Skip to content
Home » Masih (alayhissalom) bizga mehr-shafqat ko’rsatadi

Masih (alayhissalom) bizga mehr-shafqat ko’rsatadi

  • by

Shariat qonunlaridan kamida bittasini buzganmisiz? Albatta, hech kim qasddan gunoh qilishni xohlamaydi. Lekin haqiqat shundaki, koʻpchiligimiz gunohlarimizni yashiramiz, ularni oshkor qilmaslikka harakat qilamiz. Ammo gunoh yuzaga chiqib, oshkor boʻlsa-chi? Unda nimaga umid qilishimiz mumkin?

«Luqmon» surasida (31-sura — «Luqmon») deyilganidek:

“Ushbular hikmatli Kitob oyatlaridir,

Ezgu amal qiluvchilar uchun hidoyat va rahmat (manbai ekani) jihatidan.”

Luqmon surasi 31:2-3

Bu erda aytilishicha, yaxshilik qilganlar rahm-shafqatga ishonishlari mumkin. “Hijr” surasida (15-sura – “Tosh shahar”) Ibrohim payg’ambarning muhim soʻzlari keltirilgan:

«U dedi: “Parvardigorining rahmatidan faqat gumroh kimsalargina noumid bo’lurlar.”»

Hijr surasi 15:56

Toʻgʻri yoʻldan adashganlar haqida nima deymiz? Iso Masih aynan ular uchun – adashganlar va Xudoning inoyatiga muhtoj boʻlganlar uchun keldi. Masih buni bizga katta sharmandalikka uchragan ayol misolida koʻrsatdi.

Injilda Iso paygʻambar (alayhissalom) odamlarga taʼlim berayotganida, yoniga olib kelingan yosh ayol haqida gapirilgan:

Zinoda qo’lga tushgan ayol

“Saharda yana Maʼbadga qaytdi. Butun xalq Uning oldiga yigʻilib keldi, U esa oʻtirib, odamlarga taʼlim bera boshladi. Shu orada Tavrot tafsirchilari bilan farziylar bir ayolni olib kelishdi. Ular bu ayolni zino qilayotganda ushlab olishgan edi. Ayolni hammaning oldiga turgʻizib, shunday deyishdi:

— Ustoz, bu ayol zino qilayotganda ushlandi. Muso qonunda bunday ayollarni toshboʻron qilishni buyurgan. Siz nima deysiz?

Bu savol bilan ular Isoni tuzoqqa ilintirib, ayblashga asos topmoqchi edilar. Iso esa engashib barmogʻi bilan yerga yoza boshladi. Ular bu savolni qayta–qayta soʻrayverganlari uchun, Iso oʻrnidan turib dedi:

— Sizning orangizda kim begunoh boʻlsa, oʻsha birinchi boʻlib ayolga tosh otsin.

Soʻng yana engashib, yerga yozishni davom ettirdi. Ular bu gapni eshitib, kattalardan boshlab hammasi birin–ketin keta boshlashdi. Oxirida yolgʻiz Iso bilan Uning oldida turgan ayol qoldi. Iso oʻrnidan turib ayolga dedi:

— Ey ayol, boshqalar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi?

— Hech kim, Hazrat! — deb javob berdi ayol.

Iso dedi:

— Men ham seni mahkum qilmayman. Bor, bundan keyin boshqa gunoh qilma.”

Yuhanno 8:2–11

Bu ayol zinoda ushlab olingan edi va Muso alayhissalomning shariat domlalari uni toshboʻron qilmoqchi boʻldilar. Ammo avval bu ayol paygʻambar Iso Masih (alayhissalom)ning oldiga, u nima qilishini koʻrish uchun keltirildi. U qonun haqiqatiga ergashadimi, yoʻqmi? (Aytgancha, qonun bo’yicha, jazo erkakka ham, ayolga ham tegishli, lekin Isoning oldiga faqat ayol olib kelingan).

Allohning adolati va insonning gunohi

Iso Masih (alayhissalom) Oʻz xatti-harakatlarida qonunning birorta ham vergulini buzmagan. Zero, qonun Allohning me’yori bo’lib, Uning oliy adolatini aks ettiradi. Iso Masih birinchi toshni oʻzida hech qanday gunohi boʻlmagan kishi tashlashi mumkinligini aytdi. Qonun domlalari oʻylanib qoldilar, ularga Zabur haqiqati oshkor boʻldi.

“Idrokli biron zot bormikan?

Bormikan Menga yuz burgan? deya

Insonga Egamiz samodan boqar.

Hammasi adashgan, birday buzilgan,

Yaxshilik qiluvchi bir kimsa yoʻqdir,

Hatto bironta ham yoʻq!

Zabur 13:2–3

Demak, faqat imonsizlar, koʻp xudolikka berilganlar, “kofir” deb atalganlar emas, hatto Alloh va Uning paygʻambarlariga imon keltirganlar ham gunoh qilishlarini koʻramiz. Bu oyatda aytilishicha, Alloh Taolo inson zotiga qaraganida, hech kimning yaxshilik qilayotganini koʻrmaydi.

Muso alayhissalomning qonunlari – Allohning insoniyat bilan mutlaq adolatga asoslangan shartnomasidir. Bu ahdni bajarganlar solihlikka erishadilar. Ushbu haqiqat mutlaqdir va uni eng kichik darajada ham buzib bo’lmaydi.

Allohning rahmati

Ammo “hamma birdek buzilgani” uchun yangi shartnoma kerak edi. Bu yangi shartnoma bizning ishlarimizga asoslanmaydi – ahir odam shartnomaning oʻz qismini bajara olishga qodir emas. Bu shartnoma Allohning rahmatiga asoslangan boʻlishi kerak edi. Allohning marhamati bizning kamchiliklarimizni – yaʼni qonun boʻyicha bajara olmaganlarimizni qoplash uchun berildi. Aynan shu Muso alayhissalomning qonunlarida bashorat qilingan edi – Allohning inoyati bilan Fisih qo’zisi eshik ustunlariga uning qoni surtilgan har bir kishini qutqardi. Shuningdek , Horun (alayhissalom) qurbonlik qilgan g’unajin ham bu haqda bashorat qiladi (“Sigir” surasining nomi undan kelib chiqqan). Va bundan ancha oldin – Allohning marhamati bilan Odam Atoga berilgan charm kiyimda, Hobil (alayhissalom) qurbonligida va Nuh payg’ambarga ko’rsatilgan mehr-shafqatda ham Alloh rahmatiga ishoralarini koʻramiz. Zaburning o’zi ham bu rahmatning belgisi bo’lib xizmat qiladi. Axir Alloh shunday vaʼda bergan:

” — Mana shu yurtning gunohini bir kunda olib tashlayman”

Zakariyo 3:9

Endi paygʻambar Iso Masih bu marhamatni hech narsadan umidi boʻlmaganlarga eʼlon qildi. Qizigʻi shundaki, bu ayolga hech qanday talablar qoʻyilmadi. Paygʻambar Iso Masih (alayhissalom) Tog’dagi va’zida shunday ta’lim berganlar:

“Rahmdil boʻlganlar baxtlidir,

Chunki ular rahm–shafqat topadilar.”

Mattо 5:7

Va yana:

“Boshqalarni hukm qilishni bas qilinglar, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi. Sizlar boshqalarni qanday hukm qilsangizlar, Xudo ham sizlarni xuddi shunday hukm qiladi. Sizlar boshqalarni hukm qilganda qanday oʻlchovdan foydalansangizlar, Xudo ham sizni hukm qilganda xuddi oʻshanday oʻlchovdan foydalanadi.”

Mattо 7:1-2

Rahmdil bo’ling va rahm-shafqat topasiz

Ulugʻ qiyomat kuni barchamiz Allohning rahmatiga muhtoj boʻlamiz. Paygʻambar Iso Masih (alayhissalom) Allohning amrlarini buzgan va rahm-shafqatga loyiq boʻlmagan har bir kishiga bu rahm-shafqatni yogʻdirishga tayyor. Uning yagona talabi – biz boshqalarga rahmdil boʻlishimizdir. Iso Masih oʻzimiz boshqalarga rahm qilsak, bizga ham shunday rahm-shafqat koʻrsatilishini aytdilar. Barcha janjal va kelishmovchiliklarning sababi shundaki, biz odamlarni gunohlari uchun hukm qilishga, ularni qoralashga shoshib qolamiz. Ammo oʻz dushmanlari va jafokashlariga rahm-shafqat koʻrsatadigan inson donodir. Allohdan shuni soʻraylikki, rahmdillik koʻrsatgan va rahm-shafqatga loyiq boʻlmaganlarni kechirgan Iso Masih ( alayhissalom) kabi boʻlaylik. Shunda biz, garchi bunga loyiq boʻlmasak ham, qiyin damlarda Allohning rahmatiga umid qilishimiz mumkin boʻladi. Qolaversa, Injil xushxabari orqali biz Allohning bizga ko’rsatgan mehr-shafqatining butun ulug’vorligini tushunib olamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *