Skip to content
Home » Iso Masih (alayhissalom) va Yunusning alomati

Iso Masih (alayhissalom) va Yunusning alomati

  • by

Qurayshlar – qadimiy arab qabilasi boʻlib, bir vaqtlar Makka va Kaʼbani nazorat qilganlar. Muhammad paygʻambar shu qabilaga tegishli edi. “Quraysh” surasida (106 – “Quraysh” surasi) Quraysh uchun qulay boʻlgan ahdlar haqida gapirilgan.

“Quraysh (aholisi)ga qulay qilib qo’ygani uchun, ya’ni ularga qishda (Yamanga) va yozda (Shomga) safar qilishni qulay qilib qo’ygani uchun mana shu Uy(Ka’ba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar!”

Quraysh surasi 106:1-2

“Yunus” surasida (10-sura – “Yunus” surasi) Muhammad payg’ambarning Qurayshga Allohdan bir kalom bilan kelgani hikoya qilinadi.

“O’zlaridan (bo’lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring, imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida sodiq qadamlik (to’g’ri yo’ldan yurishlik darajasi) borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo’ldimi?! Kofirlar esa: “Albatta, bu (Muhammad) aniq sehrgardir”, – dedilar.”

Yunus surasi 10:2

Al- Qamar surasi (54-sura – “Oy”) Quraysh aholisini Qodir Allohning kalomini inkor etganlar oʻzlarini magʻlub qilishlari haqida ogohlantiradi.

“(Ey, Makka ahli,) sizlarning kofirlaringiz ana ulardan yaxshiroqmi yoki sizlar uchun (samoviy) kitoblarda oqlov (vasiqasi) bormi?!

Balki, ular: “Biz yenguvchi jamoatdirmiz”, – deyishar?!

Yaqinda o’sha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qolurlar.

(Bugina emas,) balki ularga va’da qilingan vaqt Qiyomatdir. Qiyomat esa yanada halokatli va achchiqdir.”

Qamar surasi 54:43-46

Shuningdek, bu surada aytilishicha, paygʻambarlar kimlarning oldiga vaʼz bilan kelsalar, oʻshalar tomonidan koʻpincha rad etilganlar (xuddi Quraysh aholisi Muhammadning xabarini rad qilgani kabi). Ammo bir istisno bor – Yunus paygʻambar (Yunus alayhissalom).

“Koshki biror qishloq (ahli) imon keltirganda edi, imoni unga foyda bergan (va halok bo’lmagan) bo’lur edi. Illo, Yunus qavmi (shunday qildi). Imon keltirishgach, ulardan dunyo hayotidagi xorlik azobini ketkazdik va ularni (ma’lum) vaqtgacha (hayot lazzatidan) bahramand qildik.”

Yunus surasi 10:98

Yunus alayhissalom Alloh tomonidan majusiy qavmga vaʼz bilan yuborilgan. Majusiylar uning vaʼzidan tavba qilganlar. Paygʻambarning oʻziga kelsak, dastlab u Allohning amriga qarshilik koʻrsatdi va uni katta baliq yutib yuborgunga qadar Undan qochishga harakat qildi. “Qalam” surasida (68-sura – “Yozma qamish”) Yunus paygʻambar baliq qornida itoatsizligi uchun tavba qilgani hikoya qilinadi. Soʻng Yunusning paygʻambarlik unvoni qayta tiklangan edi.

“Bas, (ey, Muhammad,) Rabbingizning hukmiga sabr qiling va nahang (baliq) sohibi (Yunus payg’ambar) kabi (betoqat) bo’lmang! Qaysiki, u (baliq qornida turib) g’amga to’lgan holda (Parvardigorga) nido qilgan edi.

Agar unga Parvardigori (tomoni)dan ne’mat yetmaganida, albatta, qoralangan holida quruqlikka uloqtirilgan bo’lur edi.

Bas, Parvardigori uni (qaytadan payg’ambarlikka) tanlab, solih (payg’ambar)lardan qildi.”

Qalam surasi 68:48-50

Muhammad paygʻambar singari, Iso Masih ham Oʻz qavmiga (yahudiylarga) keldi, lekin ular Uni qabul qilmadilar. Aksincha, Uni jodugarlikda aybladilar. Keyin Iso paygʻambar ularga alomat sifatida Yunus paygʻambarni keltirdi. Bu qanday alomat?

Iso Masihning yurtdoshlari Uning hokimiyatida shubhalandilar

Bizga maʼlumki, Injilda Iso Masih paygʻambarning va’zlari, moʻjizaviy ravishda shifo bergani haqidagi hikoyalar va turli alomatlar qayd etilgan. Iso Masih tinglovchilarini (va bizni) Uning soʻzini qabul qilishga chaqiradi. U bizga sovgʻa sifatida “tirik suv”ni vaʼda qilgan. Masih gunohkorlarga rahm-shafqatlidir va U nobud boʻlganlarni qidiradi. Bundan tashqari, U chanqaganlarning hammasini Xudoning Shohligiga taklif qiladi.

Yahudiy din ulamolari (imomlarning bir turi) Uning taʼlimotini qabul qilmadilar va Uning hokimiyatida shubhalandilar. U gunohkorlarga kimning hokimiyati bilan kechirim vaʼda qilgan? U barcha odamlarning Xudo Shohligiga kirishlari uchun Xudo nomidan poklovchi qurbonlik keltirishga haqli edimi? Din ulamolari Undan alomat talab qilishdi. Injilda shunday deyilgan:

Iso alayhissalom Yunusning alomati haqida gapiradi

“Shunda Tavrot tafsirchilari va farziylardan baʼzilari Isoga: “Ustoz, bizga bir alomat koʻrsatishingizni xohlar edik”, dedilar. Iso ularga javoban dedi: “Bu qabih va bevafo nasl alomat soʻrayapti, ammo ularga Yunus paygʻambarning alomatidan boshqa alomat berilmaydi. Yunus uch kechayu kunduz nahang baliqning qornida boʻlganiday, Inson Oʻgʻli ham uch kechayu kunduz yer bagʻrida boʻladi. Naynav aholisi qiyomat kunida oʻrnidan turib, bu naslni mahkum etadi. Chunki Naynavoliklar Yunusning vaʼzidan keyin tavba qilganlar. Bu yerda esa Yunusdan ham buyukroq bir Zot turibdi!”

Mattо 12:38-41

Yunus payg’ambar tarixda

Din ulamolariga javoban Iso Masih Yunus paygʻambarni eslatdi. Vaqt jadvalidan koʻrinib turibdiki, Yunus paygʻambar Iso Masih kelishidan 800 yil oldin yashagan.

Yunus payg’ambar Qur’onda

Yunus (alayhissalom) paygʻambarlik bitiklaridan biriga aylangan kitob yozgan. Uning qisqacha mazmuni Qurʼonda quyidagicha bayon qilinadi:

“Yunus ham, albatta, payg’ambarlardandir!

Qaysiki (o’z qavmidan g’azablanib) to’la yukli kemaga qarab qochgan edi.

Bas, (kemadagilar bilan) qur’a tashlashdi va mag’lub bo’ldi.

Bas, malomatga qolgan holida uni bir nahang baliq yutib yubordi.

Bas, agar u (Allohga doimo) tasbeh aytuvchilardan bo’lmaganda,

albatta, u (baliq) qornida, to qayta tiriladigan kunlarigacha (qiyomatgacha), qolib ketgan bo’lur edi.”

Vas-Soffot 37:139-144

Yunusga Naynavo shahrini (Iroqdagi zamonaviy Mosul yaqinida) tavba qilishga chaqirish vazifasi berilgan edi . Ammo u Allohdan qochishga qaror qildi va uni katta baliq yutib yubordi. Islom ilohiyotchisi Yusuf Ali bu oyatga shunday izoh beradi:

“Bizning nutqimiz bor. Yunus uchun nahang baliqning qorni qabr kabi edi. Agar tavba qilmaganida edi, qiyomatgacha, ya’ni barcha o’liklar qabrlaridan tirilguncha nahang baliqning qornidan chiqmas edi.”

Yusuf Ali Qur’oni Karimidagi 4125 izoh

Shunday qilib, Yunusni nahang baliq qorniga tushirish –  u uchun oʻlim jazosi edi, bu jazo faqat oʻliklardan tirilish orqali bekor qilinadi.

Yunus payg’ambar o’z kitobida

Yunus alayhissalomning kitobida paygʻambarning nahang baliq qornida boʻlganligi haqida batafsil maʼlumot berilgan. Unda shunday deyiladi:

«Yunusni yutsin deb, Egamiz nahang baliqni yubordi. Yunus uch kechayu uch kunduz baliq qornida qoldi.

Yunus baliqning qornida ekan, oʻzining Egasi Xudoga shunday deb ibodat qildi:

“Ey Egam, qaygʻuli damlarimda

Senga qildim iltijo,

Iltijolarimni Sen eshitding.

Oʻliklar diyorining qaʼridan faryod koʻtardim,

Sen eshitding ovozlarimni.

Meni otganding tubsiz chuqurga,

Dengiz bagʻriga,

Meni qurshab olgandi suvning girdobi.

Sening toʻlqinlaring

Oʻtgandilar ustimdan bosib.

Sening huzuringdan

Quvilganman, dedim oʻshanda,

Lekin muqaddas Maʼbadingni

Yana koʻraman!

Suvlar meni boʻgʻzimgacha koʻmgandi,

Tubsiz dengiz atrofimni oʻradi.

Dengiz oʻtlari boshimga oʻralib qoldi.

Togʻlarning tubiga choʻkkandim —

Zanjirlari bilan to abad menga toʻsiq qoʻygan joyga.

Sen esa, ey Egam Xudo,

Jonimni oʻsha joydan qutqarding!

Ey Egam, hayotim onlari tugay deganda,

Men Seni esladim.

Iltijolarim Sengacha,

Muqaddas Maʼbadinggacha yetib bordi.

Soxta, bemaʼni butlarga sigʻinadiganlar

Senga boʻlgan sadoqatidan voz kechdilar!

Men esa shukrona aytib,

Senga qurbonlik keltiraman.

Atagan nazrlarimni ado etaman.

Ey Egam, najot faqat Sendandir!”»

Yunus 2:1-10

Yunusning alomati nima?

Odatda biror inson mavqei shubhaga uchraganida, Masih bilan sodir boʻlgani kabi, undan kuchini, hokimiyatini tasdiqlovchi biron bir alomat talab qilinadi. Iso paygʻambar Oʻz qudratini tasdiqlash uchun Yunus paygʻambarga va nahang baliqning qornida oʻtkazilgan uch kunga ishora qildi.Bu yerda U “oʻlim qornini”, “qabrni” nazarda tutgan edi. Alloh Taoloning amriga boʻysunmagan Yunus alayhissalom uch kun davomida Allohning nazaridan uzildi. Qanday gʻalati belgi! Yunus alayhissalom uch kun oʻlim qornida boʻldi. Uch kun Alloh nazaridan uzilib, zulmatga gʻarq boʻldi. Nima uchun Iso Masih buni alomat sifatida keltirdi? Bu Uning hech qanday kuchga ega emasligini isbotlamaydimi?

Bu yerga zaiflik va oʻlim alomatlari birinchi marta keltirilayotgani yoʻq. Ishayo paygʻambar kitobida kelishi kerak bo’lgan qul haqida bashorat bor. Unda aytilishicha, Xudovandning quli nafratga uchraydi va xalq tomonidan rad etiladi. “Biz esa oʻylardik: Uni Xudo urgan”, “Tiriklar yurtidan U uloqtirildi”, “Unga yovuzlar qatori qabr berilgandi”. “Egamiz Oʻz qulini ezishni, azoblashni maʼqul koʻrdi” soʻzlari bundan ham tushunarsiz eshitiladi. Bu Yunus azoblariga oʻxshab ketadi. Aynan shu oʻxshashlikka Iso Masih ishora qilgan.

Barcha topishmoqlarning kaliti – Yunus alayhissalomning nahang baliq qornida oʻqigan duosining oxiridadir. Uning oxirgi jumlasi: “Ey Egam, najot faqat Sendandir!” Yuqoridan berilgan bashoratga ko’ra, Iso nomi – kelayotgan Novdaning bashoratli ismidir. Lekin Iso ismi nimani anglatadi? Ibroniychada bu soʻz “Rabbiy najot beradi” degan maʼnoni bildiradi. Yunus paygʻambar ibodat qilganidek, barchamiz najotga muhtojmiz va najot Rabbiydadir. Yunus alayhissalomning duosida barchamizning najotga muhtojligimiz va bu najotning manbai Alloh ekanligi zikr qilinadi. Iso Masih (ibroniychada “Iyeshua”) nomi tom maʼnoda Yunus alayhissalom nahang baliq qornida eʼlon qilgan ismdir – “Rabbiy qutqaradi”.

Din ulamolari bilan suhbat oxirida, Iso Masih Naynavo (Yunus yuborilgan shahar) aholisi Yunusning soʻzlariga ishonib, tavba qilganini, Isoni tinglagan diniy rahbarlar esa Unga ishonmaganini aytadi. Ular najotga muhtoj ekanliklarini tan olishni istamas edilar. Har birimiz yuragimizni sinab koʻrishimiz va men kimga oʻxshayman – Naynavoliklargami (tavba qilganlar) yoki yahudiy rahbarlargami (tavba qilmaganlar) degan savolga javob berishimiz kerak. Siz nima deysiz?

Masihning hayotini oʻrganib chiqsak, Yunusning alomati qanday amalga oshganini va Isoning yerdagi xizmatining oxirida Rabbiy O’z xalqini qanday qutqarishini ko’ramiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *