Skip to content
Home » Masih ( alayhissalom ) xoinni qutqaradi

Masih ( alayhissalom ) xoinni qutqaradi

  • by

 “Sho’ro” (42-sura Kengash) surasida shunday deyiladi:

   Allohning imon keltirgan va solih amallarni qilgan bandalariga beradigan xushxabari ana shudir. (Ey, Muhammad,) ayting: “Men sizlardan bu (da’vatim) uchun haq so’ramayman, faqat qarindoshchilikdagi do’stlik (yaqinlik)nigina (so’rayman)”. Kimki, biror chiroyli amal qilsa, Biz uning uchun o’sha (amali)da yana husnni ziyoda qilurmiz (ziyoda savob ato eturmiz). Albatta, Alloh mag’firat qiluvchi va yaxshilikni biluvchidir.

Sho’ro surasi 42:23

  U imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni (duolarini) ijobat qilur va ularga O’z fazlidan ziyoda qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir.

Sho’ro surasi 42:26

Shuningdek, “Qasas” surasida (28-sura Qissa) shunday deyilgan:

  Bas, kim tavba qilib, imon keltirib, solih amal qilgan bo’lsa, shoyadki (u) najot topuvchilardan bo’lsa.

Qasas surasi 28:67

    Ammo solih amallar qilmasak, yaxshilik qilmasak-chi? Muso alayhissalomning qonunidan kelib chiqadiki, bizdan mutlaq itoat talab qilinadi va kimki qonunni bajarmasa, jiddiy azobga duchor boʻladi. Buni “Shoʻro” va “Qasas” suralarining tegishli oyatlari tasdiqlaydi. Paygʻambar Iso Masih (alayhissalom)ning xushxabari bu oyatlarda tasvirlangan solih amallarni yetarlicha qila olmaganlar uchundir. Siz yetarlicha yaxshi ish qilyapsizmi? Agar yoʻq boʻlsa, Iso Masih bir marta ham hech qanday solih amal qilmagan odam bilan uchrashgani haqida Injildagi hikoyani oʻqing. U odam xalq xoini edi.

Payg’ambar Iso Masih (alayhissalom) Lazarni tiriltirib , O’z vazifasini – o’limni yengishini ochib berdi. Shuning uchun U O’z vazifasini bajarish uchun Quddusga boradi. Yo’lda U Yerixodan o’tadi (bugungi kunda bu Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi Falastin hududi). Uning mo”jizaviy alomatlari va va’zlari haqida eshitgan ko’p odamlar uni kutib olish uchun chiqdilar. Ularning orasida bir boy odam bor edi. Bu odam oʻz boyligini nohaq yoʻl bilan koʻpaytirib, nafratga uchragan Zakkay edi. Zakkay Rim bosqinchilari uchun soliq yigʻardi. Aytish kerakki, bu odam oʻz vatandoshlarini talon-taroj qilgan, u xalqdan rimliklar belgilagandan koʻproq soliq olib, ortigʻini oʻziga olib qolgan. Yahudiylar Zakkaydan nafratlanishardi, chunki u yahudiy boʻla turib, Rim bosqinchilari uchun ishlab, qabiladoshlari hisobiga boyib ketgan edi.

Zakkay past boʻyli boʻlib, Iso Masih (alayhissalom)ni olomon orasida koʻrolmay qolishdan qoʻrqardi. Qolaversa, unga hech kim yoʻl bermasligini ham u bilardi. Injilda Zakkay va paygʻambar oʻrtasidagi uchrashuv shunday tasvirlangan:

  Iso Yerixo shahriga kirib, shahar boʻylab oʻtayotgan edi. Bu shaharda Zakkay degan bir odam bor edi. U soliqchilar boshligʻi boʻlib, boy edi. Zakkay “Iso kim ekan?” deb Uni koʻrishga urinardi, ammo odam koʻpligidan koʻra olmasdi, chunki uning boʻyi past edi. U oldinga yugurib, Isoni koʻrish uchun shikamora–anjir daraxti ustiga chiqib oldi. Iso oʻsha yerdan oʻtishi kerak edi.

Iso u yerga kelganda, yuqoriga qarab, Zakkayga dedi:

— Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingda mehmon boʻlishim kerak.

Zakkay darrov pastga tushdi, Isoni quvonch bilan uyiga taklif qildi. Buni koʻrganlarning hammasi: “Iso bir gunohkor odamning uyiga mehmonga bordi”, deb norozilik bildirishdi. Zakkay esa oʻrnidan turib, Rabbimiz Isoga dedi:

— Hazrat, men mol–mulkimning yarmini kambagʻallarga beraman. Biron kimsaning narsasini nohaq olgan boʻlsam, toʻrt barobar qilib qaytaraman.

Iso unga shunday javob berdi:

— Bugun bu xonadonga najot keldi, chunki bu odam ham Ibrohimning oʻgʻlidir. Inson Oʻgʻli yoʻqolganni izlab topish va uni qutqarish uchun kelgan.”

Luqo 19:1–10

Paygʻambarning qilgan ishi odamlarga yoqmadi. Qanday qilib U Zakkayning uyiga mehmonga borishi mumkin? Axir Zakkay yovuz odam, buni hamma biladi! Ammo Zakkay oʻzining gunohkor ekanligini tan oldi. Koʻpchiligimiz gunohlarimizni yashiramiz yoki oʻzimizni gunohlarimiz yoʻqdek tutamiz. Zakkay bunday qilmadi. U xato qilganini tushundi. Zakkay Iso tomon qoʻrqib qadam tashlaganida, shunday samimiy javob oldiki, hamma hayratda qoldi.

Iso Masih (alayhissalom) Zakkayning tavba qilishini, yomon ishlarni qoldirishini va yordam so’rab, Masihga murojaat qilishini xohlardi. Zakkay gunohiga iqror bo’lgach, payg’ambar uni kechirib, unga “najot” berganini ko’rdi.

Biz-chi? Nima deymiz? Albatta, biz Zakkaydan farqli o’laroq, u qadar uyatli ish qilmadik. Agar “bunday yomon odam emasmiz” desak, biz Odam Ato kabi xohlagancha yashirinishimiz, “gunohlarimizni” berkitishimiz, yoki gunohlar unchalik yomon emasdek o’zimizni tutishimiz mumkin. Biz oʻz solih amallarimiz bilan tarozi pallasini ogʻirroq qilish mumkinligiga ishonamiz. Oʻsha kuni Isoga ergashganlarning koʻpchiligi ham shunday fikrda edilar. Shuning uchun Iso ularning birortasini ziyorat qilishni istamadi va ularni najot topganlar deb atamadi. Bu unvon faqat Zakkayga berildi. Gunohimizni yashirgandan koʻra, Allohning huzurida tan olishimiz yaxshiroq emasmi? Biz Iso Masihning rahm-shafqatiga umid bog’laganimizda, tan olishga qo’rqqan gunohlarimizni U rahmdillik bilan kechirishini ko’ramiz.

Qiziq, qanday qilib Zakkayning barcha vahshiyliklari bir lahzada, xuddi hech qachon sodir boʻlmagandek tozalangan boʻlishi mumkin? Zakkay Qiyomat kunigacha kechirimga egaligiga ishonch hosil qila oladimi? Keling, Iso Masih (alayhissalom) yer yuzidagi xizmatini qanday ado etganini ko’rish uchun Uning ketidan Quddusga ergashaylik.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *