Skip to content
Home » Yangi Ahdalomati

Yangi Ahdalomati

  • by

Oldingi maqolada biz Yeremiyo (alayhissalom) payg’ambarning gunoh – chanqoqlik belgisi ham ekanligi haqidagi so’zlarini keltirgan edik. Biz gunoh qilayotganimizni va bu gunoh azob-uqubatlarga sabab boʻlayotganini bilamiz, lekin bizning ichki chanqoqligimiz bizni bu ishlarni qilishga majbur qiladi. Yeremiyo paygʻambar Isroil shohlari davrining oxirlarida – Allohning hukmi arafasida – hamma joyda gunoh va qonunsizlik hukm surayotgan bir davrda yashagan.

Bu miloddan avvalgi 600-yillarda sodir bo’lgan, ya’ni Muso payg’ambar tomonidan Qonun berilganidan keyin ming yil o’tgach. Bu vaqtga kelib isroilliklar nihoyatda qabihlashib ketgan edilar. Ular Qonundan yuz o’girib, Allohning hukmiga duchor bo’lishdi. Din na Allohning, na tashna xalqning talabini qondirdi. Ammo Allohning hukmlarini eʼlon qilgan Yeremiyo paygʻambarning yana bir vaʼzi bor – boshqa mavzu boʻyicha. Bir kun kelib, kelajakda nima boʻlishi haqida.

“Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo xalqlari bilan yangi ahd tuzaman. Bu yangi ahd Men ularning ota–bobolari bilan tuzgan ahdga oʻxshamaydigan boʻladi. Men ota–bobolarini qoʻlidan yetaklab, Misrdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd tuzgan edim. Men ularga sodiq xoʻjayin edim, ammo ular oʻsha ahdimni buzishdi.” Egamizning kalomi shudir.

Egamiz shunday demoqda: “Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday boʻladi: Men qonunimni odamlarning ongiga solib qoʻyaman, qonunimni ularning yuraklariga yozaman. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim boʻladilar. Shundan keyin odamlar bir–biriga: «Egamizni tanib–biling», demaydigan boʻlishadi. Chunki ularning hammasi — kattasidan tortib, kichigigacha Meni biladigan boʻladi. Men ularning ayblarini kechiraman, gunohlarini hech qachon esga olmayman.” Egamizning kalomi shudir.”

Yeremiyo 31:31–34

Birinchi Ahd – Muso payg’ambar (alayhissalom) orqali berilgan Qonun, kuchsiz bo’lib chiqdi, lekin qonun yomon bo’lgani uchun emas. Yoʻq. Musoning Qonuni oʻshanda ham, hozir ham juda yaxshidir. Ammo u tosh lavhalarga yozilgan edi. Odamlarning esa qalblarida chinakam tashnalik boʻlgan, ular Qonunni bajara olmadilar. Muammo Qonunda nima yozilganida emas, qayerda yozilganida edi. Qonun tosh lavhalarga emas, balki inson yuragiga yozilishi kerak, shunda u Qonunga amal qila oladi. Qonun sirtda emas, inson ichida yozilishi kerak, shunda uni bajarishga kuchimiz boʻladi.

Agar ular yahudiy boʻlganlari uchun Qonunga rioya qila olmagan boʻlsalar-chi? Odatda yahudiylarni barcha oʻlimga sabab boʻladigan gunohlarda ayblashadi. Biroq gapni oʻzimizdan boshlasak yaxshi boʻlardi. Qiyomat kuni har birimiz faqat oʻzimizning past-balandliklarimizga Allohning huzurida javob beramiz. Boshqalarning ishlari bizga yordam bermaydi. Hayotingizga bir nazar soling. Siz qonunga qanday rioya qilyapsiz? Qonun yuragingizga yozilganmi, uni bajarishga kuchingiz bormi? Agar siz Qonunni to’liq bajaryapman deb o’ylasangiz, hayotingizni Iso al-Masih (alayhissalom) ta’limotlari asosida baholаb ko’ring. Yoki siz Yeremiyo davridagi isroilliklar holatidamisiz? Qonun yaxshi, lekin tosh lavhalarga yozilgan Qonun uni amalga oshirishga kuch bermayaptimi? Muso (alayhissalom) payg’ambarning me’yorini eslang. Qonunni qisman yoki vaqti-vaqti bilan bajarish etarli emas. U har doim va to’liq bajarilishi kerak.

Agar siz Qonunni bajarolmaganingiz uchun oʻzingizni koyiyotgan boʻlsangiz, oʻz xatti-harakatlaringizdan uyalsangiz, tushkunlikka tushmang. Alloh Oʻz rahmati bilan bizga Yeremiyoning bashorati orqali yana bir vaʼda berdi – Yangi Ahd vaʼdasini. Yeremiyoning soʻzlariga koʻra, bizga Yangi Ahd beriladigan kun keladi. Yangi Ahd oʻgacha boʻladi, endi Qonun odamlarning yuragiga muhrlanadi va odamlar uni bajarish uchun kuchga ega boʻladilar.

E’tibor bering: Yangi Ahd yahudiylardan, “Isroil xonadonidan” keladi. Buni qanday tushunish mumkin? Bir qarasa, Isroil xalqi Xudoning marhamati cho‘qqisida, bir qarasa, gunohlar tubiga cho‘kib ketgan. Zaburning yana bir payg’ambari Ishayo (Masihning bokira qizdan tug’ilishi haqida bashorat qilgan) Yeremiyo (alayhissalom)ning bashorati bilan bevosita bog’liq bo’lgan bashoratni aytgan. Bu ikki payg’ambar orasida 150 yil bor (quyidagi vaqt jadvalida ko’rsatilganidek). Ular bir-birlarini tanimasdilar, lekin ularga shunday bir-birini to’ldiruvchi bashoratlar berilganki, ikkalasi ham Allohning irodasi bilan aytilganiga shubha qolmaydi.

Yeremiyo payg’ambar Zaburning boshqa payg’ambarlariga nisbatan vaqt jadvalida

Kelajakni bashorat qilgan Ishayo ham Alloxning Quli kelishi haqida gapirdi. U shunday dedi:

“Endi Egam gapirdi.

Yoqub naslini Unga qaytarsin deb,

Isroilni Uning oldiga toʻplasin deb,

Onam qornidayoq meni Oʻz quli qilib yaratdi.

Egamning koʻzi oldida men shuhrat topaman,

Xudoyim mening kuch–qudratim boʻldi.

U shunday dedi:

Ha, sen Yoqub qabilalarini qayta tiklaysan,

Isroilning omon qolganlarini

Oʻz yurtiga qaytarib olib kelasan.

Biroq seni faqat shuning uchungina qulim qilmadim.

Men seni boshqa xalqlarga nur qilaman,

Toki Men beradigan najot yerning chetigacha yetib borsin.”

Ishayo 49:5-6

Boshqacha aytganda, bir qul yahudiy xalqiga va barcha gʻayriyahudiylarga (yahudiy boʻlmaganlarga) najot keltiradi, bu najot yer yuzining chekkasigacha yoyiladi. Bu qul kim? U oʻz vazifasini qanday amalga oshiradi? Yeremiyo paygʻambarning tosh lavhalarga emas, odamlarning yuraklariga yozilgan Yangi Ahd haqidagi bashorat qanday amalga oshadi? Keling, Zabur bashoratlarini oʻrganishda davom etamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *