“Haj” surasida (22-sura – “Haj”) odamlarga marosim belgilari berilganligi aytiladi, ammo Alloh uchun qurbonlik qoni emas, balki inson qalbi muhim ahamiyatga ega.
“Biz (o’tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva hayvonlarini (so’yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo’yin suningiz va itoat qiluvchilarga xushxabar bering! … Allohga (qurbonlik) go’shtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin, u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug’lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo’ysundirib qo’ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!”
Haj surasi 22:34,37
Suv haj marosimlarining eng muhim tarkibiy qismidir. Ziyoratchilar suv olish uchun Zamzam qudugʻiga boradilar. Biroq “Mulk” surasida (67-sura – “Hokimiyat”) muhim savol beriladi:
«Ayting: “Xabar beringiz-chi, agar suvingiz (yer qariga) singib ketsa, bas, kim sizlarga oqin suvni keltira olur?!”»
Mulk surasi 67:30
Masih alayhissalom bu soʻzlarni Muso alayhissalom davridagi yahudiylarning hajlari bilan bogʻliq holda talqin qiladilar. Ushbu bashoratlarga haj nuqtai nazaridan qarang.
Haj nima ekanligini hamma biladi. Lekin 3500 yil oldin Muso alayhissalom orqali berilgan qonunlarda yahudiylarga har yil Quddusga (Al-Quds) muqaddas ziyoratga borish buyurilganini kam odam biladi. Bunday ziyoratlardan biri “Chodirlar bayrami” (Sukkot) deb nomlangan. Bu bayram bugungi haj amaliga juda oʻxshaydi. Misol uchun, har ikkala ziyorat ham yilning maʼlum bir haftasiga toʻgʻri keladi va hayvonlarni qurbonlik qilish kutiladi. Shuningdek, oʻzi bilan maxsus suv (masalan, zamzam) olib kelish, ochiq havoda uxlash va muqaddas joyni yetti marta aylanish buyurilgan. Yahudiylar uchun Chodirlar bayrami xuddi shu hajdir. Yahudiylar bugungi kunda ham Chodirlar bayramini nishonlaydilar. Ammo bu bayram 70 yilda ma’bad rimliklar tomonidan vayron qilingunga qadar nishonlangan bayramdan farqlanadi.
Injilda Iso Masih paygʻambar haj ziyoratini qanday amalga oshirgani haqida hikoya qilinadi. Ushbu hikoyani va unga sharhlarimni koʻrib chiqaylik.
Iso Сhodirlar bayramiga boradi
“Shundan keyin Iso Jalila hududini keza boshladi. U Yahudiyani kezishni xohlamagan edi, chunki u yerdagi yahudiylar Uni oʻldirishga qasd qilgan edilar. Yahudiylarning Chayla bayrami yaqinlashayotgan edi. Ukalari Isoga shunday deyishdi:
— Bu yerdan chiqib Yahudiyaga boring. Qilayotgan ishlaringizni shogirdlaringiz ham koʻrishsin. El nazariga tushaman degan bironta odam yashirincha ish qilmaydi–ku! Bunday ishlarni qilar ekansiz, Oʻzingizni dunyoga taniting!
Hatto ukalari ham Unga ishonmas edilar.”
Yuhanno 7:1–5
Avvaliga Iso Masihning ukalari unga ishonmadilar va uni masxara qildilar. Biroq vaqt oʻtishi bilan ular oʻzgarishdi – Yoqub va Yahudo hatto Yangi Ahdga (Injil) kiritilgan oʻzlarining maktublarini yozdilar. Nima boʻldi? Nimaga bunday oʻzgarish yuz berdi? – Iso Masih tirildi.
“Iso ukalariga shunday dedi:
— Mening vaqt–soatim hali kelgani yoʻq. Lekin sizlar uchun har vaqt qulaydir. Dunyo sizlardan nafratlana olmaydi, lekin Mendan nafratlanadi. Chunki Men uning qilmishlari yomon ekanligini yuziga solaman. Mayli, sizlar bayramga boringlar. Men hozircha bu bayramga bormayman, chunki Mening vaqtim hali kelgani yoʻq.
Shu soʻzlarni aytib, Iso Jalilada qoldi.
Isoning ukalari bayramga ketganlaridan keyin, Isoning Oʻzi ham hech kimga bildirmay, yashirincha bayramga bordi. Yahudiylar esa Isoni bayramda qidirar, “U qayoqda?” deb soʻrar edilar. Omma orasida Iso toʻgʻrisida har xil gap–soʻzlar yoyilgan edi. Baʼzilar: “U yaxshi odam”, desalar, boshqalar: “Yoʻq, U xalqni yoʻldan ozdiryapti”, deyishardi. Biroq yahudiylardan qoʻrqqanlari uchun U haqda hech kim ochiq gapirmas edi.
Bayramning yarmi oʻtganda, Iso Maʼbadga kirib, taʼlim bera boshladi. Uni eshitgan yahudiylar hayron qolib deyishdi:
— Bu Odam oʻqimagan boʻlsa, qayerdan shuncha narsani biladi?!
Iso ularga javoban dedi:
— Men oʻrgatayotgan taʼlimot Oʻzimniki emas, balki Meni Yuborgannikidir. Kim Xudoning irodasini bajarishni istasa, bu taʼlimot Xudodanmi yoki Oʻzimdanmi, bilib oladi. Kim oʻz nomidan gapirsa, oʻziga shuhrat izlaydi. Kim uni yuborganga shuhrat izlasa, haqiqatni soʻzlaydi, uning dilida hiyla boʻlmaydi. Qonunni sizlarga Muso berdi, shunday emasmi? Ammo birortangiz qonunni bajarmaysiz. Nega Meni oʻldirmoqchisizlar?
— Seni jin uribdi! Kim Seni oʻldirmoqchi ekan? — dedi xaloyiq. Iso esa Oʻz soʻzida davom etdi:
— Men Shabbat kuni bitta moʻjiza qilganim uchun hammalaringiz hayron qolyapsizlar. Oʻzlaringiz esa, Musoning qonuniga amal qilaylik deb, Shabbat kuni oʻgʻil bolani sunnat qilasizlar–ku! Aslida, sunnat odati Musodan emas, Ibrohim davridan qolgan. Musoning qonuni buzilmasin deb, sizlar hatto Shabbat kuni ham oʻgʻil bolani sunnat qilsangizlar, nega Mendan gʻazablanasizlar?! Shabbat kuni odamni butunlay sogʻaytirganim uchunmi?! Yuzaki hukm qilmanglar, hukmingiz adolatli boʻlsin.
Baʼzi Quddusliklar shunday deyishardi:
— Yoʻlboshchilarimiz oʻldirmoqchi boʻlgan Odam shu emasmi? Mana, U hammaning oldida soʻzlayapti, Unga qarshi hech kim hech narsa demayapti. Nahotki yoʻlboshchilarimiz Uni Masih deb tan olishgan boʻlsa?! Ammo bu Odamning qayerdanligini hammamiz bilamiz, Masih kelganda esa, Uning qayerdanligini hech kim bilmaydi.”
Yuhanno 7:6–27
Oʻsha paytda yahudiylar Iso alayhissalom Masihmi yoki yoʻqmi deb oʻzaro bahslashardilar. Ulardan baʼzilari Masih qayerdan kelishini hech kim bilmasligiga ishonardi. Ammo Isoning kelib chiqishi maʼlum boʻlganligi sababli, U Masih emas, deb aytishardi. Bunday eʼtiqod qayerdan paydo boʻlgan? Tavrotdanmi? Paygʻambarlardanmi? Aslo bunday emas. Paygʻambarlar Masih qayerdan kelishiga aniq ishora qilganlar. Miloddan avvalgi 700-yillarda Paygʻambar Mixo (alayhissalom) shunday bashorat qilgan:
«Ammo Egamiz demoqda:
“Ey Efratdagi Baytlahm,
Sen Yahudoning mitti shahri boʻlsang ham,
Isroilni Men uchun boshqaradigan zot sendan chiqadi.
Uning nasabi qadimlarga borib taqaladi.”»
Mixo 5:2
Boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, bashoratda aytilishicha (tafsilotlar bu erda), Masih Baytlahmdan kelib chiqadi. Masihning tug’ilishi haqidagi maqolada aytilgan ediki, Iso 700 yil oldin bashorat qilinganidek, haqiqatan ham Baytlahmda tugʻilgan.
Masihning tugʻilgan joyi nomaʼlum boʻlishiga ishonch xalq ogʻzaki anʼanalariga asoslangan. Boshqacha emas. Qonun domlalarining xatosi shundaki, ularning xulosasi bashorat soʻzlaridan emas, keng tarqalgan ilohiyot ulamolarining fikrlaridan kelib chiqqan edi. Keling, bu xatoni takrorlamaylik.
Endi hikoyamizni davom ettiramiz …
“Ammo bu Odamning qayerdanligini hammamiz bilamiz, Masih kelganda esa, Uning qayerdanligini hech kim bilmaydi.
Iso Maʼbadda taʼlim berar ekan, baland ovozda shunday dedi:
— Ha, sizlar Mening kimligimni ham, qayerdanligimni ham bilasizlar. Lekin Men Oʻzimcha kelganim yoʻq. Meni Yuborgan bor, sizlar esa Uni tanimaysizlar. U haqdir. Men Uni bilaman, chunki Men Uning oldidan kelganman, U Meni yuborgan.
Bu gapi uchun Isoni qoʻlga olmoqchi boʻldilar. Biroq hech kim Unga qoʻl tekkizmadi, chunki Uning vaqt–soati hali kelmagan edi. Shu bilan birga, xalq orasidagi koʻp odamlar Unga imon keltirdi. Ular:
— Masih kelsa ham, baribir bunchalik koʻp moʻjizali alomatlar koʻrsata olmaydi! — deyishardi.
Odamlar Iso toʻgʻrisida shunday deb pichirlashayotganini farziylar eshitib qolishdi. Shunda bosh ruhoniylar bilan farziylar Isoni qoʻlga olish uchun Maʼbad mirshablarini yuborishdi.
Iso dedi:
— Men sizlar bilan qisqa bir muddat boʻlib, yana Meni Yuborganning oldiga qaytib boraman. Sizlar Meni izlaysizlar–u, lekin topolmaysizlar. Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar.
Buni eshitgan yahudiylar oʻzaro shunday deb aytishardi:
— U qayerga bormoqchiki, biz Uni topa olmasak? Balki U boshqa yurtlarda yashaydigan yahudiylar orasiga bormoqchidir? Gʻayriyahudiylarga ham taʼlim bermoqchidir? “Sizlar Meni izlaysiz–u, lekin topolmaysizlar, Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar” degan gaplari bilan nima aytmoqchi ekan?
Chayla bayramining oxirgi, ulugʻ kunida Iso turib, baland ovozda xitob qildi:
— Kim chanqagan boʻlsa, Mening oldimga kelib ichsin. Shunda Muqaddas bitiklarda aytilganidek, Menga ishongan odamning ichidan hayotbaxsh suv daryo boʻlib oqib chiqadi.”
Yuhanno 7:27–38
Bayram kuni yahudiylar Quddus janubidagi maxsus buloqdan suv olib, “suv darvozalari” orqali shaharga kirishardi. Bu suv maʼbadning qurbongohiga olib kelinardi. Endi esa Iso Masih (alayhissalom) ilgari e’lon qilganidek, tirik suvning manbai Oʻzi ekanligini yana eʼlon qiladi. Bu soʻzlar odamlar qurbongohga suv tashiganlarida eʼlon qilindi. Iso quyidagini nazarda tutgan edi: inson yuragi tashnalikka ega, va aynan shu tashnalik gunohga sabab bo’ladi. Bu haqda paygʻambarlar bashorat qilganlar.
“Olomon ichidan baʼzilari bu soʻzlarni eshitib shunday dedilar:
— Haqiqatan ham bu Odam biz kutgan paygʻambar ekan.
Boshqalari:
— Bu Masih, — deyishsa, yana boshqalari shunday deyishardi:
— Masih Jaliladan kelmaydi–ku! Muqaddas bitiklarda, Masih Dovudning urugʻidan kelib chiqadi, U Dovud yashagan Baytlahm qishlogʻida tugʻiladi, deb aytilmaganmi?!
Shu tariqa Iso tufayli xalq ikkiga boʻlindi. Baʼzilar Uni qoʻlga olmoqchi boʻlishdi, ammo hech kim Unga qoʻl tekkizmadi.”
Yuhanno 7:40–44
Koʻrib turganimizdek, odamlar Iso Masih (alayhissalom)ning soʻzlari haqida bahslashdilar, va ular hali ham bahslashmoqda. Masihning Baytlahmda tugʻilishi haqidagi bashoratlar yuqorida keltirilgan edi. Ammo Masih Jaliladan kelmaydi, degan ishonch qayerdan paydo boʻldi? Ishayo (alayhissalom) miloddan avvalgi 700 yilda shunday deb yozgan:
“Kulfat qamragan bu yurtda endi azob boʻlmaydi. Oldin Zabulun va Naftali yurti sharmanda boʻlgan edi. Ammo kelajakda dengiz boʻyidagi yerlar, Iordanning narigi tomonidagi oʻlka va gʻayriyahudiylar Jalilasi ulugʻlanadi.
Zulmatda yurgan xalq yorqin ziyoni koʻrdi,
Oʻlim soya solgan yurt aholisi ustiga nur sochildi.”
Ishayo 9:1-2
Demak, Ishayo paygʻambar Masihning Jalilada vaʼz qilishini bashorat qilgan (“nur porlaydi”). Yaʼni, Iso Jalilada mo”jizalarining koʻpini koʻrsatib, xizmatini boshlagan. Takroran aytaman: ularning xatosiga sabab: ular paygʻambarlarning bashoratlariga diqqat qilmaganlar, insoniy odatlarga tayanganlar.
“Shu payt Maʼbad mirshablari bosh ruhoniylarning va farziylarning oldiga qaytib kelishdi.
— Nega Uni olib kelmadingizlar? — deb soʻrashdi ulardan.
— Hech kim hech qachon bu Odamday gapirmagan, — dedi mirshablar.
— Mabodo U sizlarni ham yoʻldan urmadimi? — deyishdi farziylar. — Bosh ruhoniylar bilan farziylar orasida Unga ishongan bironta odam ham yoʻq! Tavrotni bilmagan oʻsha qalangʻi–qasangʻilar esa shundoq ham laʼnat ostida qolgan!
Shunda farziylardan biri, ilgari Isoning oldiga borgan Nikodim shunday savol berdi:
— Qonunimizga koʻra, nahotki biz odamni eshitmay turib, uning aybini topmasdan uni hukm qila olsak?!
— Sen ham Jaliladan boʻlsang kerak–a? Muqaddas bitiklarni oʻrganib chiq, Jaliladan paygʻambar chiqmasligi aniq, — deyishdi unga.”
Yuhanno 7:45-52
Qonun oʻqituvchilari nohaq edilar, chunki Ishayo payg’ambar Jalilada nur porlaydi, deb aytgan edi.
Bundan ikkita saboq olish kerak. Birinchidan, diniy urf-odatlarni gʻayrat bilan bajarish, koʻpincha fikr yuritish qobiliyati bilan bogʻliq boʻlmaydi. Siz-chi, fikr yuritasizmi?
“Axir, oʻzim guvohman: ular jon–jahdlari bilan Xudoga berilganlar, ammo haqiqiy tushunchaga ega emaslar.”
Rimliklar 10:2
Haqiqatni bilish uchun payg’ambarlar kitoblarini diqqat bilan o’qish kerak.
Ikkinchidan, paygʻambar Iso Masih (alayhissalom) odamlarga sovgʻa vaʼda qilgan. U ziyoratchilarga shuni eʼlon qildi:
“— Kim chanqagan boʻlsa, Mening oldimga kelib ichsin. Shunda Muqaddas bitiklarda aytilganidek, Menga ishongan odamning ichidan hayotbaxsh suv daryo boʻlib oqib chiqadi.”
Yuhanno 7:37-38
Bu sovgʻa barcha chanqaganlarga vaʼda qilingan (nafaqat yahudiylarga, boshqalarga ham). Chanqayapsizmi? (Bu yerga qarang). Agar Zamzam qudugʻidagi suv ulugʻ neʼmat boʻlsa, Masih suvini ichib koʻrish kerak, axir u yurak chanqogʻini qondiradi.