G‘ofir surasi (40-sura Mag‘firatli) Allohning mag‘firati haqida so‘z boradi
“(U) gunohni mag’firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehson egasidir. Undan o’zga iloh yo’q. Qaytishlik faqat Uning O’zigadir.
Arshni ko’tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar (yakkayu yagona) Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh ayturlar va Unga imon keltirurlar hamda imon keltirgan kishilarni mag’firat etishini so’rarlar: “Parvardigoro, O’zing rahmat va ilm jihatdan barcha narsada kengdirsan. Bas, tavba qilgan va yo’lingga ergashgan kishilarni mag’firat et va ularni do’zax azobidan saqla!”
G‘ofir surasi 40:3,7
Hujurot surasi (49-sura Xonalar) bu inoyatga ega bo’lishimiz uchun bir-birimiz bilan tinchlikni saqlashimiz kerakligini aytadi.
“Albatta, mo’minlar og’a-inidirlar. Bas, sizlar ikki og’a-iningiz o’rtasini tuzatib qo’yinglar va Allohdan qo’rqinglar, shoyad rahm qilinsangizlar.”
Hujurot surasi 49:10
Iso Masihning ta’limotlari orasida Allohning kechirimliligi haqidagi ta’limot bor va u bu kechirimni biz bir-birimizni qanchalik kechirishimiz bilan bog’laydi.
Iso Masih boshqalarni kechirish haqida
Yangiliklarni koʻrsam, dunyoda yovuzlik va zoʻravonlik tobora ortib borayotgandek tuyuladi. Afgʻonistondagi portlashlar, Livan, Suriya va Iroqdagi qirgʻinlar, Misrdagi zoʻravonliklar, Pokistondagi qotilliklar, Turkiyadagi tartibsizliklar, Nigeriyada maktab oʻquvchilarining oʻgʻirlanishi, Falastin va Isroil oʻrtasidagi urush, Keniya shaharlaridagi qirgʻinlar yovuzlik avjga chiqqanidan dalolat bermaydimi? Eʼtibor bering, yomon yangiliklarni qidirishga xojat ham yoʻq. Endi bunga biz bir-birimizga qiladigan behisob gunohlarimizni, azoblarimizni, zulmlarimizni qoʻshib koʻring. Ular yangiliklarda koʻrsatilmasa ham, oʻsha yovuzliklardan kam emas. Bugungi qasos dunyosida Iso Masihning kechirimlilik haqidagi taʼlimoti har doimgidan dolzarbdir. Bir kuni shogirdlari Undan yaqinini necha marta kechirish kerakligini soʻradilar. Injilda shunday deyilgan:
Shafqatsiz xizmatkor haqidagi hikoya
“Shundan keyin Butrus kelib Isoga dedi: “Hazrat, agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, uni necha marta kechiray? Yetti martami?”
“Sizlarga shuni aytay: yetti marta emas, — dedi Iso, — balki yetmish karra yetti marta. Shu sababli Osmon Shohligini bir shohga qiyoslash mumkin. Shoh oʻz xizmatkorlari bilan hisob–kitob qilmoqchi boʻlibdi. Hisob–kitobni boshlaganda, uning huzuriga ming–minglab tilla tanga qarzdor boʻlgan xizmatkorini olib kelibdilar. Lekin qarz toʻlashga qurbi yetmagani uchun shoh unga:
— Oʻzingni, xotiningni, bolalaringni va butun mol–mulkingni sotib, qarzingni toʻlaysan, — deb buyuribdi. Xizmatkor shohning oyogʻiga yiqilib:
— Ozgina sabr qiling, hamma qarzimni toʻlayman, — debdi. Xizmatkoriga shohning rahmi kelibdi. Shoh uni qoʻyib yuborib, qarzidan kechibdi.
Xizmatkor esa tashqariga chiqib, oʻzidan yuz kumush tanga qarzdor boʻlgan bir sherigini uchratib qolibdi. Uni yoqasidan olib:
— Qarzingni toʻla! — deb boʻgʻa boshlabdi. Sherigi esa uning oyoqlariga yiqilib:
— Ozgina sabr qiling, qarzimni toʻlayman, — deb yolvoribdi. Ammo u koʻnmabdi:
— Qarzingni toʻlamaguningcha zindonda yotasan, — deb sherigini qamatib qoʻyibdi.
Boshqa xizmatkorlar yuz bergan voqeani koʻrib, xafa boʻlibdilar. Shohning huzuriga borib, hammasini aytib beribdilar. Shunda shoh xizmatkorini huzuriga chaqirib:
— Ey yaramas xizmatkor! — debdi. — Menga yolvorganing uchun barcha qarzingdan kechdim. Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang boʻlmasmidi?!
Gʻazablangan shoh xizmatkorini zindonbonning qoʻliga topshirib:
— Hamma qarzini toʻlamaguncha unga azob beringlar, — deb buyuribdi.
Xullas, agar sizlar birodaringizni chin dildan kechirmasangiz, osmondagi Otam sizlarni ham shu koʻyga soladi.”
Matto 18:21-35
Hikoyaning mohiyati shundaki, Allohdan (podshohdan) rahm-shafqat olish – koʻp kechirilish demakdir. Ramziy maʼnoda, bizga kechirilgan qarz – ming minglab tilla tangadir. Xizmatkor podshohga qarzni hozir toʻlashga qodir emasligini aytdi. Podshoh uning hech qachon toʻlay olmasligini bilib, barcha qarzlarini kechirdi. Bu Allohning bizga ko’rsatgan rahm-shafqatidir.
Shunda bu xizmatkor unga yuz kumush tanga qarz boʻlgan boshqa xizmatkorni topadi va undan qarzni toʻliq toʻlashni talab qiladi. Bizga qarshi gunoh qilishsa, bu bizga ogʻriq keltiradi. Lekin bu ogʻriq biz gunohlarimiz bilan Allohga keltiradigan qaygʻu va azob oldida hech narsa emas. Bu xuddi ming minglab tilla tangalarga qarshi yuz kumush tangadek.
Shuning uchun shoh (Alloh) oʻsha xizmatkorni toʻliq qarzini toʻlamagunicha zindonga tashlaydi. Iso Masihning taʼlimotida boshqalarning bizga qarshi qilingan gunohlari biz tomondan kechirilmasligi, Allohning kechirimini yoʻqotish va doʻzaxga mahkum boʻlish bilan tenglashtiriladi. Koʻrib turganingizdek, oqibatlar juda jiddiy.
Biz doim kechirishga tayyor boʻlishimiz kerak. Agar kimdir bizni xafa qilsa, bizda qasos olish istagi paydo boʻladi. Ammo kechirimli boʻlishga qanday oʻrganish mumkin? Keling, Injilni o’rganishda davom etaylik.