Skip to content
Home » Masihning ichki poklik haqidagi ta’limotlari

Masihning ichki poklik haqidagi ta’limotlari

  • by

Toza bo’lish qanchalik muhim? Niso (4-sura “Ayollar”) surasida shunday aytiladi:

“Ey, mo’minlar! Toki gapirayotgan gaplaringizni (o’zlaringiz) biladigan bo’lgunlaringacha, mast hollaringda namozga yaqinlashmangizlar!* Yana junub (nopok) hollaringizda ham, to poklanmaguncha (namozga yaqinlashmangiz). Magar safarda bo’lsangizlar (bu mustasnodir). Bordiyu betob yo safarda bo’lsangiz, yoki sizlardan birortangiz hojatxonadan chiqqan bo’lsa, yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlik qilgan bo’lsangizu suv topa olmasangiz, pokiza yer  (tuproq, tosh, qum, chang kabilar) bilan tayammum qilib, yuzlaringiz va qo’llaringizga surting. Albatta, Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir.”

Niso surasi 4:43

Niso surasining amri bo’yicha namozdan oldin yuz va qo’llar toza tuproq bilan artilishi zarur. Tashqi tozalik muhim ahamiyatga ega.

Shams surasida (91-sura Quyosh) esa jon haqida, ya’ni insonning ichki mohiyati haqida so‘z boradi. Jonning ham ahamiyati muhim.

“jonga va uni tiklagan, unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib qo’ygan zotga (qasam)ki, haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur va u (nafs)ni (gunoh bilan) ko’mib, xorlagan kimsa esa noumid bo’lur!”

Shams surasi 91:7-10

Shams surasida aytilishicha, agar jonimiz, yaʼni qalbimiz pok boʻlsa, biz chindan muvaffaqiyatga ega boʻlamiz, agar qalbimiz nopok boʻlsa, biz chindan magʻlub boʻlamiz. Iso Masihning ham ichki va tashqi poklik haqida taʼlimoti bor.

Yuqorida ko’rganimizdek, Iso Masih (alayhissalom)ning so’zlari kuchga ega edi, u hokimiyat bilan ta’lim berardi, odamlarni shifolar edi va hatto tabiat kuchlariga ham buyurardi. Bundan tashqari, u inson yuragining holatini fosh qilar edi, toki inson tashqi odamni koʻrgani kabi, oʻzining ichki holatini ham koʻrsin. Tashqi poklik nima ekanligini hammamiz bilamiz, shu sababdan namozdan oldin tahorat olib, halol goʻsht yeymiz. Hadisga koʻra, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shu soʻzlarni aytganlar:

“Tozalik – yarim iymondir…” Muslim, 1-bob, kitob 002, № 0432

Masih (alayhissalom) bizga tanganing boshqa tomoniga – ichki poklikka eʼtibor berishni oʻrgatgan . Bu juda muhim, chunki inson faqat tashqi poklikni koʻradi, Alloh esa ichki poklikni, qalbni koʻradi. Misol uchun, yahudiy shohlaridan biri barcha tashqi poklanish marosimlarini bajargan, lekin qalbini pok tutmagan. Uning oldiga paygʻambar quyidagi soʻzlar bilan keldi:

“Egamiz yer yuzidagi hammani kuzatib turadi, Unga sodiq boʻlganlarga U kuch–qudrat beradi. Sen aqlsizlarcha ish tutding. Bundan buyon sening boshing urushdan chiqmaydi.”

2 Solnomalar 16:9

Ushbu xabarda aytilganidek, ichki poklik – qalb holatidir, insonning bu qismi fikrlaydi, his etadi, qaror qabul qiladi, boʻysunadi yoki itoat qilishdan bosh tortadi, tilni boshqaradi. Zabur payg’ambarlarining so’zlari bo’yicha, inson gunohining zamirida qalb tashnaligi yotadi. Qalb katta ahamiyatga egadir. Iso Masih (alayhissalom) tashqi poklikdan farqli ravishda qalb pokligini doimo ustun qoʻygan. Uning qalb haqidagi taʼlimoti Injilda shunday bayon etilgan:

Idishning nafaqat tashqi tomonini, balki ichini ham tozalang

(Bu erda farziylar – qadimgi qonun o’qituvchilari tilga olinadi, ular zamonaviy imomlar kabidir. Iso bu erda Rabbiy uchun ushrni eslatib o’tadi. Bu yahudiylikda zakotning bir turidir.)

“Iso bularni gapirib turganda, bir farziy Uni mehmonga taklif qildi. Iso uning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi. Iso ovqatdan oldin qoʻllarini yuvmaganini farziy koʻrib, ajablandi.

Rabbimiz Iso unga dedi: “Ey farziylar, sizlar piyolayu idishning sirtini tozalaysizlar–u, ammo ichingiz ochkoʻzlik va yovuzlikka toʻla! Hoy befahmlar! Narsaning sirtini yaratgan uning ichini ham yaratgan emasmi?! Yaxshisi, idishingiz ichidagini kambagʻallarga xayr–sadaqa qilib beringlar. Shunda hamma narsa siz uchun halol boʻladi.

Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar yalpiz, zaʼfaron va har xil oshkoʻkdan ushr berasizlar–u, ammo adolat va Xudoning sevgisini pisand qilmaysizlar! Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qoʻymasligingiz kerak edi.

Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar sinagogalarning toʻrida oʻtirishni va bozorlarda sizlarga salom berishlarini yaxshi koʻrasizlar. Holingizga voy! Sizlar belgisi yoʻq qabrlarga oʻxshaysizlar. Odamlar bilmay turib oʻsha qabrlar ustidan bosib oʻtadilar.”

Luqo 11:37-44

Qonunga koʻra, yahudiy oʻlik tanaga tegib, nopok boʻlgan. Iso Masih farziylarni yashirin, belgisi yoʻq qabrlar deb ataydi, yaʼni ular ichki iflosliklarga toʻlaligini aytadi. Chunki ular yurak pokligini eʼtiborsiz qoldirib, oʻzlari buni bilmaydilar. Agar biz ichki poklikka eʼtiborsiz boʻlsak, imonsizlar kabi nopok boʻlib qolamiz, ular uchun gunohga bulgʻanmaslik maʼnosiz iboradir.

Nopok yurak insonni nopok qiladi, barcha poklanish marosimlari bajarilgan bo’lsa ham

Masih (alayhissalom)ning keyingi taʼlimotida miloddan avvalgi 750 yilda yashagan Ishayo (a.s.) paygʻambardan iqtibos keltiriladi. (Bu yerda Ishayoning hayoti tafsilotlarini oʻqishingiz mumkin)

“Quddusdan farziylar va Tavrot tafsirchilari Isoning oldiga kelib, shunday dedilar:

— Nega Sizning shogirdlaringiz ota–bobolarimizning urf–odatlariga amal qilmayaptilar? Nega ovqatlanishdan oldin qoʻllarini yuvmaydilar?

Iso ularga javob berib dedi:

— Oʻzlaringiz–chi? Nega oʻz urf–odatingizni deb, Xudoning amrini buzib yuribsizlar? Xudo: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xoʻrlagan har qanday odamga oʻlim jazosi berilsin”, deb aytgan. Ammo sizlar shunday taʼlim berasizlar: odam oʻz otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga inʼom qilingan, — desa, — u ota–onasini hurmat qilmasa ham boʻladi.” Shu tariqa sizlar oʻz taʼlimotingiz bilan Xudoning kalomini bekor qilyapsizlar. Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Ishayo paygʻambar siz haqingizda toʻgʻri aytgan:

“Xudo aytdi:

«Bu xalq Meni tilidagina izzat qiladi,

Yuraklari esa Mendan uzoqdir.

Ular Menga sajda qiladilar,

Ammo sajdalari behudadir.

Chunki ular inson yaratgan qoidalarni

Ilohiy qonun deb oʻrgatadilar.»”

Insonni nima harom qiladi?

Keyin Iso xalqni yoniga chaqirib, dedi:

— Menga quloq solib, tushunib olinglar! Ogʻizga kiradigan narsa emas, balki ogʻizdan chiqadigan narsa insonni harom qiladi.

Shunda shogirdlar Isoning oldiga borib dedilar:

— Aytgan bu gapingiz farziylarga qattiq botganini bildingizmi?

Iso shunday javob berdi:

— Osmondagi Otam oʻtqazmagan har qanday oʻsimlik ildizi bilan sugʻurib tashlanadi. Farziylarga eʼtibor bermanglar. Ular oʻzlari koʻr va koʻrlarga yoʻlboshchilik qiladilar. Agar koʻr odam koʻrni yetaklasa, ikkalasi ham chuqurga yiqilib tushadi.

Shunda Butrus:

— Xalqqa aytgan gapingizni bizga tushuntirib bering! — dedi.

— Shunchalik ham befahm boʻlasizlarmi?! — dedi Iso. — Ogʻizga kiradigan har bir narsa qoringa oʻtib, kerakli joydan chiqib ketishini nahotki tushunmasangizlar? Ammo ogʻizdan chiqadigan narsalar yurakdan chiqadi. Ana oʻshalar insonni harom qiladi. Chunki inson yuragidan yomon fikrlar, qotillik, fahshu zino, oʻgʻrilik, soxta guvohlik va tuhmat chiqadi. Ana shular insonni harom qiladi. Yuvilmagan qoʻl bilan ovqat yeyish esa insonni harom qilmaydi.”

Mattо 15:1–20

Bu yerda Iso Masih odamlar insoniy urf-odatlar asosida diniy qoidalarni oʻylab chiqarayotganini aytadi, bu qoidalar Xudoning taʼlimotiga asoslanmaganini taʼkidlaydi. Masalan, paygʻambarlar davrida yahudiy hukmdorlar Alloh tomonidan berilgan keksa ota-onaga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatini rad etganlar, ular diniy loyihalarga pul xayriya qilish orqali bu majburiyatdan ozod boʻlishlariga ishonganlar.

Bugungi kunda ham biz xuddi shu muammoni ko’ramiz – ichki poklikka e’tiborsizlik. Alloh bizning qalblarimiz qanchalik pok ekanligiga e’tiborlidir. Ichki nopoklik, agar poklanmasa, qiyomat kunida hukmga olib keladi.

Tashqi tomondan benuqson, lekin ichi barcha iflosliklarga to’la

“Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Sizlar piyolayu laganingizning sirtini tozalaysizlar–u, ammo ichi ochkoʻzlik va xudbinlikka toʻla. Ey koʻr farziy! Sen, avvalo, piyola va laganning ichini tozalab ol, shunda ularning sirti ham toza boʻladi.

Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Chunki sizlar ohaklangan qabrlarga oʻxshaysizlar: qabrlarning tashqi tomoni chiroyli, ammo ichi murdalarning suyaklariga va har xil iflosliklarga toʻla. Shu singari, sizlar ham tashqi tomondan boshqalarga taqvodor boʻlib koʻrinasiz, ammo ichingiz ikkiyuzlamachilikka va gunohga toʻla.”

Matto 23:25-28

Iso Masih biz hozirgina gapirgan soʻzlarni yana bir bor taʼkidlaydi. Imonlilar koʻpincha faqat tashqi poklik haqida qaygʻuradilar, lekin ularning koʻpchiligining qalblari ochkoʻzlik va yovuzlik bilan toʻlib toshgan, bu holat hatto diniy rahbarlar orasida ham mavjud. Ichki poklikka erishish nihoyatda muhim, lekin juda qiyin. Alloh bizni yurak pokligi boʻyicha hukm qiladi. Savol tugʻiladi: Qiyomat kuni Xudoning Shohligiga kirish uchun yurakni qanday tozalash kerak? Javoblarni topish uchun Injilga murojaat qilaylik.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *