Skip to content
Home » Iso Masih (alayhissalom) tabiat kuchlari ustidan hokimiyatga ega

Iso Masih (alayhissalom) tabiat kuchlari ustidan hokimiyatga ega

  • by

“Vaz- Zoriyot” surasi (51-sura – “Haydovchi shamollar”) payg’ambar Muso (a.s.)ning fir’avn huzuriga borganligi haqida hikoya qiladi.

Muso (alayhissalom) haqidagi qissada ham alomat bor:

“Muso (qissasi)da ham (ibrat bordir). Eslang, Biz uni aniq hujjat bilan Fir’avn oldiga yuborgan edik.”

Vaz-Zoriyot surasi 51:38

Alloh tomonidan berilgan qudrat va hokimiyatni Muso buyuk alomatlar va moʻjizalar orqali tasdiqladi. U tabiat kuchlari ustidan hokimiyatga ega edi, u hatto Qizil dengiz suvlarini ikkiga ajratdi. Inson oʻzini paygʻambar deb eʼlon qilsa (Muso kabi), paygʻambarlikka chaqirilganini isbotlash yoʻlida xalqning katta qarshiliklarini engib oʻtishiga toʻgʻri keladi. Shuaro surasida (26-sura – “Shoirlar”) paygʻambarlar qanday tasdiqlanganiga va inkor etilganiga eʼtibor bering.

“Nuh qavmi payg’ambarlarni inkor etdi.

O’shanda ularga birordarlari Nuh aytgan edi: “Allohdan qo’rqmaysizlarmi?!

Albatta, men sizlarga yuborilgan ishonchli payg’ambardirman!”

Shuaro surasi 26:105-107

“Od (qabilasi) payg’ambarlarni inkor etdi.

O’shanda ularga birodarlari Hud aytgan edi: “(Allohdan) qo’rqmaysizlarmi?

Albatta, men sizlarga (yuborilgan) ishonchli payg’ambardirman!

Bas, Allohdan qo’rqinglar va menga itoat etinglar!”

Shuaro surasi 26:123-126

“Samud (qabilasi) payg’ambarlarni inkor etdi.

O’shanda birodarlari Solih ularga aytgan edi: “(Allohdan) qo’rqmaysizlarmi?!

Albatta, men sizlarga (yuborilgan) ishonchli payg’ambardirman!

Bas, Allohdan qo’rqinglar va menga itoat etinglar!”

Shuaro surasi 26 :141-144

“Lut qavmi payg’ambarlarni inkor etdi.

O’shanda ularga birodarlari Lut aytgan edi: “(Allohdan) qo’rqmaysizlarmi?!

Albatta, men sizlarga (yuborilgan) ishonchli payg’ambardirman.

Bas, Allohdan qo’rqinglar va menga itoat etinglar!”

Shuaro surasi 26:160-163

“Ayka xalqi (“Daraxtzor egalari”) (Shuayb payg’ambar qavmi) payg’ambarlarni inkor etdilar. O’shanda ularga Shuayb aytgan edi: (“Allohdan) qo’rqmaysizlarmi?! Albatta, men sizlarga (yuborilgan) ishonchli payg’ambardirman. Bas, Allohdan qo’rqinglar va menga itoat etinglar!”

Shuaro surasi 26:176-179

Ro’yxatda keltirilgan barcha payg’ambarlar rad etilishi mumkin edi va ularning har biri o’zining ishonchga loyiq ekanligini isbotlashi kerak edi. Iso al-Masih bundan mustasno emas edi.

Iso Masih (alayhissalom)ga so’z qudrati bilan ta’lim berish va shifolash hokimiyati berilgan. Ammo bu hali hammasi emas – u tabiat kuchlari ustidan ham hokimiyatga ega edi. Injilda Isoning noodatiy tarzda ko‘ldan kechib o‘tib, shogirdlarning qalbini qo‘rquv va hayratga to‘ldirgani haqida hikoya qilinadi. Keling, bu qanday bo’lganini o’qib chiqamiz:

“Bir kuni Iso shogirdlariga: “Koʻlning narigi tomoniga oʻtaylik”, — dedi. Ular qayiqqa oʻtirib, joʻnab ketdilar. Suzib ketayotganlarida Iso uxlab qoldi. Koʻlda qattiq boʻron koʻtarildi, qayiq suvga toʻla boshladi. Ular xavfli ahvolda qoldilar. Shunda shogirdlar:

— Ustoz! Ustoz! Halok boʻlyapmiz! — deb Isoni uygʻotdilar.

Iso turib shamolga va quturayotgan toʻlqinlarga doʻq urdi. Shu onda shamol tindi, sukunat choʻkdi. Iso shogirdlariga:

— Ishonchingiz qani?! — dedi.

Ular esa qoʻrquv va hayrat ichra bir–biriga shunday deyishdi:

— Bu kim boʻldi ekan–a? U hatto shamolu suvga amr beradi, ular esa boʻysunadi–ya!”

Luqo 8:22-25

Iso Masih (alayhissalom) shamol va toʻlqinlarga amr berdi va ular Unga itoat qildilar! Uning shogirdlari dahshat va qoʻrquvga tushishi ajablanarli emas. Bu qudratni koʻrgan shogirdlar, bu kim ekan, deb oʻylashdan oʻzlarini tiya olmasdilar. Bu qudratga yana bir misolni Isoning atrofiga olomon toʻplanganida koʻramiz. Bu safar Iso shamol va toʻlqinlarga emas, balki ovqatga buyurdi. Keling, ushbu hikoyani oʻqib chiqamiz:

“Shundan keyin Iso qayiqda Jalila koʻlining narigi qirgʻogʻiga suzib oʻtdi (Jalila koʻlini Tiberiyas koʻli deb ham atashardi). Bir talay xaloyiq Isoning orqasidan ergashib borardi. Chunki Iso moʻjizali alomatlar orqali xastalarni sogʻaytirganini ular koʻrgan edilar. U shogirdlari bilan toqqa chiqib oʻtirdi. Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi.

Iso qarasa, bir talay xaloyiq U tomonga kelayotgan ekan. Iso Filipdan:

— Bu odamlarni toʻygʻazish uchun qayerdan non sotib olamiz? — deb soʻradi. Iso bu gapni Filipni sinab koʻrish uchun aytayotgan edi, aslida nima qilishni Oʻzi bilar edi.

Filip shunday javob berdi:

— Bularning har biriga bir burda non berish uchun ikki yuz kumush tangaga non sotib olsak ham yetmaydi!

Shunda shogirdlaridan biri, Butrusning ukasi Endrus Isoga dedi:

— Bu yerdagi bir bolada beshta arpa non bilan ikkita baliq bor ekan. Lekin shuncha odamga bu nima ham boʻlar edi?!

— Odamlarni yerga oʻtqazinglar, — dedi Iso.

U yer qalin maysazor edi. Odamlarning hammasi yerga oʻtirishdi. Olomon orasida taxminan besh mingga yaqin erkak bor edi. Iso nonlarni olib, shukrona duosini oʻqidi. Soʻng oʻtirganlarning hammasiga tarqatdi. Baliqlarni ham xuddi shunday qildi. Odamlar istaganlaricha yedilar.

Hammalari yeb toʻyganlaridan keyin, Iso shogirdlariga shunday dedi:

— Ortib qolgan non burdalarini yigʻib olinglar, isrof boʻlmasin.

Shogirdlar yeyilgan beshta arpa nondan ortib qolgan burdalarni yigʻib olishdi, oʻn ikkita savat toʻldi. Shunda odamlar Isoning qilgan moʻjizali alomatini koʻrib:

— Haqiqatan ham dunyoga kelishi kerak boʻlgan paygʻambar mana shu Kishi ekan, — dedilar. Ular Isoni zoʻrlik bilan shoh qilib koʻtarmoqchi boʻldilar. Buni bilgan Iso yolgʻiz Oʻzi toqqa chiqib ketdi.”

Yuhanno 6:1–15

Odamlar Iso Masih (alayhissalom) 5000 kishini beshta non va ikkita baliq bilan toʻydirganini va ovqatdan keyin hali koʻp narsa qolganini koʻrganlarida, ular gʻayrioddiy paygʻambarga duch kelganlariga amin boʻldilar. Muso alayhissalomning Tavrotida kelishi bashorat qilingan payg’ambar shu emasmi, deb ular o’zlariga savol berishardi. Biz bilamizki, Iso Masih (alayhissalom) haqiqatan ham bashoratni amalga oshirgan payg‘ambardir, chunki Tavrotda shunday deyilgan:

“Ular uchun oʻz xalqi orasidan senga oʻxshagan bir paygʻambar chiqaraman, Men unga nima aytishni oʻrgataman. Oʻsha paygʻambar bergan amrlarimning hammasini ularga aytadi. 19 U Mening nomimdan gapiradi, unga quloq solmagan odamni Men Oʻzim jazolayman.”

Qonunlar 18:18-19

Paygʻambarning alomati shu boʻladi: Alloh taolo Oʻzining soʻzini Uning ogʻziga qoʻyadi. Alloh taoloning soʻzlari bilan inson soʻzlari orasida qanday farq bor? Javob Nahl surasidagi (16-sura – Asalari) oyatda berilgan:

“Biz biror narsani iroda qilsak, unga aytadigan so’zimiz: “Bo’l!” – deyishdir. Bas, (o’sha narsa) bo’lur.”

Nahl surasi 16:40

“Biror narsa (yaratish)ni iroda qilganda, Uning ishi faqatgina: “Bo’l!”- deyishdir. U (narsa) esa bo’lur (vujudga kelur).”

Yosin surasi 36:82

“U tiriltiradigan va o’ldiradigan zotdir. Bas, qachon biror ishni hukm qilsa, unga faqat: “Bo’l!” – der, xolos. Bas, u (ish) bo’lur.”

G’ofir surasi 40:68

Iso Masih (alayhissalom) birgina so’z bilan xastalarni davolagan va jinlarni quvib chiqargan. Biz Isoning so’zi shamol va to’lqinlarni Unga bo’ysundirish uchun etarli ekanini ko’rdik. U so’z aytadi va ovqat ko’payadi. Tavrot va Qur’ondagi alomatlar Iso Masihning qudratiga dalildir. Iso Allohdan hokimiyatga ega edi. U haqiqatan ham Masihdir!

Tushunishga qodir yurak

Shogirdlar uzoq vaqt nima bo’layotganini tushuna olmadilar. Nonlar bilan sodir bo’lgan mo”jizadan ular hech qanday saboq olishmadilar. 5000 kishini to’ydirish hikoyasidan so’ng Injilda quyidagi voqea haqida gapiriladi:

“Iso vaqt oʻtkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, koʻlning narigi tomonidagi Baytsayda shahriga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib joʻnatib yubordi. Odamlar bilan xayrlashgandan keyin, ibodat qilish uchun tepalikka chiqdi.

Oqshom tushdi. Qayiq koʻlning oʻrtasida, Iso esa yolgʻiz Oʻzi quruqlikda qolgan edi. Shogirdlar eshkak eshishga qiynalayotgan edilar, chunki shamol qayiqqa qarshi esar edi. Iso buni koʻrib, erta saharda koʻl ustida yurganicha shogirdlari tomon bordi–da, ularning oldidan oʻtib ketmoqchi boʻldi. Shogirdlar esa koʻl yuzida yurgan Isoni koʻrib, arvoh deb oʻylab, baqirib yuborishdi. Chunki hammalari Uni koʻrib, vahimaga tushib qolgan edilar. Lekin Iso oʻsha zahoti ularga:

— Dadil boʻlinglar! Qoʻrqmanglar, bu Menman! — dedi.

Soʻng Iso shogirdlari yoniga — qayiqqa oʻtgach, shamol tinib qoldi. Shogirdlar tamomila hayratga tushdilar, chunki ular non toʻgʻrisidagi moʻjizani ham tushunmagan edilar, ularning imoni sust edi.

Ular koʻldan suzib oʻtib, Genisaret oʻlkasiga keldilar. Oʻsha yerda qayiqni bogʻladilar. Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi. Odamlar butun yurtni yugurib aylanib chiqdilar, xastalarni toʻshaklarda Isoning oldiga olib bordilar. Ular har safar Isoning qayerdaligini eshitishsa xastalarni oʻsha yerga olib borishardi. Iso qayerga bormasin — qishloqlargami, shaharlargami, ovullargami — odamlar xastalarni ochiq maydonlarga yotqizib qoʻyishardi. Xastalar Isodan: “Hech boʻlmasa kiyimingizning etagiga qoʻl tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qoʻl tekkizganlarning hammasi shifo topardi.”

Mark 6:45-56

Iso Masih hokimiyat bilan gapiradi va Uning soʻzlari aniq amalga oshadi. Shogirdlar esa bu moʻjizalarni tushunmasdilar. Buning sababi, ular yetarlicha aqlli boʻlmaganida emas, nima boʻlganini koʻrmaganliklarida ham emas, yomon shogird yoki xatto imonsizliklarida ham emas. Yoʻq. Matnda shunday deyilgan: “Ularning yuraklari qotib qolgan edi”. Yeremiyo (alayhissalom) paygʻambarning Yangi Ahd haqida bashorati bor, unga koʻra qonun yuraklarimizga yozib qoʻyiladi. Ammo Yangi Ahd inson yuragini oʻzgartirmagunicha, u toshligicha qoladi, hatto buyuk paygʻambarning shogirdlarida ham! Bizning tosh yuragimiz paygʻambarlar orqali berilgan ruhiy haqiqatlarni anglay olmaydi.

Mana nima uchun yuraklarni tayyorlash uchun kelgan Yahyo (alayhissalom) payg‘ambarning xizmati juda muhim. U odamlarni gunohlarni yashirmay, tavba qilishga undagan. Iso Masih shogirdlarining yuraklari tosh boʻlib, tavba qilish va gunohlarni tan olishga muxtoj boʻlishgan boʻlsa, biz bunga qanchalik muhtojmiz! Men sizni Alloh oldida samimiy boʻlgan Dovud (alayhissalom)ning soʻzlari bilan (Alloh barcha fikrimizni biladi, shuning uchun siz unga indamay duo qilishingiz mumkin) men bilan birga Allohga ibodat qilishga taklif qilaman:

“Rahm qilgin menga, ey Xudo,

Sodiq sevging, cheksiz shafqating ila

Itoatsizligimni olib tashlagin.

Yuvib tashla barcha ayblarimni,

Poklagin gunohlarimdan.

Ha, oʻzimning itoatsizligimni bilaman,

Gunohim turar koʻz oʻngimda mudom.

Senga, yolgʻiz Senga qarshi gunoh qilganman,

Sening oldingda qabihliklarga qoʻl urganman,

Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan,

Aybimni fosh etganingda doimo toʻgʻri boʻlib chiqasan.

Ey Xudo, menda toza yurak yaratgin,

Sodiq qalbni menga yana bir bor bergin.

Huzuringdan meni uloqtirib tashlama,

Muqaddas Ruhingni mendan olma.

Najoting shodligini menga qaytargin,

Itoat etishga menda istak uygʻotgin.”

Zabur 50:3–6, 12–14

Men bu so’zlar bilan ibodat qildim, sizni ham Allohga murojaat qilishingizni so’rayman, toki biz birgalikda Injilni o’qib, payg’ambarlarning so’zlarini ochiq va pok yurak bilan tushunaylik.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *