Anjir daraxti va yulduzlar oʻrtasida qanday umumiylik bor? Maʼlum boʻlishicha, ikkalasi ham buyuk hodisalarning alomatlari boʻlib, bu alomatlar bizga ogohlantirish sifatida berilgan. “Tin” surasi shunday boshlanadi:
“Qasamyod eturman anjirga va zaytunga,…”
Tin surasi 95:1
“haqiqatan, Biz insonni xushbichim (shaklda) yaratdik. So’ngra (qarigan sari), uni asfalasofilinga (qomati xam bo’lishga) qaytardik.”
Tin surasi , 95:4-5
“Mursalot” (Estirilgan shamol) surasi, “Takvir” (Oʻrab qoʻyish) surasi va “Infitor” (Yorilish) suralarida yulduzlar buyuk voqeaning alomati sifatida soʻnishi haqida bir necha bor aytilgan:
“Bas, qachonki, yulduzlar (nurlari) so’ndirilgach, osmon (qobig’i) ochilgach, tog’lar (qumlar kabi) sochilgach…”
Mursalоt surasi 77:8-10
“Quyosh o’rab qo’yilganida, yulduzlar ham (o’z falaklaridan) to’kilganida, tog’lar ham (o’z joylaridan) jildirilganida,…”
Takvir surasi 81:1-3
“Osmon yorilganida, yulduzlar (har tomonga) sochilganida, dengizlar qo’shilib to’siqlar ochilganida,…”
Infitor surasi 82:1-3
Bu barcha belgilar nimani anglatadi? Iso Masih (alayhissalom) yer yuzida boʻlganlarining soʻnggi kunlarida bularning maʼnosini tushuntirdi. Lekin avval, qisqacha sharh.
Doniyor va Zakariyo payg’ambarlarning bashoratlariga ko’ra, Iso 9 nison kuni Quddusga kirdi. Keyin U Muso alayhissalomning Tavrotdagi bashoratiga binoan tanlangan qo’zichoq bo’lish uchun – dushanba, 10 nison kuni ma’badga bordi. Shundan soʻng paygʻambar Iso Masih (alayhissalom) yahudiy oqsoqollari va rahbarlari tomonidan rad etildi. U maʼbadni xaridorlar va sotuvchilardan tozalaganida, Unga qarshi boʻlganlar Uni oʻldirishni rejalashtira boshladilar. Injilda biz Iso Masihning keyin nima qilganini oʻqiymiz.
Anjir daraxtining la’natlanishi
Oqsoqollar va xalq rahbarlarini maʼbadda qoldirib, (dushanba, haftaning 2-kuni, 10 nison) u shaharni tark etib, Baytaniyada tunab qoldi.
Soʻng Iso ularni tark etib, Quddusdan chiqib ketdi. U Baytaniya qishlogʻiga borib, u yerda tunab qoldi. Ertalab Iso shaharga qaytib kelayotganda och edi. Yoʻl chetida bir anjir daraxtini koʻrib, uning yoniga bordi. Iso barglardan boshqa hech narsa topmay, daraxtga:
— Bundan buyon senda aslo meva boʻlmasin! — dedi. Anjir daraxti shu zahoti qurib qoldi.
Mattо 21:17-19
Koʻp odamlar nima uchun Iso Masih anjir daraxtini laʼnatlaganini tushunmaydilar. Bu hol toʻgʻridan-toʻgʻri Injilda tushuntirilmagan, ammo buning maʼnosini qadimgi paygʻambarlar soʻzlaridan tushunish mumkin. Paygʻambarlar yaqinlashib kelayotgan jazo haqida gapirganlarida, koʻpincha qurigan anjir daraxti tasviridan foydalanganlar:
Uzum toki soʻlidi, anjir daraxti quridi.
Xazon boʻldi anor, xurmo, olma — hamma daraxtlar.
Inson sevinchi tamom qurib bitdi!
Yo’el 1:12
Men hosilingizga shira va oqqirov kasalini yubordim.
Chigirtkalar qayta–qayta bogʻu uzumzorlaringizni,
Anjir va zaytun daraxtlaringizni nobud qildi,
Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar,
— deb aytmoqda Egamiz.
Amos 4:9
Oʻshandan beri, ekkan urugʻlaringiz deyarli hosil bermas edi, toklaringiz, anjirlaringiz, anorlaringiz va zaytun daraxtlaringizning hosili bebaraka edi. Ammo bugundan boshlab, Men sizlarga baraka beraman.
Xaggеy 2:19
“Samodagi hamma yulduzlar chirib ketadi,
Osmon oʻrama qogʻozday eshilib ketadi.
Tokdan qurib tushgan barglar singari,
Daraxtidan toʻkilgan anjir singari,
Samoviy jismlar toʻkilib ketadi.”
Ishayo 34:4
Men ularning hosilini tortib olaman.
Toklarida uzum qolmaydi,
Anjir daraxtlari meva tugmaydi,
Barglari toʻkilib xazon boʻladi.
Ularga nima bergan boʻlsam,
Hammasidan judo boʻlishadi.”
Egamizning kalomi shudir.
Yeremiyo 8:13
Paygʻambar Hoʻsheya bu tasvirni rivojlantirib, anjir daraxtini Isroilga nisbatan majoz sifatida ishlatdi, u yerda shunday laʼnat soʻzlari bor:
Egamiz shunday deydi:
“Men Isroilni ilk bor topganimda,
Sahroda uzum solgan tokni topganday boʻldim.
Ha, ota–bobolarini birinchi koʻrganimda,
Anjirning chillaki mevalarini koʻrganday boʻldim.
Ammo ular Piyor togʻiga kelganda,
Oʻzlarini sharmanda Baalga bagʻishladilar.
Koʻngil qoʻygan oʻsha butday jirkanch boʻlib qoldilar.
Efrayimning shuhrati qushday uchib ketadi.
Ularda na farzand tugʻiladi,
Na ayollari homilador boʻladi,
Na pushti kamaridan bola bino boʻladi!
Farzand oʻstirish nasib qilgan taqdirda ham,
Birontasini qoldirmay yoʻq qilaman.
Holiga voy, ularni tark etaman! …
Efrayim quladi,
Uning ildizlari quridi,
Meva berishga u ojiz boʻldi.
Farzand koʻrgan taqdirda ham,
Avaylagan zurriyotini oʻldiraman.”
Isroil xalqini Xudoyim rad etadi,
Ular Xudoga itoat qilmadi.
Xalqlar orasida darbadar boʻlishadi
(Efrayim = Isroil)
Ho’sheya 9:10-12, 16-17
Bu la’nat birinchi marta miloddan avvalgi 586 yilda, Quddus vayron qilinganida amalga oshgan (ushbu hodisaning tafsilotlarini ko’ring). Iso Masih anjir daraxtini la’natlaganida, Quddusning navbatdagi vayron bo’lishi va yahudiylarning va’da qilingan yerdan quvilishini bashorat qilgan edi.
Anjir daraxti bilan boʻlgan voqeadan soʻng, Iso Masih maʼbadga borib, odamlarga taʼlim bera boshladi va yahudiy rahbarlari bilan suhbatlashdi. U yerda Iso ularga yaqinlashayotgan jazoning koʻplab alomatlarini keltirdi. Uning vaʼzlari Injilda qayd etilgan va bu yerda to’liq nashr etilgan.
Payg’ambar O’z kelishining alomatlari haqida gapiradi
Vaʼzining oxirida paygʻambar Iso Masih Quddus maʼbadining vayron boʻlishi haqida bashorat qiladi. Oʻsha davrlarda maʼbad butun Rim imperiyasidagi eng ulugʻvor binolardan biri edi va Iso uning yoʻq qilinishini bashorat qildi. Shundan soʻng U Oʻzining qaytib kelishi va qaytishining alomatlari haqida gapira boshladi. U shunday dedi:
“Iso Maʼbaddan chiqib ketayotganda, shogirdlari kelib, Isoning diqqatini Maʼbadning binolariga qaratdilar. Iso ularga dedi:
— Bularning hammasini koʻryapsizmi? Sizlarga chinini aytayin: bular vayron boʻladi. Bu yerda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi.
Iso bir Oʻzi Zaytun togʻida oʻtirganda, shogirdlari Uning yoniga kelib, soʻrashdi:
— Bizlarga ayting–chi, bu hodisalar qachon yuz beradi? Sizning kelishingizni va oxirzamon yaqinlashganini nimadan bilsak boʻladi?”
Mattо 24:1–3
Oldin paygʻambar yahudiylar maʼbadining butunlay vayron boʻlishini bashorat qilgan. Tarixdan bilamizki, bu eramizning 70-yillarida sodir boʻlgan. Kech kirgach, U maʼbadni tark etib, Quddus yaqinidagi Zaytun togʻiga bordi. Yahudiylarda yangi kun kechqurundan boshlanganligi sababli, bu Muqaddas haftaning 4-kunining boshlanishi, yaʼni 12 nison, chorshanba kuni edi. Iso odamlarning savollariga javob berdi va keyin dunyoning oxiri va Oʻzining yaqinda yerga qaytishi haqida gapira boshladi.
Iso ularga shunday javob berdi: “Ehtiyot boʻlinglar, hech kim sizlarni yoʻldan ozdirmasin! Chunki koʻp kishilar oʻzlarini Mening nomim bilan atab: «Men Masihman», — deb bir qancha odamni yoʻldan ozdiradilar. Sizlar uzoq–yaqindagi urush xabarlarini eshitasizlar. Biroq choʻchimanglar! Bular sodir boʻlishi shart, ammo bu hali oxiri degani emas. Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi koʻtariladi. Ayrim joylarda qahatchilik va zilzilalar boʻladi. Bu hodisalar toʻlgʻoq azoblarining boshlanishiga oʻxshaydi.
Oʻshanda sizlarni qiynash va oʻldirish uchun tutib beradilar. Mening nomim tufayli hamma xalqlar sizlardan nafratlanadi. Shunda koʻplar imondan qaytadi, ular bir–birini sotib, bir–biridan nafratlanadi. Koʻp soxta paygʻambarlar paydo boʻladi, ular koʻplarni yoʻldan uradi. Yomonlik koʻpaygani uchun odamlar orasida mehr–oqibat yoʻqoladi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi. Osmon Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabar butun dunyo boʻylab vaʼz qilinadi, hamma xalqlar uni eshitadi. Shundagina oxirzamon keladi.
Buyuk musibat va Isoning kelishi
Doniyor paygʻambar aytganiday, koʻp harom–xarish ishlarga sabab boʻladigan makruh bir narsaning muqaddas joyda turganini koʻrganingizda — oʻqigan tushunib olsin! — Yahudiyada boʻlganlar togʻlarga qochishsin. Tomning ustida boʻlganlar uyidan biron narsa olish uchun pastga tushmasin. Dalada boʻlganlar esa toʻnini olgani qaytib kelmasin. U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Qochishingiz qishga yoki Shabbat kuniga toʻgʻri kelmasligi uchun iltijo qilinglar. Chunki oʻsha vaqtda shunday azob–uqubatlar boʻladiki, dunyo yaratilgandan to hozirgacha bunaqasi boʻlmagan va qaytib sodir boʻlmaydi. Lekin tanlangan odamlar uchungina u kunlar qisqartiriladi. Agar oʻsha kunlar qisqartirilmaganda edi, hech bir jonzot omon qolmasdi. Agar oʻshanda kimdir sizlarga: «Masih mana bu yerda» yoki: «Ana u yerda», deb aytsa, ishonmanglar. Chunki soxta masihlar va soxta paygʻambarlar paydo boʻlib, iloji boʻlsa, tanlangan odamlarni ham yoʻldan ozdirish uchun buyuk alomatu moʻjizalar koʻrsatadilar. Mana, Men sizlarga oldindan aytib qoʻydim.
Shunday qilib, agar ular sizlarga: «Qaranglar! U sahroda!» deb aytsalar, bormanglar. Agar ular: «U yashirin joyda», deb aytsalar, ishonmanglar. Chunki Inson Oʻgʻli kelganda, Uni hamma koʻradi. U sharqdan gʻarbga qadar butun osmonni yoritib yuborgan chaqmoqday boʻladi.
Kalxatlar toʻplangan joyda murda boʻlishini hamma biladi. Mening kelishim ham shu singari, hammaga ayon boʻladi.
Oʻsha kunlardagi azob–uqubatlar oʻtishi bilanoq,
Quyosh qorayadi, oyning nuri soʻnadi.
Osmondan yulduzlar qulab tushadi,
Samoviy kuchlar larzaga keladi.»
Oʻshanda Inson Oʻgʻlining alomati osmonda namoyon boʻladi. Yer yuzidagi barcha qabilalar qaygʻuradi. Shunda hamma odamlar Inson Oʻgʻlini koʻradi. Inson Oʻgʻli qudratga va buyuk ulugʻvorlikka burkanib, bulutlarda keladi. Karnayning baland sadosi ostida U farishtalarini yerning toʻrt tomoniga yuboradi. Ular dunyoning bir burchagidan tortib, narigi burchagigacha tanlangan odamlarni toʻplab olishadi.
Mattо 24:4–31
Bu satrlarda paygʻambar Iso Masih maʼbad vayron boʻlgandan keyingi uzoq kelajakka qaraydi. Uning taʼlimotiga koʻra, maʼbadning vayron boʻlishi va Uning yerga qaytishi oʻrtasidagi davrda dunyoda qonunsizlik kuchayadi, joylarda zilzilalar, ocharchilik, oʻlatlar, urushlar boʻladi va shogirdlari taʼqib qilinadi. Bundan tashqari, Injil butun dunyoga targʻib qilinadi (14-oyat). Masih haqidagi xabar tarqalib boradi, lekin ayni shu paytda Iso nomini va Uning qaytganini oʻzlashtirib oladigan koʻplab soxta paygʻambarlar paydo boʻladi. Uning urushlar, tartibsizliklar va ofatlar oʻrtasida kelishining haqiqiy belgilari quyosh, oy va yulduzlardagi alomatlar boʻladi. Quyosh, oy va yulduzlar soʻnadi.
Biz yer yuzida urushlar, ofatlar va zilzilalar koʻpayganini koʻrib turibmiz – Masihning qaytish vaqti yaqinlashib qoldi. Biroq, osmonda hali aniq belgilar yoʻq, demak, Uning qaytish vaqti hali kelgani yoʻq. Bu vaqt qachon keladi? Bu savolga javob berib, Masih shunday deydi:
“Anjir daraxtidan saboq olinglar: uning shoxlari koʻkarib barg chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar. Shu singari, mana bu voqealar sodir boʻlganda, bilingki, oʻsha vaqt yaqinlashib qolgan, ostonangizda turibdi. Sizlarga chinini aytayin: bu nasl oʻtmasdanoq, bularning hammasi sodir boʻladi. Yeru osmon yoʻq boʻlib ketadi, ammo Mening soʻzlarim kuchda qoladi.”
Mattо 24:32-35
Bir kun oldin Iso Isroilning surati boʻlgan anjir daraxtini laʼnatlagani esingizdami? Milodiy 70 yilda maʼbad vayron qilinganidan keyin anjir daraxti (Isroil) qurib, bir necha ming yillar davomida shu holatda qolgan. Iso Masih anjir daraxtining yangi barglarini koʻrsak, demak “vaqt yaqin” ekanini aytgan edi. Oxirgi 70 yil davomida bu “anjir daraxti” jonlanib, uning barglari chiqa boshlaganini koʻryapmiz. Bu jarayon 20-asrda, Isroil jahon xaritasiga qaytganida boshlandi. Yahudiylarning bu hududlarga qaytishida va yerga ishlov berilishi boshlanganida bu jarayonning davomini koʻryapmiz. Albatta, bu jarayon urushlarga va koʻplab odamlar uchun muammolarga sabab boʻldi, lekin bu bizni ajablantirmasligi kerak, chunki paygʻambar shunday boʻlishini oldindan aytgan.
Bularning barchasi bizni yanada hushyor boʻlishga undaydi, chunki paygʻambar bizni Uning ikkinchi bor kelishida gʻaflatda qolmasligimiz haqida ogohlantirgan.
“Oʻsha kun va soat haqida samoviy Otamdan boshqa hech kim bilmaydi. Oʻgʻil ham, samodagi farishtalar ham bilmaydilar. Nuh davrida qanday boʻlgan boʻlsa, Inson Oʻgʻli kelishida ham shunday boʻladi. Toʻfongacha boʻlgan davrda odamlar yeb–ichardilar, uylanib, turmushga chiqardilar. Nuh kemaga kirgunga qadar hayot shu zaylda davom etardi. Toʻfon kelib, ularning hammasini yuvib ketmaguncha, ular hamma narsadan bexabar edilar. Inson Oʻgʻli kelganda ham xuddi shunday boʻladi. Oʻshanda ikki kishi dalada boʻladi, biri olinadi, biri qoldiriladi. Tegirmon tortayotgan ikki ayol boʻladi, biri olinadi, biri qoldiriladi.
Shuning uchun hushyor boʻlinglar. Men — Rabbingiz qaysi kuni kelishimni sizlar bilmaysizlar. Ammo shuni bilib qoʻyingki, agar uy egasi tunning qay paytida oʻgʻri kelishini bilganda edi, u uygʻoq oʻtirib, oʻgʻrining uyga buzib kirishiga yoʻl qoʻymagan boʻlardi. Shunga oʻxshab, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson Oʻgʻli sizlar kutmagan vaqtda keladi.
Ishonchli va dono xizmatkor kim? Xoʻjayin bunday odamni boshqa xizmatkorlariga boshliq qilib qoʻyadi, ularga oʻz vaqtida ovqat tarqatishni unga topshiradi. Xoʻjayin uyga qaytganda oʻsha xizmatkorini yumush ustida koʻrsa, xizmatkor naqadar baxtlidir! Sizlarga chinini aytay: xoʻjayin oʻsha xizmatkorini butun mulki ustidan boshqaruvchi qilib qoʻyadi.
Bordi–yu, u xizmatkor yomon boʻlib, koʻnglida: «Xoʻjayinim hali beri qaytib kelmaydi» deb, boshqa xizmatkorlarni ura boshlasa va sharobxoʻrlar bilan yeb–ichsa, xizmatkor kutmagan kunda, oʻylamagan soatda xoʻjayini kelib qoladi. U xizmatkorini qattiq jazolab, boshiga ikkiyuzlamachilarning kunini soladi. Shunda xizmatkor qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadi.”
Matt. 24:36-51
Iso Masih yerga qaytishi haqida tez-tez gapirgan. Bu yerda havolani ko’ring.
3 va 4 kunning qisqacha mazmuni
Yangilangan vaqt jadvalida paygʻambar Iso Masih 3-kuni, seshanba kuni anjir daraxtini laʼnatlagani va keyin yahudiy rahbarlari bilan uzoq baxsga kirishgani koʻrsatilgan. Bu harakat ramziy maʼnoga ega boʻlib, Isroilga ishora qiladi. Chorshanba kuni, 4-kun Iso Oʻzining qayta kelishi alomatlari haqida gapirdi. Eng katta alomat – barcha samoviy jismlarning qorayishidir.
Tavrotdagi bashoratlarining Muqaddas haftaning 3- va 4-kunlarida Iso Masihning kelishiga ishora qiluvchi alomatlar bilan bogʻliqligi.
Keyin Iso Masih Uni kutishda hushyor turish haqida ogohlantirdi. “Anjir daraxti” koʻz oʻngimizda jonlanayotgani sababli, yanada hushyor boʻlish va masʼuliyatni his etib hayot kechirish zarur.
Injilning keyingi qismlarida iblis Iso Masih paygʻambarni yoʻq qilish uchun nimalar qilgani aytiladi. Bu hodisa Muqaddas haftaning 5-kunida sodir boʻldi. Bu bizning keyingi maqolamiz mavzusidir.
[i] Luqo Xushxabarida Muqaddas hafta barcha kunlarining batafsil tavsifi mavjud.uzbek.alinjil.live/2020/11/09/day-5-shaytan-descends-to-strike-the-masih/
Luqo 21:37