Skip to content
Home » Iso Masih (alayhissalom) qudrat so‘zi bilan shifolaydi

Iso Masih (alayhissalom) qudrat so‘zi bilan shifolaydi

  • by

«Abasa» surasida (80-sura “Хo’mraygan”) payg’ambar Muhammad (s.a.v.) ko’r odam bilan uchrashgani haqida hikoya qilinadi.

“(Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o’girdi.

Zero, uning huzuriga ko’zi ojiz odam kelgan edi.

(Ey, Muhammad,) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol, u (Sizdan foydalanib, o’z gunohlaridan) poklanar.”

Abasa surasi 80:1-3

Garchi bu ilohiy haqiqatni etkazish uchun yaxshi imkoniyat boʻlsa-da, Muhammad (s.a.v.) bu odamni davolamadi. Iso Masih paygʻambarga kelsak, u Allohning paygʻambarlari ichida haqiqatan ham noyob edi. Chunki u nafaqat odamlar dardiga davo bera olgan va buni amalga oshirgan. U boshqa paygʻambarlarda, hatto Muso, Ibrohim va Muhammad (alayhissalom) kabi ulugʻ iymon egalarida boʻlmagan hokimiyatga ega edi. “Zuxruf” (43-sura

“Zeb-ziynat”) surasida bayon qilingan sinovdan oʻtish uchun kuch faqat shu paygʻambarga berilgan edi.

“Bas, (ey, Muhammad,) Siz karlarga eshittira olurmisiz, yoki ko’rlar va aniq zalolatdagi kimsalarni hidoyat qila olurmisiz?!”

Zuxruf surasi 43:40

“Moida” surasida (5-sura “Dasturxon”) Iso Masihning mo‘jizalari haqida so‘z boradi:

“Eslang, Alloh: “Ey, Iso ibn Maryam! Senga va onangga bergan ne’matimni yodingga ol, qaysiki, Seni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladim, odamlarga beshikda va voyaga yetganingda gapirding. Senga yozuvni, hikmatni, Tavrot va Injilni ta’lim berdim. Mening iznim bilan loydan qush shaklini yasading. So’ngra unga dam urganingda, u Mening iznim bilan (chinakam tirik) qushga aylandi. Mening iznim bilan ko’r va pesni tuzatding. Mening iznim bilan o’liklarni (qabrlaridan tirik holda) chiqarding. Shuningdek, Isroil avlodiga aniq alomatlar keltirganingda, seni ular (g’azabi)dan asraganimni esla. Ularning kofirlari: “Bu aniq sehrdan boshqa narsa emas”, – degan edilar.”

Moida surasi 5:110

“Oli Imron” surasiga (3-sura “Imron oilasi”) e’tibor beraylik:

“Shuningdek, uni Isroil avlodiga payg’ambar (qilib yuboradi va u aytadi): “Men sizlarga Rabbingiz huzuridan (payg’ambarligimga dalolat qiluvchi) mo”jiza bilan keldim; men sizlarga loydan qush shaklini yasab, unga dam ursam, u Allohning izni bilan (rostakam) qush bo’ladi. Ko’r va pesni tuzataman. Allohning izni bilan o’liklarni tiriltiraman hamda sizlarning yeyayotgan va zaxirada saqlayotgan narsalaringizni aytib beraman. Agar mo’min bo’lsangizlar, albatta, bu ishlarda sizlar uchun alomat bordir.

(Men) o’zimdan oldingi (nozil etilgan) Tavrotni tasdiqlash va sizlar uchun harom qilingan ayrim narsalarni halol qilib berish uchun keldim. Yana, sizlarga Rabbingizdan alomat keltirdim. Shunday ekan, Allohdan qo’rqingiz va menga itoat qilingiz!”

Oli Imron surasi 3:49-50

Koʻrlar koʻrmoqda, moxovlar tuzalmoqda, oʻliklar tirilmoqda! Shuning uchun ham Moida surasida ( 5:110) Iso Masih (alayhissalom) “aniq alomatlar” bilan zohir boʻlganligi aytilgan, “Oli Imron” surasida (3:49-50) esa bu alomat Alloxdan ekani aytilgan. Bunday aniq belgilarni rad etish ahmoqlik emasmi?

Yuqorida aytib o’tganimizdek, payg’ambar Iso Masih (alayhissalom) shunday hokimiyat bilan ta’lim berardiki, bunday hokimiyatga faqat Masih ega bo’lishi mumkin edi. Tog’dagi va’zdan so’ng Injilda shunday so’zlar bor:

“Iso togʻdan tushganda katta bir olomon Uning orqasidan ergashdi. Shu orada teri kasalligiga chalingan bir odam Isoning oldiga keldi. U tiz choʻkib, dedi:

— Hazrat, bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan Siz poklay olasiz.

Iso qoʻlini uzatib, unga tekkizdi–da:

— Istayman, pok boʻl! — dedi. Teri kasalligiga chalingan odam shu zahoti dardidan forigʻ boʻldi. Iso unga dedi:

— Menga qara! Bu toʻgʻrida birovga ogʻiz ocha koʻrma. Borib, oʻzingni ruhoniyga koʻrsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir.”

Mattо 8:1–4

Iso alayhissalom teri kasalligiga chalingan odamni davolashda O’z kuchini namoyon qildi. Masih faqat “pok bo’l” desa bas, kasal odam darddan tozalanadi, tuzalib ketadi. Bu shifo beruvchi kuch so’zidir.

Keyin Iso alayhissalom “dushman” bilan uchrashadi. O’sha paytda rimliklar Yahudiya yerlarini bosib olgan nafratga sazovor bosqinchilar hisoblanardi. Yahudiylarning rimliklarga munosabatini bugungi kundagi baʼzi falastinliklarning isroilliklarga munosabati bilan solishtirsa boʻladi. Ammo yahudiylarning nafrati, asosan, Rim askarlariga qaratilgan edi, chunki ular oʻz vakolati doirasidan chiqar edilar. Rim qoʻmondonlariga esa munosabat undan ham yomonroq edi, masalan, Rim yuzboshilariga. Bir kuni Iso (alayhissalom) shunday bir “dushman” bilan uchrashib qoldi. Bu qanday sodir boʻlganini hozir bilib olamiz:

Iso al-Masih (alayhissalom) va Rim yuzboshisi

“Iso Kafarnahum shahriga kirib kelganda, bir Rim yuzboshisi Uning oldiga kelib, yolvordi:

— Hazrat, xizmatkorim uyda toʻshakka mixlanib yotibdi. U qattiq azob chekyapti.

— Mayli, Men borib, xizmatkoringizni sogʻaytiraman, — dedi Iso. Yuzboshi shunday dedi:

— Hazrat! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sogʻayib ketadi. Men oʻzim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qoʻlim ostida askarlarim bor. Biriga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.

Iso yuzboshining bu gapini eshitib, hayratlandi. U orqasidan ergashib kelayotganlarga dedi:

— Sizlarga chinini aytayin: Men Isroil xalqi orasida bunday kuchli imonga ega boʻlgan bironta odamni uchratmadim. Sizlarga shuni aytaman: koʻp odamlar sharqu gʻarbdan kelib, Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub bilan birga Osmon Shohligida ziyofatga oʻtiradilar. Osmon Shohligining merosxoʻrlari esa tashqaridagi zulmatga quvib chiqariladi. Ular u yerda qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar.

Keyin Iso yuzboshiga dedi:

— Boring, siz ishonganingizday boʻlsin.

Yuzboshining xizmatkori oʻsha zahoti sogʻayib ketdi.”

Matto 8:5-13

Masihning soʻzlari shunchalik kuchli ediki, hatto masofa toʻsqinlik qila olmadi. U faqat soʻz aytishi kerak edi, holos. Bundan tashqari, Iso (alayhissalom) bir narsadan juda hayratda qolgan edi: barcha odamlar ichida faqat mana shu nafratga sazovor majusiyda Iso amrining kuchiga ishonish uchun yetarlicha imon bor edi. Masih uchun soʻz aytish kifoya, hammasi aniq amalga oshdi. Biz bunday odamdan imon kutmagan edik, axir uning xalqi boshqa, dini oʻzgacha. Lekin Iso alayhissalomning soʻzlariga koʻra, bir kun kelib, bu yuzboshi Ibrohim paygʻambar va boshqa solihlar bilan birga jannat dasturxonidan joy egallaydi. “Toʻgʻri din” va “toʻgʻri qavmga” mansub boʻlganlar esa jannatga kirolmadilar ham. Iso (alayhissalom) bizlarni ogohlantiradi: inson biror din, yoki biror qavmga tegishli boʻlgani uchun jannatga bora olmaydi.

Iso sinagoga boshlig’ining qizini tiriltiradi

Iso Masih (alayhissalom) yahudiy yetakchilarini davolamagan, degan fikr noto’g’ridir. Isoning eng hayratlanarli mo”jizalaridan biri – sinagoga boshlig’ining qizini tiriltirish edi. Injilda shunday deyiladi:

“Iso koʻlning bu qirgʻogʻiga qaytib kelganda, xalq Uni qarshilab oldi, chunki hamma Uni kutayotgan edi. Shu payt Yair ismli bir odam kelib qoldi. U sinagoga boshligʻi edi. U Isoning oyogʻiga bosh urib: “Iltimos, uyimga yuring”, deb yolvordi. Chunki Yairning oʻn ikki yoshli yolgʻiz qizi oʻlim toʻshagida yotgan edi.

Iso oʻsha odam bilan ketdi. Olomon Isoni har tomondan qisib qoʻyardi. Olomon orasida oʻn ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. U bor–budini tabiblarga sarflagan boʻlsa ham, birontasi unga shifo bera olmagan edi. Ayol Isoning orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qoʻl tekkizdi. Shu zahoti qon ketishi toʻxtadi.

— Menga kim tegdi? — deb soʻradi Iso. Isoga qoʻl tekkizganini hech kim tan olmadi. Shunda Butrus dedi:

— Ustoz, olomon Sizni oʻrab olib, siqib qoʻyganini koʻrib turibsiz–ku!

Lekin Iso dedi:

— Kimdir Menga qoʻlini tekkizdi. Ichimdan bir kuch chiqqanini sezdim.

Nazardan chetda qola olmasligini bilib, ayol titragancha Isoning oldiga keldi. Uning oyoqlari ostiga oʻzini tashlab, butun xalq oldida nima sababdan Isoga qoʻlini tekkizganini va qoʻl tekkizgan zahoti shifo topganini aytib berdi.

Iso unga dedi:

— Qizim, ishonching seni sogʻaytirdi. Eson–omon bor.

Iso shunday deb turgan ham ediki, sinagoga boshligʻining uyidan kimdir kelib unga:

— Qizingiz oʻldi, Ustozni ovora qilmay qoʻya qoling, — dedi. Buni eshitgan Iso sinagoga boshligʻi Yairga dedi:

— Qoʻrqmang. Faqat ishoning, qizingiz shifo topadi.

Iso boshliqning uyiga kelganda, Butrus, Yuhanno, Yoqub va qizning ota–onasidan boshqa hech kimning ichkariga kirishiga ruxsat bermadi. Hamma qizcha uchun dod–faryod qilayotgan edi. Iso ularga dedi:

— Yigʻlamanglar, axir, qizcha oʻlmagan, u uxlab yotibdi.

Ular esa Isoning ustidan kuldilar, chunki qizcha oʻlganini bilardilar. Iso esa qizchaning qoʻlidan ushlab:

— Qizaloq, tur oʻrningdan! — dedi.

Qizchaga jon kirdi. U shu zahoti oʻrnidan turdi. Iso: “Qizchaga ovqat beringlar”, — deb buyurdi. Qizchaning ota–onasi dong qotib qoldilar. Iso esa ularga boʻlgan voqea haqida hech kimga ogʻiz ochmaslikni buyurdi.”

Luqo 8:40-56

Biz yana Isoning soʻzi qizning tirilishi uchun yetarli ekanini koʻramiz. Na biror dinga mansublik, na yahudiylik, na butparastlik yoki boshqa bir eʼtiqodga mansublik Iso Masihning moʻjizalariga sabab boʻlolmasdi. U har safar inson imonini koʻrganida shifo berar edi va bu yerda insonning jinsi, irqi, dini ahamiyatga ega emas.

Iso al-Masih ko’plarni, shu jumladan do’stlarini ham shifolaydi

Injilda Iso (alayhissalom) Butrusning uyiga borgani haqida hikoya qilinadi. Butrus Isoning 12 shogirdi nomidan gapirgan havoriy edi. Iso bu uyda Uning yordami kerakligini koʻrdi. Injilda shunday yozilgan:

“Iso Butrusning uyiga kelganda, uning qaynanasi isitmalab, toʻshakda yotganini koʻrdi. Iso uning qoʻliga tegishi bilan isitmasi tushdi. Ayol turib, Unga xizmat qildi.

Kech kirganda Isoning oldiga jin chalgan koʻplab odamlarni olib kelishdi. U soʻz bilan jinlarni quvib chiqardi, xasta odamlarning hammasiga shifo berdi. Shu tariqa Ishayo paygʻambarning quyidagi aytgan soʻzi bajo boʻldi:

Dardlarimizni U Oʻziga oldi,

Ogʻriqlarimizdan bizni forigʻ qildi.”

Mattо 8:14–17

Iso Masih bir so’z bilan yovuz ruhlarni ham quvib chiqarishga qodir edi. Injil aytadiki, Zaburga ko’ra, mo”jizaviy shifolar Masih kelishining belgisidir. Darhaqiqat, Ishayo payg’ambar (alayhissalom) kelayotgan Masih haqida quyidagi bashoratni aytgan:

“Egamiz Rabbiyning Ruhi meni qamrab olgan,

Chunki U meni tanlagan.

“Yoʻqsillarga xushxabar yetkazsin,

Xasta qalblarga shifo bersin,

Asirlarga ozodlik eʼlon qilsin,

Zindondagilarga erkinlik xabarini bersin” deb,

Egam meni yubordi.

“Egamning marhamat yilini,

Xudoning qasos oladigan kunini eʼlon qilsin,

Azadorlarning hammasini ovutsin” deb,

Egam meni yubordi.

“Quddusda nola qilayotganlarga tasalli bersin,

Ularga kul oʻrniga zeb–ziynat,

Aza oʻrniga shodlik moyi,

Maʼyus ruh oʻrniga madhiya bersin” deb,

Egam meni yubordi.

Endi ularni “Egamiz Oʻz shuhrati uchun ekkan koʻchatlar,

Solihlik emanlari” deb atashadi.”

Ishayo 61:1-3

Iso paygʻambardan 750 yil oldin, Ishayo paygʻambar kambagʻal va muhtojlarga Masih xushxabar (Injil) olib kelishini bashorat qilgan. Masih xalqqa tasalli berib, boʻyinturuqdan ozod qilishini oldindan aytib bergan. Hazrati Iso alayhissalom odamlarga taʼlim berib, xastalarni shifolab, oʻliklarni tiriltirib, bu bashoratni toʻliq amalga oshirdi. Bularning hammasini U qudrat soʻzi bilan amalga oshirdi. Shuning uchun ham Oli Imron surasida shunday deyilgan:

“Eslang, farishtalar: “Ey, Maryam, Alloh senga O’zining “kalimasi” xushxabarini beradikim, uning ismi Iso Masih ibn Maryam bo’lib, dunyoyu oxiratda obro’li va (Allohga) yaqinlardandir.”

Oli Imron surasi 3:45

Injilda ham Iso alayhissalom haqida shunday so’zlar bor:

Unga “Xudoning Kalomi” deb nom berilgan edi.

Vahiy 19:13

Iso Masih (alayhissalom)ning soʻzlarida shunday gʻayrioddiy hokimiyat bor ediki, u Xudodan kelgan Tirik Soʻz va Xudoning Kalomi deb atalgan. Iso Masih Muqaddas Kitoblarda “Allohning Kalomi” deb atalgani sababli, Uning taʼlimotiga amal qilish biz uchun oʻta muhimdir. Keling, tabiatning o’zi ham Uning Kalomiga qanday itoat qilgani haqida o’qib chiqamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *