Skip to content
Home » Iso Masih va uning jannatga kirish haqidagi ta’limoti

Iso Masih va uning jannatga kirish haqidagi ta’limoti

  • by

 “Kahf” surasida (18-sura “G‘or”) “Solih amallar” qiluvchilarning maskani jannat ekanligi aytiladi.

“Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun Firdavs bog’lari manzil bo’lur.”

Kahf surasi 18:107

“Josiya” surasida (45-sura “Tiz cho‘kish”) solih amallar qilganlar Rabbiyning rahmatiga kiritilishi aytiladi.

“Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, ularni Parvardigor O’z. rahmati (jannati)ga doxil qilur. Bu aniq yutuqning o’zidir.”

Josiya surasi 45:30

Yerdagi hayotingiz tugaganida jannatga borishni xohlaysizmi? Jannatga kirish uchun nima qilish kerak? Bir kuni Muso alayhissalomning qonunlarini yaxshi bilgan yahudiy qonunchi Iso Masihga jannat haqida savol berdi. Iso Masih unga juda kutilmagan javob berdi. Bu suhbat Injilda yozilgan. Isoning masalini tushunish uchun shuni bilish kerakki, oʻsha kunlarda yahudiylar samariyaliklardan nafratlanganlar. Samariyaliklar ham yahudiylardan nafratlanishardi. Samariyaliklar va yahudiylar oʻrtasidagi nafratni Isroil va Falastin oʻrtasidagi yoki sunniylar va shialar oʻrtasidagi munosabatlar bilan solishtirish mumkin.

Abadiy hayot va yaqiniga mehribonlik haqidagi masal

“Shunda Isoni sinash maqsadida kelgan Tavrot tafsirchilaridan biri turib, Unga savol berdi:

— Ustoz, abadiy hayotga ega boʻlishim uchun men nima qilishim kerak?

Iso:

— Tavrotda bu toʻgʻrida nima yozilgan? Siz nima deb tushunasiz? — deb soʻradi. U kishi shunday javob berdi:

— U yerda yozilganki: “Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving”, yana: “Oʻzgani oʻzingizni sevganday seving.”

Iso unga:

— Toʻgʻri javob berdingiz. Siz ham shunday qiling, ana shunda yashaysiz! — dedi. Ammo u odam oʻzini oqlamoqchi boʻlib, Isodan:

— Mening yaqinim kim? — deb soʻradi. Iso shunday javob berdi:

— Bir odam Quddusdan Yerixoga borayotgan ekan, qaroqchilar qoʻliga tushib qolibdi. Qaroqchilar uning kiyimlarini yechib olib, kaltaklab, chalajon qilib tashlab ketibdilar. Tasodifni qarangki, oʻsha yoʻldan bir ruhoniy ketayotgan ekan. U haligi odamni koʻribdi–yu, yoʻlning narigi chetidan oʻtib ketaveribdi. Oʻsha joydan oʻtib ketayotgan levi ham xuddi shunday qilibdi. U yarador odamni koʻrib, yoʻlning narigi chetidan oʻtib ketaveribdi. Ammo oʻsha yerdan oʻtib ketayotgan bir Samariyalik yarador odamni koʻrib, unga achinib ketibdi. Uning yoniga kelib, yaralariga zaytun moyi, sharob surib, bogʻlab qoʻyibdi. Soʻng uni oʻz uloviga mindiribdi–da, mehmonxonaga olib kelib, uni parvarish qilibdi. Ertasi kuni ikki kumush tanga chiqaribdi–da, mehmonxona egasiga berib: “Unga yaxshi qarang, agar bundan ortiq xarajat qilsangiz, qaytishimda sizga toʻlayman”, debdi.

Sizningcha, oʻsha uch odamdan qaysi biri qaroqchilar qoʻliga tushgan odamning yaqini hisoblanadi?

Tafsirchi:

— Unga shafqat koʻrsatgan odam–da, — deb javob berdi.

— Boring, siz ham shunday qiling! — dedi unga Iso.”

Luqo 10:25-37

Tavrot oʻqituvchisi Isoga: “Egamiz Xudoni sev” va “Oʻz yaqiningni oʻzing kabi sev” deb javob berganida , bular Muso qonunidan iqtiboslar edi. Isoning soʻzlariga koʻra, bu toʻgʻri javob edi, ammo qonunchi darhol soʻradi: “Mening yaqinim kim?” Iso (alayhissalom) javob oʻrniga bu masalni aytdilar.

Dindorlar (ruhoniy va levilar) yaradorga birinchi boʻlib yordam berishlari kerak edi, lekin ular oʻtib ketishdi va uni yordamsiz qoldirishdi. Dindorlikka qaramay, ularning qalblarida yaqiniga nisbatan mehr-shafqat yoʻq edi. Ammo rahm-shafqat kutilmagan joydan keladi, yahudiylarning dushmani baxtsizga yordam beradi. Masih (alayhissalom) bizga ham buyuradi: “Boring va xuddi shunday qiling”.

Dunyoda koʻpchilik bu amrga amal qilmagani uchun atrofimizda qancha ofatlar, qon toʻkishlar, fojialar va qotilliklar sodir boʻlmoqda. Agar biz bu samariyalik kabi yashaganimizda, shaharlarimizda tinchlik boʻlardi, zoʻravonlik kamayardi. Bundan tashqari, biz jannatni topishimizga ishonchimiz komil boʻlardi. Jannatga kirishiga amin boʻlganlar juda kam, xatto Iso bilan gaplashgan qonunchidek xudojoʻy hayot kechirgan inson ham bunga toʻliq amin boʻla olmaydi.

Аbadiy hayot borligiga ishonchingiz komilmi?

Yaqinlar uchun xuddi shunday yaxshi samariyalik boʻlish mumkinmi? Buni qanday amalga oshirish mumkin? Aslini olganda, yaqinlar uchun yaxshi samariyalik boʻlish juda qiyin ekanligini tan olish kerak.

Buni tushunish bizga umid nurini beradi. Chunki biz solih hayot kechira olmasligimizni tushunganimizda, “ruhan kambagʻal” ekanimizni tushunamiz. Iso Masih (alayhissalom)ning so’zlariga ko’ra esa “Ruhan kambag’al bo’lganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir.”                                                                                    

Matto 5:3

Bu masalni unutmang yoki uni ahamiyatsiz qoldirmang. Biz oʻzimizga yaxshi samariyalik haqidagi hikoya orqali qarab, bunday solihlikka bizning kuchimiz yetmasligini tan olishimiz kerak. Shunda biz yordam soʻrab Allohga murojaat qilamiz. Iso Masih (alayhissalom) Tog‘dagi va’zlarida bizga va’da berdilar:

“Soʻrang, sizga beriladi. Izlang, topasizlar. Taqillating, eshik ochiladi. Chunki soʻragan har bir odam oladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi. Orangizdan qaysi bir ota oʻgʻli non soʻraganda, unga non oʻrniga tosh beradi? Yoki baliq soʻraganda, unga baliq oʻrniga ilon beradi? Sizlar gunohkor boʻla turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera olar ekansiz, osmondagi Otangiz ham Undan soʻraganlarga aʼlo neʼmatlar berishga qanchalar tayyor!”

Mattо 7:7–11

Bizga Masih orqali Allohdan yordam soʻrashga izn berilgan va bizga yordam vaʼda qilingan. Allohga shunday duo qilishingiz mumkin:

“Samoviy Ota, Sen bizga toʻgʻri yoʻlni oʻrgatish uchun paygʻambarlarni yubording. Iso Masih (alayhissalom) hatto dushmanim deb bilganlarni sevishim kerakligini va ularga yaxshilik qilishim kerakligini  oʻrgatgan. Busiz odam abadiy hayotga kira olmaydi. Lekin bu mening qoʻlimdan kelmasligini bilaman. Menga oʻzgarishga yordam ber, shunda men bu yoʻlda yuraman va abadiy hayotga erishaman. Men gunohkorga rahm qil».

Aniq soʻzlarni ishlatish unchalik muhim emas, asosiysi muhtojlikni eʼtirof etish va rahm-shafqat soʻrashdir.

Injilda Iso Masihning samariyalik ayol bilan uchrashuvi tasvirlangan. Paygʻambar yahudiy xalqining dushmaniga qanday munosabatda boʻldi? Natijada samariyalik ayol bilan nima sodir boʻldi? Yaqinlarimizga shunday mehr bilan munosabatda boʻlish uchun Isodan nimani oʻrganishimiz mumkin? Buni keyingi maqolada ko’rib chiqamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *