻladi. Uni Xudoyi Taoloning Oʻgʻli deb atashadi. Egamiz Xudo Unga bobosi Dovudning taxtini beradi. U to abad Isroil xalqi ustidan hukmronlik qiladi, hukmronligining oxiri boʻlmaydi.

— Men hali er koʻrmagan boʻlsam, bu qanday boʻladi? — deb soʻradi farishtadan Maryam. Farishta javob berdi:

— Muqaddas Ruh seni qamrab oladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu bois tugʻadigan oʻgʻling muqaddas boʻladi, U Xudoning Oʻgʻli deb ataladi. Mana, qarindoshing Elisabet ham qariligida homilador boʻldi, u oʻgʻil tugʻadi. Homilasi olti oylik. Odamlar esa uni bepusht deb aytardilar. Xudo uchun imkonsiz narsa yoʻq!

— Men Egamning bandasiman. Hammasi siz aytganingizday boʻlsin, — deb javob berdi Maryam. Shundan keyin farishta ketdi.”

Luqo 1:28-38

Jabroilning habarida “Xudoning O‘g‘li” degan noodatiy ibora bor. Bu haqda keyinroq ushbu maqolada gaplashamiz. Hozir esa ikkita tug’ilish haqida gaplashamiz.

Yahyo payg’ambarning (Yahyo suvga cho’mdiruvchining) tug’ilishi

Bu voqealar Zaburdagi bashoratlarga mos ravishda sodir boʻldi. Malaki paygʻambar “Ilyosning ruhi va qudratiga toʻlgan” jarchi kelishini bashorat qilgan edi. Jabroil esa uning yaqinda tugʻilishini eʼlon qildi. So’ng Injilda shunday deyiladi:

“Elisabetning oy–kuni yetib, oʻgʻil tugʻdi. Qoʻni–qoʻshni va qarindoshlari Egamizning unga koʻrsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi. Ular sakkizinchi kuni bolani sunnat qilgani olib borishdi. Unga Zakariyo deb otasining ismini qoʻymoqchi boʻlishdi. Bunga bolaning onasi eʼtiroz bildirib:

— Yoʻq, ismini Yahyo qoʻyamiz, — dedi. Lekin boshqalar:

— Qarindosh–urugʻing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yoʻq–ku, — deyishdi unga.

Shu payt otasiga imo–ishora qilib, undan bolaga qanday ism qoʻymoqchi ekanligini soʻrashdi. Zakariyo imo–ishora orqali bir taxtacha soʻradi va: “Uning ismi Yahyo boʻladi”, deb yozdi. Hamma hayron qoldi. Shu payt Zakariyo yana tilga kirib, gapira boshladi va Xudoga hamdu sano aytdi.

Hamma qoʻshnilari hayratda qoldi, butun Yahudiya qirlarida bu voqea ovoza boʻlib ketdi. Bu haqda eshitganlarning hammasi: “Ajabo, bu bola kim boʻlarkin?” deya mulohaza qilishardi. Chunki Egamizning qudrati unda namoyon edi.”

Luqo 1:57-66

Iso Masihning tug’ilishi

Ishayo payg’ambar noyob bashoratni aytgan edi (bu erda tushuntirilgan):

“Endi Rabbiyning Oʻzi sizlarga alomat beradi: ana, qiz homilador, u oʻgʻil tugʻadi va Uning ismini Immanuil qoʻyadi.”

Ishayo 7:14

Endi bosh farishta Jabroil Maryamga yaqinda Masih tugʻilishi haqida gapirmoqda. Maryam esa, qadimgi bashoratda aytilganidek, bokira qiz edi. Injilda Iso Masih (alayhissalom )ning tug’ilishi haqida shunday yozilgan:

“Yusuf ham Jaliladagi Nosira shahridan Yahudiyaning Baytlahm shahriga yoʻl oldi. Bu shahar Dovud shahri edi. Yusuf Dovud xonadonidan, uning naslidan edi. Yusuf roʻyxatdan oʻtgani Maryamni ham oʻzi bilan olib ketdi. Maryam Yusufga unashtirilgan boʻlib, farzand kutayotgan edi. Ular oʻsha yerda boʻlganlarida Maryamning oy–kuni toʻldi. U oʻzining toʻngʻich oʻgʻlini tugʻdi. Uni yoʻrgaklab, oxurga yotqizib qoʻydi, chunki mehmonxonada ularga joy yoʻq edi.

Baytlahm yaqinida choʻponlar bor edi. Ular tunda yaylovdagi suruvini qoʻriqlash uchun dalada yotib qolgan edilar. Ularning qarshisida Egamizning bir farishtasi paydo boʻldi, Egamizning ulugʻvorligi ularning atrofini yoritib yubordi. Choʻponlar qattiq vahimaga tushdilar.

Ammo farishta ularga shunday dedi:

— Qoʻrqmanglar! Men sizlarga Xushxabar olib keldim. Bu xabar hammaga buyuk quvonch keltiradi. Bugun Dovud shahrida sizlar uchun Najotkor tugʻildi. U Masihdir, bizning Rabbimizdir. Mana, sizlarga Uning belgisi: oxurda yotgan, yoʻrgaklangan Chaqaloqni topasizlar.

Birdan farishtaning yonida samo lashkari boʻlmish son–sanoqsiz farishtalar paydo boʻldi. Ular Xudoga hamdu sano aytishardi:

“Falak toqidagi Xudoga sharaflar boʻlsin,

Xudodan marhamat topgan yerdagi bandalarga tinchlik kelsin!”

Farishtalar osmonga koʻtarilib ketgandan keyin, choʻponlar bir–biriga dedilar:

— Qani, Baytlahmga boraylik! Egamiz bizga aytgan voqea yuz berganini koʻraylik!

Ular shosha–pisha bordilar, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan Chaqaloqni koʻrdilar. Ular Chaqaloqni koʻrib, farishta bu Chaqaloq toʻgʻrisida nimalar aytganini gapirib berdilar. Choʻponlarning gapini eshitganlarning hammasi hayratga tushdi. Maryam esa bu soʻzlarning barini diliga tugib olib, chuqur oʻylab yurdi.

Choʻponlar qaytib ketayotib, Xudoni ulugʻlab, Unga hamdu sanolar aytdilar. Chunki eshitgan va koʻrganlarining hammasi xuddi farishta aytganday sodir boʻlgandi.

Oradan sakkiz kun oʻtdi. Chaqaloqni sunnat qiladigan payt keldi. Unga Iso deb ism qoʻydilar. Iso ona qornida paydo boʻlmasdan oldin, farishta Unga shu ismni bergan edi.”

Luqo 2:4-21

Ikki buyuk payg’ambarning amallari haqida

Yuqorida tilga olingan ikki paygʻambar tugʻilishi orasida bir necha oy farq bor. Ular yuzlab yillar oldin qilingan bashoratlarni toʻliq amalga oshirdilar! Ular nimalarni amalga oshirdilar? Dunyoga qanday xabar olib keldilar? Yahyo alayhissalomning otasi Zakariyo ikki oʻgʻil haqida shunday degan:

“Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga toʻlib, bashorat qila boshladi:

“Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!

U bizga yordamga keldi, Oʻz xalqini asoratdan xalos qildi.

Azaldan bizga vaʼda berganday,

Muqaddas paygʻambarlari orqali aytganday,

Quli Dovud xonadonidan

Bizga qudratli Najotkorni yubordi.

Toki U bizni dushmanlarimizdan qutqarsin,

Bizdan nafratlanadiganlarning hammasidan xalos etsin.

Shunday qilib, Xudo ota–bobolarimizga iltifot ayladi,

Muqaddas ahdini yodida tutdi.

Bobokalonimiz Ibrohimga bergan oʻsha qasamyodiga koʻra,

Xudo bizni yovlarimiz qoʻlidan qutqardi,

Endi biz Unga qoʻrqmasdan xizmat qila olamiz.

Butun umrimiz davomida

Uning oldida muqaddas va solih boʻla olamiz.

Sen ham, bolajonim,

Xudoyi Taoloning paygʻambari deb atalasan.

Zero, sen Rabbimiz Masihdan oldin yurasan,

U yuradigan yoʻlni hozirlaysan.

Xalqiga najot topishlarini eʼlon qilasan,

Xudo ularning gunohlarini kechirishini aytasan.

Zero, Xudoyimiz mehr–shafqatga boy,

U samodan bizga ufq Nurini sochadi.

Zulmatda, oʻlim soyasida oʻtirganlarni yoritadi,

Tinchlikka olib boradigan yoʻlni bizga koʻrsatadi.”

Luqo 1:67-79

Xudoning Ruhidan ilhomlangan Zakariyo Isoning tug‘ilishini Dovud (alayhissalom – bu yerda va’daga qarang)ga va Ibrohim (alayhissalom – bu yerda va’daga qarang)ga berilgan va’da bilan bog‘laydi. Qadimgi paygʻambarlar tomonidan bashorat qilingan va asrlar oʻtib, amalga oshayotgan Xudoning rejasi oʻzining eng yuqori choʻqqisiga yetdi. Ammo bu qanday reja? Isroilliklarning ashaddiy dushmani – Rimdan halos etishmi? Muso alayhissalomning qonunlari oʻrnini bosadigan yangi qonun berilishimi? Yangi din yoki yangi siyosiy tizimmi? Yoʻq, bularning barchasi muammolarni hal qilishning insoniy usullaridir. Yuqorida sanab oʻtilgan yoʻllarning hech biri Alloxning rejasi emas. Ammo Injilda quyidagilar eslatilgan:

“Xudo bizni yovlarimiz qoʻlidan qutqardi, endi biz Unga qoʻrqmasdan xizmat qila olamiz. Butun umrimiz davomida Uning oldida muqaddas va solih boʻla olamiz.” Chunki “zulmatda, oʻlim soyasida oʻtirganlarga” “najot eʼlon qilindi, Xudo ularning gunohlarini kechirdi. Zero, Xudoyimiz mehr–shafqatga boy”. “Tinchlikka olib boradigan yoʻl bizga koʻrsatildi” .

Luqo 1:74-79

Odam Atoning alomatida biz Xudo bilan dushmanlikka mahkum edik. Oʻz kuchimiz bilan solihlikka erishishga va gunohlar kechirilishiga qaratilgan samarasiz harakatlar girdobida qolgan edik. Oxiri baribir oʻlim changalidan qutilolmasdik. Ammo Alloh Odam Ato, Momo Havo va shayton huzurida ayolning nasli haqidagi bashoratda O’zining najot rejasini oldindan aytib berdi. Albatta, bu reja har qanday harbiy rejalar, mafkuraviy tizimlar yoki axloqiy meʼyorlardan ancha yaxshi. Bu reja yuragimizdagi eng katta ehtiyojni qondiradi. Ammo Xudoning jarchisi va Masih haqidagi reja qanday amalga oshadi? Buni Injildan bilib olamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *